
Ruben Amorim "Manchester Yunayted"dagi muvaffaqiyatsizliklarni jamoa ruhiyati bilan bog‘ladi
APLning 36-turida "Manchester Yunayted" o‘z maydonida "Vest Xem"ga mag‘lub bo‘ldi va jadvalda 16-o‘ringa tushib ketdi. Ushbu bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi o‘yin va mag‘lubiyatning asosiy sabablari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Men uchun eng xavotirli jihat — jamoada hammasi joyidadek tuyulishi. Go‘yoki mavqeimizni baribir o‘zgartira olmaymiz, shuning uchun vaziyat hech qanday xavotir uyg‘otmayapti. Bu — klubimizdagi eng katta muammo. Biz o‘zimizni kuchli klub deb his qilmay qo‘ydik va xuddi o‘z maydonimizdagi mag‘lubiyat oddiy narsaday qabul qilinmoqda. Menimcha, aynan shu — asosiy muammo.
— O‘zingizni qanday his qilyapsiz?
— "Manchester Yunayted" murabbiyi bunday vaziyatda o‘zini qanday his qilsa, xuddi shunday. Menga uyalish qiyin. Buni qabul qilish juda og‘ir. Har bir inson jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘lgan narsalar bor.
Hamma Evrokubok finali haqida o‘ylayapti, lekin bu hozirgi vaziyatda asosiy muammo emas. Bizda hal qilishimiz kerak bo‘lgan juda muhim masalalar bor va mavsum oxirida ko‘p narsani o‘zgartirishimiz kerak.
Men madaniyat haqida gapirmoqchi emasman, ammo aytadigan bo‘lsam, bu kabi beparvolik katta klub uchun eng xavfli his.
Evropa Ligasida biz har doim yaxshi o‘ynamagan bo‘lsak-da, kurashchan bo‘lyapmiz. Yutqazish mumkin emasligini tushunamiz, g‘alaba zarurligini his qilamiz. "Atletik"da futbolchi maydondan chiqarilsa, bundan foydalanamiz, diqqatimiz to‘liq o‘yinga qaratilgan. Ammo Premer-liga o‘yinlarida bunday emas — ba’zida jamoa puxta tayyorgarliksiz tushadi. G‘alaba bizga shartdek tuyulmayapti. Shuning uchun ham jamoa ruhiy jihatdan qiynalmoqda.
Bunga aniq izoh yo‘q va buning uchun eng katta javobgarlik mening zimmamda. Yozda ko‘p narsani o‘zgartirishimiz kerak.
— Bu o‘zgarishlar tarkibda bo‘ladimi?
— Bilaman deb ayta olmayman va futbolchilar haqida gapirishni ham xohlamayman. Men o‘zim haqimda gapiryapman. Klub va jamoa madaniyati haqida. Biz aynan shu jihatni o‘zgartirishimiz kerak. Yozda haqiqiy kuchli va jasur jamoaga aylanishimiz lozim. Keyingi mavsum bu yilgi kabi boshlanmasligi kerak. Agar bu his tugallanmasa, boshqalarga o‘rin berganimiz ma’qul.
Ochig‘i, final meni hech qiynamayapti. Bu hozir klubdagi eng muhim muammo emas. Biz ancha jiddiy masalani o‘zgartirishimiz kerak, — dedi "qizil iblislari" mutaxassisi.
Eslatib o‘tamiz, manchesterliklar 21 maydan 22 mayga o‘tar kechasi Evropa ligasining final bosqichida "Tottenxem" bilan kuch sinashadi.
Fikrlar