
Ro‘ziqul Berdievning Turkiya safari, olimpiya terma jamoasi va "Nasaf"dagi taqdiri haqida
«Nasaf» klubining bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev yaqinda Turkiyada bo‘lib qaytdi. U erda «Beshiktosh» klubida amaliyot o‘tadi. Bundan tashqari, Berdiev masalasida oxirgi paytlardagi mish-mishlar ham ancha ortgandi. Ya’ni, uning «Nasaf»ni tark etishi va boshqa klubda faoliyatini davom ettirishi borasida gap-so‘zlar tarqaldi. Biz esa ushbu maqola orqali barchasiga oydinlik kiritdi. Avvalo murabbiy Turkiya safari haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Biz «Pro» litsenziyasiga o‘qiyapmiz. Shu bois uning talablaridan biri albatta xorij klublaridan birida amaliyot o‘tishingiz kerak, - deb gap boshladi, Berdiev. - Bizga Turkiyaga borib malaka oshirish imkoniyati bo‘ldi. Men, Ja’far Irismetov va Jasur Abduraimov uchalamiz «Beshiktosh» klubida bo‘ldik. Klubning infrastrukturasi bilan tanishdik. «Beshiktosh» bosh murabbiyi Abdulla Avchi bilan suhbatda bo‘ldik. U Turkiyada taniqli murabbiylardan hisoblanadi. Klubda esa bizga barcha imkoniyatlarni yaratib berishdi. Klubning «Kasimpasa» bilan o‘yinini stadionda ko‘rdik. Stadiondagi muhit, tashkiliy ishlar a’lo darajada. Turkiyada ham futbolni juda yoqtirishadi. Biz esa o‘yinning sifati va darajasiga ko‘proq e’tibor qaratdik. «Beshiktosh» faqat Turkiyada emas, balki Evropada ham o‘z o‘rniga ega. Shuningdek, klubning mashg‘ulotlarini ham kuzatib bordik. Mashg‘ulotlardagi yo‘nalish o‘zimiznikiga o‘xshaydi. Faqat ko‘rsatmalarda farq qilishi mumkin. Ularning o‘yindan keyingi mashg‘ulotlarini kuzatdik. Tiklanish jarayoni qanday, qanaqa sharoitda shug‘ullanayotgani, maydonlarning holati, hammasidan o‘zimiz uchun kerakli jihatlarni oldik. Bosh murabbiydan esa futbolga o‘zining qarashlari qanday ekanligi haqida so‘radik. Ularda legionerlarga katta e’tibor berishadi. Ko‘p jamoalarida yulduz o‘yinchilari bor, ular bilan ishlash ham oson emas. Xullas, Abdulla Avchi bilan suhbatda ko‘p masalalarga oydinlik kiritdik. To‘g‘risi, u erda legionerga bo‘lgan extiyoj ham katta. Ba’zi klublarda esa 10 ga yaqin legionerlar o‘ynashyapti. Nega bunchalik ko‘p deb qiziqib so‘raganimizda, legionerlarning ko‘pligi klubning imidjiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Ayiqsa, marketing tomondan foyda olisharkan. Bundan tashqari, «Beshiktosh»ning futbol akademiyasiga ham bordik. Albatta, u erda ham sharoitlar yuqori darajada. To‘g‘ri, bizda ham akademiyalar bor, ammo sharoitlar hali bu darajada emas.
Ayni paytda O‘zbekistondagi eng yaxshi futbol akademiyalaridan biri «Nasaf»ga tegishli ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki har yili u erdan yangidan-yangi iqtidorlar kashf qilinayotganini ko‘p ko‘ramiz. Ro‘ziqul Berdiev esa «Beshiktosh» akademiyasini ko‘zdan kechirgan chog‘ida o‘z-o‘zidan «Nasaf»dagi akademiyasi bilan solishtirish imkoniyati paydo bo‘ldi…
- To‘g‘risi, ularning akademiyasini kuzatgan chog‘imdagi o‘zimizdagi akademiyadagi kamchiliklarimiz menga ayon bo‘ldi, deya – munosabat bildirdi, Berdiev. – Avvalo akademiyadagi murabbiylarning mashg‘ulot o‘tkazish jarayoniga alohida e’tibor qaratishadi. Keyin yoshlarning selektsiya ishlari bilan shug‘ullanishiga jiddiy qarashadi. U erda har bir yoshdagi bolalarning mashg‘ulot o‘tkazishiga qarab yuklamalar taqsimalanadi. Yaxshilab qarasak, bizdagi kamchiliklar ko‘rinib qolar ekan. Har doim futbolchilarning sog‘ligi tekshirib turilarkan. Bundan tashqari, ularning eb-ichishlariga ham katta e’tibor berishadi. Chunki bolalarning nimani iste’mol qilishi ham muhim masala. Akademiya direktori bilan gaplashganimizda murabbiylarning bilimi va malakasi juda muhim hisoblanar ekan. Bilasizmi, ularda bir futbolchi faoliyatini tugatdimi, endi u ertaga yoshlarga murabbiylik qiladi, degan tushuncha yo‘q ekan. Akademiyaga taklif qilishdan oldin murabbiylik bilimi va saviyasiga jiddiy qarashadi. O‘zimizniki bilan taqqoslaganda, ayrim murabbiylarning malakasi etarli emasligi ko‘rinib qoladi. Ularda ham tashkiliy masalalar juda yuqori darajada ekan. Futbolchilarning ovqatlanishi, tiklanish jarayonlari, mashg‘ulot o‘tkazadigan joylar, umuman hammasi qattiq nazoratga olinadi. «Nasaf»da mashg‘ulot o‘tkazish uchun yaxshi sharoitlar bor. Lekin ko‘plab jamoalarimiz bunday sharoitlar etarlicha emas. Turklar esa aslida bunday jarayonlar oddiy narsalar bo‘lishi kerak deyishadi. Ya’ni, ular yaratilgan yaxshi sharoitlarga shunchaki oddiy qarashadi. Masalan, biz akademiyamiz zo‘r deb gapiramiz-u, biroq aslida ham bunday holatlar futbolda oddiy bo‘lishi kerak bo‘lgan holatlar. Ularning bazasida 4-5 ta sun’iy va tabiiy maydonlari, sport zallari, basseyn va yana boshqa narsalari bor. Ular uchun esa bu oddiy. Boya «Beshiktosh»ning «Kasimpasa» bilan o‘yinini ko‘rganimiz haqida aytgandim. O‘zimizning futbol bilan solishtirganimda balki jismoniy tomondan ulardan kuchsizroq bo‘lishimiz mumkin. Lekin texnik tarafdan o‘zbek futbolchilari ulardan yuqoriroq. Shuningdek, turkiyaliklar legionerlarning individual mahoratlariga ham ko‘proq suyanishadi. Bundan tashqari, Turkiyada marketing darajasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va klublari moliyaviy tomondan ham boy hisoblanishadi. Katta-katta homiylari klublar yoki federatsiyaga yaxshigina pullarni ajratishadi. Televidenie ham jamoalarga katta mablag‘larni ajratishadi.
Berdiev aytganidek, u «Nasaf» akademiyasini ularniki bilan o‘zaro taqqoslab ko‘rdi va bu borada ayrim kamchiliklarni ham payqadi. Biroq shuni ham alohida aytish joizki, ayni paytda baribir «Nasaf» akademiyasi iqtidorlarni kashf qilish bo‘yicha yurtimizda etakchi hisoblanadi. Masalan, yanvar oyida U-23 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi va unda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga «Nasaf»dan 10 nafar futbolchilar chaqirilgan. Bu esa «Nasaf»da ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligidan dalolat.
- Akademiyamiz haqida iliq so‘zlarni aytganingiz uchun rahmat. Oxirgi yillarda klubning olib borgan siyosati tufayli biz bu borada o‘sishga erishdik. Chunki yoshlarga ko‘proq e’tibor berib, ularning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlari talab qilindi. Natijada ko‘plab o‘yinchilarimiz ko‘zga ko‘rinib qoldi. Agar imkontiyatlarimiz yuqori bo‘lib, tarkibga tajribali futbolchilar yoki legionerlarni olib kelganimizda hozirga kelib bu yoshlarimiz ko‘zga ko‘rinishmagan bo‘lardi.
Berdiev ham olimiyachilarimizni kuzatish marosimida bevosita ishtirok etdi. Qolaversa, tarkibda ko‘plab uning shogirdlari ham jalb etilgan. Endi barchaning e’tibori olimpiya terma jamoamizga qaratiladi. Bu borada esa Ro‘ziqul Sa’dullaevich terma jamoamizning imkoniyatlari borasida gapirdi.
- Olimpiya terma jamoamizga «Nasaf»dan 10 nafar futbolchining chaqirilgani bizni xursand qiladi. Agar Ilhom Alijonovni qo‘shib hisoblasak, ularning soni 11 tani tashkil qiladi. Chunki Alijonov akademiyamizdan chiqqan va keyin «Navbahor»ga ketgan. Umuman olganda, o‘zbek futboliga ozgina bo‘lsa-da, foydamiz tegayotganidan xursandmiz. Vakillarimizning Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlarini hammamiz kutib turibmiz. Ko‘pchilik esa terma jamoamizni qiyin guruhga tushib qolganligi haqida gapirishyapti. Ammo men bunday demagan bo‘lardim. Chunki hozirgi futbolchilarning imkoniyatlarini chamalaydigan bo‘lsak, biz kuchli tarkibga egamiz. E’tibor bersangiz, tarkibdagi barcha futbolchilarimiz Superligada o‘z klublarida muntazam ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishgan. Shuningdek, oxirgi paytlarda terma jamoamiz kuchli raqiblar bilan ham yaxshi o‘ynashdi. Murabbiy sifatida men bu terma jamoamizga juda ishonyapman. Eron, Janubiy Koreya yoki Xitoy bizning raqibimiz bo‘lsa-da, lekin «o‘lim guruhi» deyish noto‘g‘ri. Chunki bizning tarkibimizga qarang, aksincha ular jamoamizdan qo‘rqishlari kerak. Terma jamoaga taklif qilingan barcha o‘yinchilarning imkoniyatlari va ularning nimalarga qodirligini yaxshi bilaman. Shu bois bu termadan ko‘p narsani kutsa bo‘ladi.
Hamma vaqt Berdiev terma jamoa manfaatini klub manfaatidan ustun qo‘yib kelgan. Mana, «Nasaf»dan 10 ta futbolchi terma jamoa bilan ketgan bo‘lsa, lekin klub bosh murabbiyi sifatida bundan ko‘proq Berdiev jabr chekadi. Chunki «Nasaf»ning qishki yig‘ini boshlandi, ammo asosiy tarkib mavjud emas. Qiziq, Ro‘ziqul Sa’dullaevich bu vaziyatdan qanday chiqib ketarkin?
- Bu yil chempionatimiz biz uchun bir tekisda kechmadi. Lekin O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan bizning jamoamizga katta e’tibor qaratildi. Mavsum davomida yigitlarimga bir gapni ko‘p aytdim: mayli, chempionatda biz pastki o‘rinladan birini egallarmiz, biroq olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi har doim birinchi o‘rinda turadi. Agar terma jamoamiz Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritadigan bo‘lsa, bu klubimiz uchun ham, men uchun ham katta yutuq bo‘ladi. Mavsum davomida ham futbolchilarimizni bir necha bor o‘quv yig‘inlariga olib ketishdi. Balki bu boshqalarga qiziq emasdir. Ularning terma jamoa yig‘inidan qanday holatda qaytishlariga ham ko‘p narsa bog‘liq. Bu esa jamoamizning bir tekisda o‘ynashiga imkoniyat bermadi. Aslida biz chempionatda bundan ham yaxshiroq o‘rinni egallashimiz mumkin edi. Lekin butun mavsum davomida ham bizning va futbolchilarimizning asosiy e’tiborlari olimpiya terma jamoasiga qaratilgandi. Chunki bizning 5-o‘rinni egallashimizdan ham ko‘ra olimpiya terma jamoamizning muvaffaqiyatli ishtirok etishi muhim. Umid qilamanki, terma jamoamiz Osiyo chempionatida oxirigacha, ya’ni, 26 yanvar kunigacha etib borishadi. So‘ng musobaqadan qaytib kelishgach, yigitlarga dam beramiz. Keyin esa fevral oyiga asosiy e’tiborimizni qaratib, butun tarkib bilan Turkiyada yoki boshqa joyda jiddiy yig‘in o‘tkazamiz. To‘g‘ri, hozirda asosiy tarkib a’zolarisiz shug‘ullanishimiz menga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Biroq yigitlarimiz anchadan beri birga o‘ynab kelishyapti. Shu bois yangi mavsum boshlangunigacha bir-birini tushunish holati muammo tug‘dirmaydi. Biz esa terma jamoamizning Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun barcha narsaga tayyormiz.
Shu o‘rinda bosh murabbiy «Nasaf»ning yangi mavsum uchun rejalari qandayligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
- 28 dekabrga qadar Qarshida shug‘ullanamiz. O‘sha kuni esa Toshkentda «Bunyodkor» bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazamiz. Shundan so‘ng yangi yildan keyin yana o‘zimizda yig‘in tashkillashtiramiz. Fevral oyida esa Turkiyada yig‘in o‘tkazmoqchimiz.
Yana bir asosiy masala shundaki, oxirgi paytlarda Ro‘ziqul Berdievning «Nasaf»dan ketishi mumkinligi borasidagi gap-so‘zlar ko‘payib ketgandi. Ayniqsa, uning «Navbahor» boshqaruvini o‘z qo‘liga olishi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Shu fursatdan foydalangan holda uning o‘zidan ushbu masalaga ham oydinlik kiritishini so‘radik.
- Yashirib nima qilamiz, chindan ham menga «Navbahor» jamoasidan jiddiy taklif bo‘ldi. Lekin men bunga aniq javob bermadim. Chunki jamoam menga ishonishda davom etsa, «Nasaf» bilan ishimni davom ettirish niyatim borligi haqida aytdim. Bor gap shu.
Demak, «Navbahor» ushbu mutaxassisni olib kelishga qattiq harakat qilgan. Ammo nima uchun Berdiev namanganliklarning taklifiga jiddiy qaramadi? Bu borada uning o‘zi shunday dedi:
- Jiddiy qaramaganimning sababi, yana o‘z jamoamda ishlashni xohlaganim bilan bog‘liq. Bilasiz, «Nasaf»da ko‘p ishlarni qildik, yoshlarni shakllantirdik. Klubda esa yana qiladigan ishlarimiz bor va ularni bajarishimiz kerak.
Shuningdek, «Nasaf»ning bir qator iqtidorli futbolchilariga takliflar borligi haqida ham eshitmoqdamiz. Ro‘ziqul Berdiev esa Aziz G‘aniev, Sharof Muhitdinov kabi o‘yinchilarning xorijda o‘ynashini ko‘proq istayotgani haqida oldin ham aytgandi…
- Bizning ko‘plab futbolchilarimizga jiddiy takliflar bo‘lyapti. Lekin ularning shartnomalari bor. Shu bois hammasini klub hal qiladi. Ko‘proq keyingi yili «Nasaf»ning oldiga qanday maqsad qo‘yilishiga bog‘liq. Ayni paytda esa tarkibimizda legionerlar shug‘ullanishyapti, ularni agentlar jo‘natishgan. Barchasi faqat ko‘rikda bo‘lib turishibdi. Biz oladigan bo‘lsak, asosan kuchliroq legionerlar kerak bo‘ladi. O‘rtamiyonalardan ko‘ra o‘zimizning yoshlar o‘ynagani yaxshi. Akademiyamizdan yana yangi iqtidorlar etishib chiqmoqda. Ularga ham e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi, - dedi Berdiev.
Fikrlar