
Ro‘ziqul Berdiev "Paxtakor"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
4 dekabr kuni Samarqandda O‘zbekiston kubogi final bahsi o‘tkaziladi. Bugun uchrashuvdan oldingi matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanining ikkinchi qismida "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdiev, futbolchilar Husain Norchaev va Oybek Bozorov ishtirok etdi.
Ro‘ziqul Berdiev: “Paxtakor” bilan mavsumni boshlagandik. Endi yakunlaymiz. Bu bejizga emas. Ikki jamoaning saviyasi bir xil. Ertaga jamoaning jismoniy holati yaxshi. Kubok uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Ikki jamoada ham yosh futbolchilar juda ko‘p. Ertaga ularga imkoniyat beriladi. Albatta, ularning tajribasi katta emasdir. Biroq yoshlar o‘zlarini ko‘rsatishiga umid qilamiz.
“Nasaf” mavsumda ko‘p o‘yinlar o‘tkazdi. Mavsum boshida jamoa oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yilmagandi. Qolaversa, jamoada yo‘qotishlar bor edi. Kamchiliklar ham. Bular faqat gol o‘tkazib yuborganda emas, raqibga imkoniyat bermoqdamiz. Bu tarkibda kuchli futbolchilar kamligida.
Rahbariyat bilan futbolchilarni saqlab qolish borasida gaplashdik. Bu borada klub rahbarlari jamoa etakchilarini saqlab qolish bo‘yicha kelishib olganmiz. Ularning rejalari bor. Keyingi mavsum oldidan tarkibimizga kuchli futbolchilarni ham qo‘shib olmoqchimiz.
Ruhiy tayyorgarligimiz yaxshi. Ortiqcha ruhiy bois ham ortiqchalik qilishi mumkin. Jamoa ertangi o‘yinga tayyor.
Albatta, “Lokomotiv” bilan uchrashuvda o‘rin egallash muhim edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra bu amalga oshmadi. Ertaga futbolchilarim borini beradi. Shogirdlarim ko‘p mehnat qilishdi.
Oybek Bozorov: Jamoada barchasi yaxshi. Muhim o‘yinga tayyorgarlik ko‘rdik. Superliga yakunlangach hordiq chiqarish imkoni bo‘ldi. Uchrashuvga barcha shay holatda.
O‘yinimda pasayish? Men unday deb o‘ylamayman. Chetdan qaraganda shunday ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin men bunday demagan bo‘lardim.
Yarim himoyachilar gollarga assistentlik qilishi, vaziyatlar yaratishi kerak. Balki kam gol urayotganim uchun shunday fikr paydo bo‘layotgandir. Umuman olganda, o‘yinim o‘tgan yilgiga qaraganda o‘zimga yoqyapti. Asosiysi, ertaga biz o‘z uyimizda o‘ynagandek harakat qilamiz. Muxlislarimiz ham ko‘proq bo‘ladi.
Bu o‘yinda "Paxtakor"dan ko‘ra bizda motivatsiya ko‘proq. Chunki jamoa chempion bo‘ldi. Biz ham mavsumni sovrin bilan yakunlashni istaymiz.
Husain Norchaev: Finalga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Muxlislar uchun kubokni qo‘lga kiritib, ortga yaxshi kayfiyatda qaytamiz. Kayfiyatimiz a’lo darajada.
Fikrlar