
Ro‘ziqul Berdiev: "Nasaf" bejizga Fair Play sovrinini qo‘lga kiritmagan
O‘zbekiston Superligasi 3-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Nasaf” (1:2) bahsidan so‘ng mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev uchrashuv borasidagi o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugun kuchli jamoaga qarshi bahs olib bordik. Qolaversa, ular o‘z maydonida harakat qilishdi. Raqibni yaxshi o‘rgangan edik. “Surxon” uzun paslar bilan o‘ynashini va standart vaziyatlardan yaxshi foydalana olishini bilar edik. Bunga tayyor edik.
Yigitlar diqqat-e’tiboni yo‘qotmasdan o‘ynashdi. Ko‘p vaziyatlar yaratdik, faqat ikkitasidan foydalana oldik. Asosiysi, kuchli raqib maydonida 3 ochkoga ega bo‘ldik.
- Bugungi hakamlik haqida nima deya olasiz?
- Hakamlar o‘yinni juda yaxshi boshqarishdi. Hech qanday xato bo‘lmadi deb o‘ylayman. Kichik xatolar bo‘lsa, ular albatta ko‘rib chiqiladi.
- “Nasaf” odatda to‘liq 90 daqiqa toza o‘ynaydi. Ammo bugun vaqt cho‘zishlar ham bo‘ldi...
- Biz har doim yigitlarga toza o‘ynashni o‘rgatib kelganmiz. Bejizga har mavsum Fair Play sovrini bizga topshirib kelinmaydi. Futbolda har xil ayyorliklar bo‘ladi. Lekin g‘alaba qozonish uchun barcha narsani bilish lozim. O‘ylaymanki, biz yotib olib, o‘yinni cho‘zmadik. Futbolchilarimiz g‘alabaga loyiq o‘ynashdi. To‘g‘ri, mazmunli o‘yin ko‘rsatmagandirmiz, lekin yakkakurashlarda “Surxon”ga mag‘lub bo‘lmadik.
Fikrlar