
Ro‘ziqul Berdiev: Liga kubogini keyingi yili o‘tkazish borasida o‘ylab ko‘rish kerak
O‘zbekiston Liga kubogi chorak final bosqichidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" hamda "Nasaf" jamoalari o‘rtasidagi (1:0) o‘yindan so‘ng mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Qo‘qonliklarni g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin haqidagi aytadigan bo‘lsam, uchrashuv shiddatli tarzda o‘tdi. Jamoalar tomoshabop o‘yin namoyish etishdi. Natijadan ko‘nglim to‘lmadi, lekin futbolchilarimning o‘yinidan qoniqdim.
Bugun bizga omad ham kelmadi. Vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Mana shu omillar yakunda yutqazishimizga sabab bo‘ldi. Liga kubogi musobaqasi futbolchilarning o‘yin amaliyotini ushlab qolish maqsadida tashkil qilingan deb bilaman. Hozirgi turnir jamoalarga xech narsa bermagani, turnirni ikkinchi darajali bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Musobaqani keyingi yili o‘tkazish borasida o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Bu turnirni jiddiylashtirib, musobaqaga bo‘lgan qiziqishni oshirish kerak deb o‘ylayman. Biz asosiy e’tiborimizni chempionat va O‘zbekiston kubogi o‘yinlariga qaratganmiz.
Hozirgi kunda futbolimizda kerakli joyda paydo bo‘ladigan, vaziyatdan unumli foydalanadigan hujumchilar juda kam. Shahboz Erkinov ana shunday o‘yinchilar sarasiga kiradi. Bugun ham u aynan shu jihati tufayli darvozamizni ishg‘ol etdi va Qo‘qonliklarga muhim g‘alabani taqdim etdi", - deb Berdievning so‘zlarini keltirib o‘tdi Qo‘qon klubi matbuot xizmati.
Fikrlar