
Ro‘ziqul Berdiev hakamlik, finalda kim favoritligi va Bozorovning jarohati haqida gapirdi
O‘zbekiston Kubogi yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Nasaf" - AGMK (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Fursatdan foydalanib, barchani final bilan tabriklamoqchiman. Boisi, muxlislarimizning stadiondagi yordami juda katta bo‘ldi. O‘ylaymanki, bugungi g‘alabamiz bilan ularga haqiqiy quvonch ulashdik. Bundan xursandmiz. Finalda ham ishqibozlarni shod etish uchun borimizni berishni maqsad qilganmiz.
Bevosita o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, bellashuvni yaxshi boshladik, ko‘plab hujumlar yaratdik. Ammo raqib gol urgan vaziyatda biroz e’tiborsizlikka ham yo‘l qo‘ydik. Shuning uchun AGMKning haqiqatan ham ancha kuchli jamoa ekanlinigi e’tirof etish lozim. Ikkinchi taymdagi o‘zgarishlar orqali o‘yinimizni yaxshilay oldik va yakunda g‘alabani o‘zimizniki qildik".
- "Nasaf" 7 ta finaldan 2 tasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Buxorodagi o‘yindan ham umidimiz katta...
"Albatta, futbolchilar, murabbiylar, muxlislar - barchamizning maqsadimiz shu - kubokni qo‘lga kiritish. Boya ta’kidlaganimdek, buning uchun borimizni beramiz".
- Siz uchun raqib "Navbahor" bo‘lgani ma’qulmi, yoki "So‘g‘diyona"?
"Ularning har ikkisi kuchli jamoa. O‘ylaymanki, munosib klub finalga yo‘l oladi".
- Bugungi uchrashuv hakamlariga e’tirozingiz bormi?
"Yo‘q, menimcha hech qanday xatolik bo‘lmadi. Chunki vaziyatlarni ko‘rib chiqib, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishdi deb o‘ylayman. O‘tgan o‘yindagi kabi vaziyatlar bugun osonlikcha hal qilindi".
- So‘nggi paytlarda "Nasaf" himoyachilari gol urishda ko‘p faollik ko‘rsatyapti, hujumchilar-chi?
"6 ta himoyachini maydonga tashlanganingizdan keyin birortasi gol urishi kerak-da! So‘nggi vaqtlarda asosan natija uchun o‘ynayapmiz. Zamonaviy futbolda bo‘yi baland himoyachilar ancha asqatadi. Shu sababli bunga ham alohida e’tibor qaratamiz".
- Bahrom Abdurahimov qachon maydonga qaytadi? Oybek Bozorov-chi?
"U mashg‘ulotlarga qaytgan. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda Bahrom bizga yana yordam bera oladi. Oybek masalasi biroz jiddiy, mushaklari jarohat olgan. Lekin suyagi hech qanday lat emagan ekan. Kechagi mashg‘ulotda u AGMKga qarshi bahsda o‘ynay olmasligini ma’lum qildi. O‘ylashimcha, Bozorov keyingi bellashuvgacha qaytadi".
- Sherzod Nasrullaev va Dilshod Saitov 55 daqiqa harakat qildi. Demak, ularning o‘yinidan qoniqmabsizda...
"Bilasiz, bu sxemada harakat qilgan paytimizda qanotni aynan ular yopishiga to‘g‘ri keladi. Sherzod va Dilshod so‘nggi bellashuvlarda qanot yarim himoyachisi pozitsiyasida o‘ynamoqda. Shuning uchun ham ularning charchagani ko‘rinib qoldi. Hatto Saitovning o‘zi bu haqda aytdi. Menimcha, Sharof hamda Zafarmurod o‘yinga yaxshi qo‘shilib keta oldi".
- Kubok o‘yinlarida Umidjon Ergashevga imkoniyat beryapsiz. Buning sababi nimada?
"Ikkita darvozabonimiz MTJ va OTJ a’zosi hisoblanadi. Shuning uchun ularning har ikkisiga imkoniyat berishim kerak. Bundan tashqari, "So‘g‘diyona"ga qarshi bellashuvda Abduvohid kichik xatoga yo‘l qo‘ydi. Shu sababli ham Ergashevni maydonga tushirishga qaror qildik".
- Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, "Nasaf" mehmondagi o‘yinlarda yaxshiroq harakat qiladi. Final Buxoroda bo‘lishini inobatga olsak, "ajdarlar"ni favorit deya olamizmi?
"Qarshidagi uchrashuvlarda aksariyat jamoalar himoyaviy futbol namoyish etadi. Bu bizga qiyinchilik tug‘dirishi aniq. Shuning uchun ba’zida shoshilamiz, ba’zida asabiylashamiz. Bu tabiiy holat. Safardagi bellashuvlarda esa raqiblar ko‘proq hujum uyushtirishga harakat qiladi va ochiq zonalardan foydalanishga harakat qilamiz".
Fikrlar