“Rostov” daromad olishi uchun Shomurodov Italiyada gol urishi kerak

  • 24 noyabr, 2020, 15:55
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

A Seriyaning navbatdagi turida “Jenoa” safar uchrashuvida “Udineze”ga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.

Tecno

Teng kurashlar ostida o‘tgan bellashuvning so‘nggi daqiqalarida genuyaliklar hujumchisi Janluka Skamakka hisobni tenglashtirgan edi. Avvaliga golni hisobga olgan hakam, videoassistentlar xabaridan keyin uni bekor qildi. VAR mutaxassislari videotakrorda Skamakka hal qiluvchi zarbani berayotganida o‘yindan tashqari holatda ekanini isbotladi.

Genoa_disperato_Thumb_HighlightCenter237451

“Jenoa”ning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov uchrashuvning 69-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Jarohatidan to‘liq tiklangan hamyurtimizga o‘zini ko‘rsatish uchun murabbiy taqdim qilgan vaqt kamlik qildi. Shu tariqa, Eldor A Seriyadagi uchinchi uchrashuvida ham maydonni birorta samarali natijasiz tark etishga majbur bo‘ldi.  U harchand harakat qilmasin, jamoa o‘yiniga qo‘shilib keta olmayapti. Mutaxassislar Genuya jamoasining o‘yin uslubi Shomurodovga mos emasligini ta’kidlay boshladi. Bunga “Jenoa”ning himoyaviy uslubda o‘ynayotgani sabab bo‘lmoqda.  

Qolaversa, “Jenoa” chempionatda eng kam gol urgan ikki jamoadan biri hisoblanadi. Genuyaliklar tarkibida mahoratli hujumchilar borligiga qaramay, sakkizta o‘yinda atigi ettita to‘p kiritilgan. Shu o‘yinlarning teng yarmida “Jenoa” vakillari raqib darvozasiga umuman yo‘l topa olmagan. Ettita goldan to‘rttasi bitta o‘yinda urilgan.  

Xullas, “Jenoa” qo‘llayotgan o‘yin uslubi Eldor  shu paytgacha to‘p surgan jamoalarnikidan keskin farq qiladi. Bu yog‘iga o‘zbek futbolchisi italiyaliklarga tezroq moslashishi kerak. Chunki butun bir jamoa bitta legionerga moslashmaydi-ku.

Eldor Shomurodovning gol urishidan nafaqat o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlari, balki “Rostov” klubi ham manfaatdor. Xabaringiz bor, Eldor Shomurodov transferi uchun genuyaliklar 7,5 million evro to‘lagan. Shuningdek, 1,5 million evro miqdorida bonus va  keyingi transferdan 15 foiz ulush ham va’da qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, rostovliklar 1,5 million evrolik bonusni olishi uchun Eldor Shomurodov “Jenoa” tarkibida ma’lum miqdorda gol urishi shart. Hozircha hamyurtimiz buni uddalay olgani yo‘q. Qolaversa, to‘purarlik mahoratini namoyish eta olmayotgan hujumchini keyingi transferi ham muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Demak, Shomurodov gol urmas ekan, “Rostov” o‘zi kutayotgan daromadning bir qismida quruq qoladi.

Umuman olganda, Eldor 2020 yil hisobidan atigi uchta gol urdi. Rossiya chempionatida o‘ynab yurgan paytda o‘tgan mavsumda, aniqrog‘i 29 fevralda “Axmat” darvozasini aniq nishonga olgandi. Keyin sentyabrda rostovliklarning Evropa ligasidagi ilk uchrashuvida “Makkabi Xayfa” posbonini o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur qildi. Nihoyat, O‘zbekiston milliy terma jamoasining oktyabrdagi o‘yinida Eronga ham gol urdi.

Italiya futbolidagi gollari hali oldinda ekaniga umid qilamiz. Hozircha, Eldor o‘zi tep tepgan o‘yinlarda birorta qulay vaziyatga ham ega bo‘lmaganini tan olish kerak. Uchta uchrashuvda ishtirok etgani bilan birortasida to‘liq o‘ynamadi. Garchi samarali natijalar qayd etmagan bo‘lsa-da, biror bir qo‘pol xato qilib, o‘yinni buzib ham qo‘ygani yo‘q.

1603990452_tvbpttiunycfneypjwaerakooh5xn8oa

Endi “Jenoa” navbatdagi uchrashuvni 30 noyabr kuni “Parma”ga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv genuyaliklar maydonida bo‘ladi. Balki Eldor shu uchrashuvda gol urar. Chunki “Parma” ham “Jenoa” singari ko‘p gol o‘tkazadigan jamoaga aylanib qolgan.

Eldor o‘yinga tayyor!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!