Rossiyada Shomurodovni eslab qolishdi...
Rossiyalik taniqli futbol sharhlovchisi Gennadiy Orlov Sport24 nashriga bergan intervyusida sobiq ittifoqi hududidan etishib chiqqan eng zo‘r futbolchilar haqida gapirib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovni ham esga oldi.
Sports.uz portali ushbu qisqa suhbatni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- Siz uchun sobiq ittifoq hududidagi eng yaxshi o‘yinchi kim?
- Birinchi navbatda, Andrey Shevchenko. U Kievdan. Shevchenko “Milan”ning lideri bo‘lgan, “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan. Unga teng keladigani yo‘q. Boshqalar undan keyin turadi.
- Hozirda o‘ynayotganlar orasida eng yaxshisi kim?
- Yaqinda “Qayrat”ning o‘yinini ko‘rdim. U erda 17 yoshli yigit Dastan Satpaev bor, zo‘r o‘yinchi! U allaqachon “Chelsi” bilan shartnoma imzolagan.
Yana Eldor Shomurodovni ham aytaman. U “Rostov”da o‘ynagan davrlarda men uning Rossiyadagi hujumchilar orasida eng zo‘r futbol intellektiga ega o‘yinchi ekanligini aytgandim.
Keyin Shomurodov “Roma”da o‘ynadi va mening haqligim isbotlandi.
Nurali Alip ham Rossiyada o‘ynayapti. Men doim shunday futbolchilar kerak deyman. Ha, albatta, unga koordinatsiya va chaqqonlik etishmaydi, lekin u kurashuvchan o‘yinchi. Futbolda esa xarakter va kurash eng muhimi. Alip maydonga tushganda, albatta, xatolar bo‘ladi, lekin u “Zenit”da o‘ynashga loyiqligi ko‘rinib turibdi, bu esa Rossiya futboli etakchilaridan biri bo‘lgan jamoa.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov O‘zbekiston chempionatida “Mash’al” va “Bunyodkor” klublari sharafini himoya qilganidan keyin 2017 yili Rossiya Premer-ligasining “Rostov” klubiga ko‘chib o‘tdi.
Mashhur murabbiy Valeriy Karpin qo‘l ostida Eldorning hujumchi sifatida yangi qirralari ochildi. Hamyurtimiz uch yil davomida “Rostov” safida umumiy 91 ta o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini jami 18 marotaba ishg‘ol qildi, 12 ta assist qayd etdi va olti marta ogohlantirish oldi.
Eldor Rossiya Premer-ligasidagi faoliyati davomida quyidagi jamoalarga gol urgan:
“Tosno”, “Krasnodar” va “Lokomotiv”ga 2 tadan, “Spartak Moskva”, “Orenburg”, “Arsenal Tula”, “Ural”, “Krilya Sovetov”, “Rubin”, “Tambov”, “Dinamo Moskva” va “Axmat”ga bittadan to‘p kiritgan.
Rossiya kubogida “Sizran-2003” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgan.
Evropa Ligasi saralash turnirida Isroilning “Makkabi Xayfa” jamoasi darvozabonini ham ojiz qoldirgan.
2020 yilning oktyabrida “Rostov” Eldor Shomurodovni Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa”ga qo‘yib yubordi. O‘zbek futbolchisi besh yil davomida “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” klublari sharafini ham himoya qildi.
2025 yilning yozida 30 yoshli hujumchi “Istanbul Bashakshehir” klubiga ko‘chib o‘tdi va Turkiya Superligasining joriy mavsumda 14 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 10 marotaba ishg‘ol qildi.
Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart
Superkompyuter O‘zbekistonning “JCh-2026”dagi imkoniyatini qanday baholadi?
Nuri Shaxin Shomurodov uni qanday hayratga solganini aytdi
Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?



Fikrlar