Rossiyada ovoza bo‘layotgan legionerimiz: "Yangi murabbiyning ham ishonchiga kirdim, O‘runov bilan unchalik aloqam yo‘q"

  • 26 avgust, 2022, 00:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya premer-ligasida to‘p surayotgan legionerlarimizdan biri Ibrohimxalil Yo‘ldoshev o‘tgan turda o‘yin qahramoniga aylangani barchamizni quvontirgani rost.

Tecno

O‘tgan turda “Nijniy Novgorod” safarda “Ural” bilan o‘ynadi. Legionerimiz tomonidan kiritilgan yagona gol esa “Nijniy Novgorod”ga mavsumdagi dastlabki g‘alabasini keltirdi. Asta-sekin Ibrohimxalil Rossiya chempionatida ovoza bo‘lib boryapti. Endi uni yanada ko‘pchilik kuzatishga tushdi.

Qolaversa, turning ramziy terma jamoasidan ham joy olyapti. Uni bunday quvonchli kuni bilan tabrikladik. O‘z navbatida Yo‘ldoshev Sports.uzga o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Bu mavsumdagi birinchi g‘alabamiz bo‘ldi. Bunga hissa qo‘shganimdan xursand bo‘ldim. Xudoga shukr, gol urdim va jamoamiz uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi. O‘tgan safar ham bu jamoa bilan yaxshi o‘yin bo‘lgandi va biz o‘shanda ham yutgandik, bu gal ham yutdik. Men ikkinchi bo‘limda maydonga tushdim va o‘yinni o‘zgartira oldim, deb ayta olaman. Chunki ikkinchi bo‘limda ko‘plab hujumlar uyushtirdik. Xudoga shukrki, urgan golim jamoamga g‘alaba keltirdi, - dedi legionerimiz.

yuldoshev3

O‘zga mamlakatda har qanday legionerimizning gol urishi va jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘shishi har birimiz uchun yoqimli va ayniqsa, bu kuchli chempionatlarda sodir bo‘lsa, yanada quvonchlidir. Yo‘ldoshev gol urganida ham shunday quvondik. Qiziq, uning o‘zi aynan gol urishini o‘ylaganmidi yoki...

- To‘g‘risini aytsam, gol urishimni kutmagandim. Eng qiziqarlisi, o‘tgan mavsumda ham shu jamoaga qarshi uchrashuvda eng yaxshi futbolchi maqomini olgandim. Bu safar ham aynan shu klub bilan uchrashuvda eng yaxshi o‘yinchi deb topildim. Garchi gol urishimni kutmagan bo‘lsam-da, buni menga Alloh nasib qilgan ekan.

Bilsangiz kerak, bu Ibrohimxalilning RPL chempionatida joriy mavsumdagi ilk goli emas. 4-turda safarda “Sochi”ga qarshi uchrashuvda ham hamyurtimiz gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat unda “Nijniy Novgorod” 2:1 hisobida yutqazib qo‘ygan. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, ikkinchi golini ham kiritishga erishdi. Xo‘sh, bu tasodifmi? Bunga futbolchimizning munosabati quyidagicha bo‘ldi:

yuldoshev4

- Gol urishim tasodifmi? Bilmayman. Hozir aytganimdek, Xudo nasib qildi. Nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Lekin shuni ayta olamanki, agar har qanday futbolchi gol urdimi, keyingi safar ham yana ishonchi ortadi. Masalan, “Sochi” bilan o‘yinda gol urdim va menda o‘zimga bo‘lgan ishonch oshdi. Keyingi o‘yinda ham yana gol uraman deb aytdim. Ya’ni, o‘zimda ishonch hosil bo‘ldi, demoqchiman. Har bir futbolchida gol urgach, yanada ishtiyoqi ortib boradi. Har bir o‘yinda niyatim gol urish. Chunki o‘tkazadigan har bir uchrashuvimizda murabbiy va muxlislarning ishonchini qozongim keladi. Shu bilan birga jamoamni yuqori o‘rinlarga chiqishida o‘z hissamni qo‘shgim keladi. Bu har bir futbolchining maqsadi. Bundan buyon ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishga va yana gollar urishga harakat qilaman.

Yana bir gap: futbolchimizni “Nijniy Novgorod” jamoasiga sobiq bosh murabbiy Aleksandr Kerjakov taklif qilgan. O‘tgan mavsumda uning qo‘li ostida to‘p surgan legionerimiz bu safar boshqa mutaxassis – Mixail Galaktionov bilan birga ishlamoqda. Yo‘ldoshev bu o‘zgarishga ham to‘xtaldi.

- To‘g‘ri, Kerjakovni shaxsan o‘zi o‘yinimni kuzatgan va yoqtirgani uchun jamoasiga chaqirgandi. Har bir murabbiyni o‘ziga xos taktikalari bo‘ladi. Aleksandr Kerjakovni hozirgi murabbiy bilan solishtirsam, ikkalasi ikki xil. Murabbiylarni o‘z xarakteri va uslublari bo‘ladi. Yangi murabbiyni ham ishonchiga kirdim, deb o‘ylayman. O‘rtamizda salbiy munosabatlar bo‘lmadi. Uni menga bo‘lgan munosabati yaxshi.

yuldoshev2

Yaqinda Moskvaning “Torpedo” klubiga yana bir hamyurtimiz Hojimat Erkinov ko‘chib o‘tgan. Yo‘ldoshev u bilan yoshligidan do‘st va birga to‘p surishgan. Tabiiyki, do‘stining ham Rossiya chempionatida to‘p surayotgani Ibrohimxalil uchun yoqimli bo‘ldi. Biz undan Erkinov va Oston O‘runov bilan munosabati haqida ham so‘radik.

- Ha, Hojimat Erkinov bilan ko‘rishdim. Chunki u bilan oldindan, akademiya paytidan beri birgamiz. Juda yaqinmiz, terma jamoada yig‘ilgan paytda ham bir-birimizdan maslahatlar olamiz. Rossiya chempionatiga o‘tganidan xursandman. O‘yinlardan keyin kamchiliklarimiz va qanday o‘ynayotganimiz xususida gaplashib turamiz. Telefon orqali suhbatlashamiz. Oston O‘runov bilan unchalik aloqam yo‘q. Bu degani o‘rtamizda nimadir bor deb ayta olmayman. Shunchaki, aloqa kamroq. Erkinov bilan esa ikkimizni agentimiz bitta, - deya javob berdi, Yo‘ldoshev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
26/08/2022 09:49
Офарин! Кийинги турларда ҳам, омад ёр бўлсин.