"Roma"ning Italiyadagi eng yaxshi klublardan biri ekanligi qaror qabul qilishimda asosiy rolni o‘ynadi" - Eldor Shomurodov ilk intervyusini berdi

  • 4 avgust, 2021, 05:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Roma” oilasining bir bo‘lagiga aylangan hamyurtimiz Eldor Shomurodov shu yo‘l orqali faoliyatida yana bir jiddiy qadamni tashladi.

Tecno

Hamma joyda uning Joze Mourino qo‘li ostida to‘p surish baxtiga muyassar bo‘lgani haqda yozmoqdalar. Futbolchimiz yangi klubidagi mashg‘ulotlarini boshlab yubordi.

Rimliklar Eldorni kecha rasman tanishtirganlaridan keyin, kutilganidek, darhol klub rasmiy sayti hamyurtimizdan dastlabki intervyuni oldi.

- Eldor Shomurodov, siz “Roma” o‘yinchisi sifatida o‘tiribsiz. Bu nimaga o‘xshaydi?

- Avvalo, shuni aytishim kerakki, ayni paytda biroz hayajonlanyapman. Men uchun bu oldinga tashlangan katta qadamdir. O‘z o‘yinimni ko‘rsatgan holda muxlislarni quvontirishga harakat qilaman.

- Siz Italiyadagi dastlabki debyut mavsumingizdayoq “Jenoa”dagi o‘yinlaringiz bilan barchada iliq taassurot qoldira oldingiz. Endi siz o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ya oladigan klub safiga qo‘shildingiz. Nimadan umid qilyapsiz?

- Ha, men uchun bu A seriyadagi debyut mavsum edi. O‘zimdan yaxshi taassurot qoldirish uchun harakat qildim. Shu vaqt davomida o‘z o‘yinim bilan hammada yaxshi fikr uyg‘otish harakatida bo‘ldim. Albatta, bir qancha vazifalarni yaxshi bajarganimni, shuning aksi o‘laroq, ayrim masalalarda biroz qoniqarsiz harakat qilganimni o‘zim juda yaxshi bilaman. Ammo o‘zimning A seriyadagi ilk mavsumimdan qoniqish hosil qildim, deya olaman.

shomurodov4

- Mavsumning ikkinchi yarmida o‘z statistikangizni ancha yaxshilay olganingiz rost. Qanday o‘ylaysiz, shunday darajada to‘p surishingiz sababi nimaga borib taqaladi?

- Darhaqiqat, bu mening Italiyadagi ilk mavsumim edi. Hammasiga ko‘nikishim uchun vaqt kerak bo‘lardi. Aftidan, buning sababi muhitga ko‘nikkanimdan bo‘lsa kerak. Aynan shu jihat o‘yinimdagi o‘sishning asosiy sababi, deb hisoblayman. Qolaversa, men jamoaning o‘yiniga moslasha oldim. O‘z navbatida, raqiblarning o‘yini borasida ham etarlicha ma’lumotga ega bo‘lib olgandim. Shu sababdan, mavsumning ikkinchi yarmida o‘yinimni ancha yaxshilab olgan bo‘lsam kerak. Nega deganda, men endi maydonga tushganimdan so‘ng, qanday o‘ynashim kerakligi va qanday yo‘l tutish yaxshi bo‘lishini teran his qilishga tushdim.

- A seriyada sizni hammasidan ko‘ra, nima ko‘proq hayratga soldi?

- A seriyada meni hammasidan ham ko‘ra, o‘yin sifati yuqori ekanligi hayratga soldi. O‘zim qarshi o‘ynagan jamoalarning darajasi ham maqtashga arzigulik. Yana meni hayratga solgan narsa o‘yindagi shiddat bo‘ldi.

shomurodov9

- Nima deb o‘ylaysiz, Rossiyaning “Rostov” klubida o‘ynaganingizga taqqoslaganda Italiyada qay darajada o‘zgara oldingiz?

- O‘zimga baho berishim juda qiyin. Bu ishni yaxshisi mutaxassislar va ishqibozlarga qoldirish kerak. O‘ylaymanki, o‘yinimga eng xolis bahoni ishqibozlar bera olishadi. Shuningdek, vaqt o‘tib borishi bilan o‘z o‘yinimni kuchaytirgan holda klubga iloji boricha maksimal darajada foyda keltira olishim mumkinligini ham his qilyapman.

- “Roma”dagi asosiy maqsadlaringiz nimalardan iborat?

- Eng avvalo, jamoamning sovrin va unvonlarga ega chiqishiga yordam bermoqchiman. O‘z navbatida, shu bilan birga duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etishga intilaman. Bu masalada bor kuchimni ishga solishga va’da beraman. Men yanada shakllanish uchun bor kuch-g‘ayratimni ko‘rsatishga bel bog‘ladim.

shomurodov2

- O‘tgan vaqt davomida hujum chizig‘ining turli pozitsiyalarida o‘zingizni sinab ko‘rishga ulgurdingiz. Sizga hammasidan ko‘ra, qaysi rol ko‘proq ma’qul keladi, deb o‘ylaysiz?

- Rostini aytsam, menga maydonning oldi qismida va qaysi nuqtasida bo‘lishidan qat’i nazar, hujum qilish yoqadi. Bunday pallada menga qaysi pozitsiyada bo‘lishning qizig‘i yo‘q. Istak bo‘lsa, maydon markaziga qaytib yarim himoyachilar yoki qanotlarda harakatlanadigan himoyachilar bilan o‘rin almashishim ham mumkin. Men uchun hammasidan ko‘ra, hujum qilish ko‘proq yoqadi. Hujum chizig‘ida o‘zimni qulay his qilaman.

- Xizmatingizga boshqa klublardan ham qiziqish yo‘q emasdi. Nima sababdan aynan “Roma”ni tanladingiz?

- Hammasidan ham ko‘ra, “Roma”ning Italiyadagi eng yaxshi klublardan biri hisoblanishi qaror qabul qilishimda asosiy rolni o‘ynadi. Shuningdek, meni o‘ziga jalb etgan yana bir qator ijobiy jihatlar ham bor. Yana takrorlayman: ko‘p narsa...men muxlislarning “Roma” uchun qanday jon chekishlarini  ko‘rdim. Boz ustiga avvallari “Roma” ishtirokidagi ko‘plab uchrashuvlarni tomosha qilganman. Shu sabab, klub haqida etarlicha ma’lumotga ega bo‘lganim uchun uni tanlashni ma’qul ko‘rdim. Hammasi juda tez ro‘y berdi. Ular meni sotib olishni istaganlarini bu masalada tez harakat qilganliklari bilan isbotlab bera oldilar. O‘z navbatida bu holat ham yakuniy qaror qabul qilishimda ijobiy holatlardan biri vazifasini o‘tadi. Endi esa mana “Roma” o‘yinchisi sifatida qarshinglarda o‘tiribman. O‘tishimning ikkinchi sababi shundan iboratki, doim yuqori maqsadlarni ko‘zlayman. Shunday ekan, bu tanlov meni har tomonlama qanoatlantirdi.

shomurodov5

- Siz “Roma” tarixida klub sharafini himoya qiladigan o‘zbekistonlik ilk futbolchiga aylandingiz. Bu orqali yurtingizdagi boshqa futbolchilar uchun ham qaysidir ma’noda yo‘l ochib berdingiz...

- Ha, men “Roma”dek klub safida o‘z mamlakatim sha’nini ko‘tara olishim mumkinligidan so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada g‘ururlanaman. Shuningdek, meni bugungi kunda yurtimdagi qanchalik ko‘p muxlislar qo‘llab-quvvatlab kelishlarini yaxshi bilaman. Yana shuni aytishim kerakki, Genuyaga kelgan paytimdayoq, ishqibozlar meni dadilroq o‘ynashim uchun zo‘r berib qo‘llab-quvvatlashga tushgandilar. Endi katta klub uchun o‘ynashni boshlaganimdan so‘ng, muxlislarning daldasi oldingidan ham ko‘ra ko‘proq bo‘lishini his qilib turibman. Bir so‘z bilan aytganda, bu men uchun ulkan sharafdir.

- Va so‘z oxirida muxlislarga nimalar deyishni istagan bo‘lardingiz?

- Barcha muxlislarga o‘zimning eng iliq tilaklarimni bildirib o‘tishni istayman. Jamoani qo‘llab-quvvatlashda va bizga ishonishda davom etinglar! O‘z o‘rnida biz sizlarni baxtiyor qilish uchun maydonga tushgandan so‘ng, qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishga va’da beramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!