"Repetitsiya tugadi, hamma sahnaga!" Yangi favoritlar, sirli jamoalar yoxud Superliga karvoni bizga qanday sarguzashtlarni tayyorlab qo‘ydi?

  • 1 mart, 2022, 05:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yurtimizga bahor fasli kirib kelishi bilanoq o‘zi bilan hamroh sifatida futbol mavsumini ham etaklab keladi. Siz bilan biz kutgan milliy chempionatimiz yana ostonamiz oldida. To‘g‘ri, vaqti kelsa, Superligamizni tanqid qilamiz, kamchiligini aytamiz, ammo baribir nima qilganda ham bu o‘zimizning chempionat. Agar ma’lum vaqt uzilish bo‘lsa, darrov qachon boshlanishini kutamiz. Qish ichi yangi mavsumga taraddud ko‘rildi, bu safargisi qanday bo‘larkin, degan gaplar bo‘ldi. Mana, endi hammasi start olish arafasida turibdi.

Tecno

27 fevral kuni “Paxtakor” bilan “Nasaf” O‘zbekiston Superkubogi orqali yangi futbol mavsumini boshlab berishdi. Endi esa butun boshli o‘zbek chempionati karvoni yo‘lga tushadi. Demak, yana qaynoq xabarlar, qaynoq fikrlar, “yondiradigan” matbuot anjumanlari, shiddatli o‘yinlar, tortishuvlar, hakamlar bilan bog‘liq vaziyatlar...xullas, oldimizda yana sarguzashtlarga boy bo‘lgan Superliga karvoni turibdi.

superliga1_2

2 mart kuni start oladigan milliy birinchiligimizdan umid katta. Ishoning, bu safargisi mutlaqo boshqacha qiyofa kasb etadiganga o‘xshayapti. Jamoalarimizning qishki tayyorgarligidan xabardorsiz. Kimni qaerda qanday shug‘ullangani, qanday selektsiya olib borganini endi bilasiz. Yangi mavsumda katta marralarni ko‘zlagan aksariyat klublar qishki yig‘inni kuchaytirilgan tartibda o‘tkazishdi va Turkiyada yig‘inda bo‘ldilar. Bunaqasi hali bo‘lmagan. Naqd 11 ta klubimiz Antaliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkil qildi. Rosti, bu safar chempionat autsayderlari borasida fikr yuritishga qiynalyapmiz. Holbuki, kamida ikkita jamoa Superligani tark etadi. Demak, o‘ta shiddatli kurashni taxmin qilavering.

Ko‘plab klublar bu yil boshqacha kayfiyatda. Aniqrog‘i, o‘z imidjini o‘zgartirishyapti, oldiga endi qo‘rqmasdan sovrindor bo‘lish maqsadini qo‘yishyapti. Shunga yarasha o‘zgarish va harakatlarni kuzatyapmiz, bunisi aniq. Endi “Paxtakor” yaqqol favorit emas, ishonavering! Bu bilan “Paxtakor” haqida negativ fikr bildirishdan yiroqmiz. Ammo amaldagi chempion o‘z kamarini himoya qilishi oson bo‘lmaydi. Unga jiddiy qarshilik ko‘rsatish payida bo‘lgan va chempionlikni tortib olishni ko‘zlayotgan jamoalar soni ko‘paymoqda. Bu esa siz bilan bizga juda qaynoq intrigani hozirlab qo‘ygani aniq. Bunga ishonyapmiz. Axir klublar qanday selektsiya qilganini ko‘rdingizmi? Bu borada ham kim o‘zarga bellashishdi-a? Futbolchilarning qishki bozori juda qaynadi. Transfer oynasi yopilguniga qadar hammasi avjida bo‘ldi.

aliboev_5

Superliga klublari transfer oynasida juda faol ishlashdi, bu borada gap bo‘lishi mumkin emas. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilar, chetdan kelgan legionerlarimiz va bir qator tajribali xorijlik futbolchilar olib kelindi. Qaysi jamoalar selektsiyada shov-shuv ko‘tardi? Albatta, “Navbahor”, “Qizilqum”, “Neftchi” kabi klublar bu borada ajralib turishdi. Amaldagi favoritlar – “Paxtakor”, “Nasaf”, AGMK, “So‘g‘diyona” ham tarkibiga yangi kuchlarni qo‘shib oldi. “Metallurg”, “Qo‘qon-1912”, “Dinamo” jamoalarida ham yaxshi o‘zgarishlarni ko‘rdik. “Surxon”, “Olimpik” esa sirli jamoalar bo‘lib turishibdi. Bu yoqda “Bunyodkor” bilan “Lokomotiv”ni ham hisobdan chiqarmang. Ishonamizki, bu mavsumda syurpriz ko‘rsata oladigan klublarimiz topiladi. Shuningdek, chempionatimizda xorijlik – Slavche Voyneski, Predrag Rogan, Nikola Lazarevich, Luisma Ernandes va Anxel Lopes kabi mutaxassislar ish olib borishadi. Ularning bilimi va saviyasi evaziga chempionatimizda o‘ziga xos yangilik kuzatilishini ham kutayotganimiz rost.

rashidov_6

Sardor Rashidov, Ikrom Aliboev, Oleg Zoteev, Jamshid Iskanderov, Rustam Ashurmatov, Artyom Filiposyan, Shahzod Ubaydullaev singari legionerlarimiz yana chempionatimizga qaytishdi. 2 oydan ortiq vaqt davomida futbolchilar tayyorlanishdi. Bor mahoratini maydonda ko‘rsatish  fursati etdi. Endi chempionat start olyapti. Bunday paytda shunday deymiz: “repetitsiya tugadi, hamma sahnaga!” Muxlislar sizlarni kutyapti...   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!