"Real"ga qarshi o‘yin u uchun so‘nggisi bo‘lishi mumkin
PSJ bosh murabbiyi Mauritsio Pochettino mavsum so‘nggida Parij klubini tark etishi mumkin. Bu haqda "Goal" nashri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, argentinalik mutaxassis jamoa rahbariyati bilan kelisha olmayapti. Xususan, u PSJ sport direktori Leonardo bilan yaxshi munosabatda emas.
O‘tgan yili yozda Pochettino tarkibda tozalash ishlarini olib borishni va ayrim futbolchilarni jamoaga olib kelishni iltimos qilgan, biroq uning iltimosi bajarilmadi. Messi, Ramos va Donnarumma kabi futbolchilarning transferi klubning xohishi tufayli amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, Mauritsio qishda Tangi Ndombeleni olib kelishni so‘radi. Leonardo qaysidir asosiy tarkib futbolchisi jamoadan ketsa, uning istagi bajarilishini aytgan.
Qo‘shimchasiga parijliklar rahbariyatining murabbiy ko‘rsatayotgan natijalardan ko‘ngli to‘lmayapti. Jamoa Frantsiya chempionatida yaqqol peshqadam, biroq kubokdan ular allaqachon chiqib ketgan. Shuningdek, uning qo‘l ostida PSJ u qadar sermahsullik ko‘rsatmayapti.
Shunday ekan, Pochettinoning kelajagi ko‘p jihatdan "Real" bilan o‘yinga bog‘liq.



Fikrlar