"Real" tarkibida 40 yoshgacha yoxud Modrich Madridda yana bir yil qolishni istaydi

  • 24 fevral, 08:59
  • Suhrob Xolbekov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

La Liganing 25-turida "Real" o‘z maydonida "Jirona"ni mehmon qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning 41-daqiqasida Luka Modrich "pushka"si bilan hisobni ochdi. Bu gol tribunadan o‘yinni kuzatib turgan Jud Bellingemni ham o‘rnidan turib, qarsak chalishiga sabab bo‘ldi. 39 yoshida, nafaqat Evropada to‘p tepayotgan, balki dunyoning eng kuchli klublaridan birida maydonga tushib, bunday gollarni urayotgan Modrich yana bir mavsum "qaymoqranglilar" safida harakat qilishni rejalashtirgan. 

Tecno

Image

"Relevo" jurnalisti Xorxe Pikonning so‘zlariga ko‘ra, Modrichning yaqin-yaqingacha bu mavsumdan so‘ng boshqa klubga o‘tishi kutilgandi. Ammo u bir necha bor Florentina Peres bilan uchrashgan va qolishini aytgan. Buning uchun yarim himoyachi maoshini kamaytirishga ham tayyor ekanligini bildirgan. Bu esa prezidentga ma’qul kelishi mumkin, lekin rahbariyatda yoshlarga ko‘proq imkon berish kerak deydiganlar ham yo‘q emas. 

Jamoa yoshlarga yana sarmoya kiritishni boshlashi mumkin. Sababi, tarkibdagi eng yosh yarim hiomyachi Bellingem (21 yosh). Undan tashqari 22 yoshli Eduardo Kamavinga ham bor. Qolganlari 24 yoshdan baland. Shu bilan birga, boshqa pozitsiyalar bilan solishtirilganda jamoada yarim himoyachilar soni kam. 

Image

Luka o‘tgan mavsum so‘nggida ham jamoani tark etishi mumkin edi. Unga bir nechta Saudiya klublaridan takliflar bo‘lgan. Ammo u Nacho ketganidan keyin "Real" sardori sifatida sovrinlar yutishni istadi. Bunga erishdi ham, madridliklar "Atalanta"ni mag‘lub qilib, UEFA Superkubogini qo‘lga kiritdi va kubokni kapitan sifatida Modrich ko‘tardi. Endilikda xorvat 40 yoshida ham jamoa tarkibida maydonga tushishni istaydi. Buni hali hech kim qila olmagan. 

Image

"Real" tarixida maydonga tushgan eng qari futbolchi Modrichning o‘zi hisoblanadi. Bu rekordni yangilash uchun har qanday o‘yinchiga katta sabr kerak bo‘ladi, kamiga Luka hali ketmoqchi ham emas. Katta ehtimol bilan uning kelajagi mavsum so‘nggida hal bo‘ladi. Ammo biz har yili Madrid klubidan qaysidir katta futbolchi ketishiga o‘rganib ham qoldik...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!