
Ispan klubi Fayzullaev bo‘yicha munosabat bildirdi!
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avsgustida TsSKAga ko‘chib o‘tib, legioner sifatida Rossiya Premer-ligasida porlay boshlaganidan beri hujumkor futbolchimizning Evropaga yo‘l olishi haqida muntazam xabarlar tarqatiladi.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida Evropa matbuotida 21 yoshli hamyurtimizga Italiya, Germaniya, Ispaniyadan “Parma”, “Bavariya”, “Vilyarreal” kabi mashhur klublar e’tibor qaratgani haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi.
Qishki transferlar oynasi davri yaqinlashgani sari yana bu mavsum dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi.
TsSKAda porlayotgan va 2026 yilgi jahon chempionatining saralash turnirida O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchisiga aylanib borayotgan Abbosbek Fayzullaevga Frantsiyaning “Monako” va Ispaniyaning “Real Sosedad” kabi klublari qiziqayotgani haqida bir necha manbalar o‘z yangiliklarini chiqardi.
Xususan, “Real Sosedad” klubi bu xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi. San-Sebastyan shahri sharafini himoya qilayotgan klub matbuot kotibi Xon Ander Munduate TsSKA futbolchisi Abbosbek Fayzullaev transferiga oid ma’lumotlarni izohlab, quyidagi javobni berdi:
- Bizning sport direktorimiz klubni tark etadigan bo‘ldi, shu bois, men ushbu transfer haqidagi aniq ma’lumotlarga emasman, - dedi Xon Ander Munduate.
Rossiyalik futbol ekspertlarining aksariyati Abbosbek Fayzullaev Evropa klublaridan bo‘layotgan qiziqishlarga munosabat bildirib, o‘zbek legioneri top-ligalarda bo‘ladigan takliflarni qabul qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, TsSKA Fayzullaevning transferi orqali o‘z byudjetiga yaxshiga mablag‘ kirim qilishi mumkinligi aytilyapti.
Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hujumkor fubolchimiz O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalaridagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali xorij klublari nazariga tushgan.
Biroq, Abbos 2023 yilning avgustida faoliyatini TsSKAda davom ettirishga qaror qildi. Bu transfer “Paxtakor”ga 500 ming evro miqdorida mablag‘ olib keldi. Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin hamyurtimiz qisqa fursatda jamoasining eatkchisiga aylandi.
Debyut mavsumidagi yorqin o‘yinlari tufayli Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.
Fayzullaev bir yil ichida O‘zbekiston milliy terma jamoasining etakchisiga ham aylanib olganini ta’kidlash lozim.
21 yoshli futbolchimiz bugungi kunga qadar klublar miqyosidagi musobaqalarda “Paxtakor” va TsSKA uchun jami 95 ta o‘yin o‘tkazib, 18 ta gol va 23 ta assist qayd etgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasida esa, 23 marotaba maydonga tushgan, o‘z hisobiga ettita gol va bitta assist yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar