"Real" himoyachisining qancha muddatga safdan chiqqanligi ma’lum bo‘ldi
La Liganing 15-turidan o‘rin olgan “Real Madrid” – “Selta” (0:2) uchrashuvida madridliklar himoyachisi Eder Militao 24-daqiqada jarohat olib, zaxiraga olingan edi. Klub uning holati haqida rasmiy ma’lumot berdi.
“Tekshiruvlardan so‘ng Militaoda chap sonning ikki boshli mushagi yorilgani va proksimal bog‘lam zararlangani aniqlandi. U tiklanish jarayoni davomida shifokorlar nazoratida bo‘ladi”, — deyiladi “qaymoqranglilar” bayonotida.
Jurnalist Arancha Rodriges ma’lumotiga ko‘ra, braziliyalik himoyachining tiklanishi taxminan to‘rt oy davom etadi. Futbolchi aprel oyida maydonga qaytishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu mavsumda Militao “Real” safida barcha turnirlarda 17 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol urgan va 1 ta golli uzatma bergan.



Fikrlar