
Raxim nega Angliya terma jamoasiga chaqirilmadi?
Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt "Chelsi" hujumchisi Raxim Sterling terma jamoaning sentyabr oyidagi o‘yinlariga chaqirilmagani haqida fikr bildirdi.
“Bu qiyin suhbat bo‘ldi. Rahim bundan unchalik xursand emas, men uni tushunaman. Ammo ishonchim komilki, u «Chelsi»da ajoyib mavsum o‘tkazadi", - deya Sautgeytning so‘zlarini keltiradi Sky Sports.
Sterling o‘tgan yozda "Manchester Siti"dan 56 million evro evaziga "Chelsi"ga o‘tgan edi. 2022/2023 yilgi mavsumda ingliz futbolchisi barcha turnirlarda 38ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Futbolchining London klubi bilan shartnomasi 2027 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi. Transfermarkt internet portaliga ko‘ra, futbolchining taxminiy narxi 55 million evroni tashkil qiladi.
Joriy mavsumda Sterling “Chelsi” safida APLda 3 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi.
Eslatib o‘tamiz, Angliya terma jamoasi sentyabr oyida 2024 yilgi Evropa chempionati saralash bosqichi doirasida Ukrainaga qarshi, shuningdek Shotlandiya bilan o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.
Fikrlar