
Ravshan Ermatov Surxondaryo futbolini ko‘zdan kechirdi. U erda akademiya ishga tushiriladi
Tashrif avvalida viloyat hokimi To‘ra Bobolov ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, viloyatda futbol ommaviyligini oshirish va bolalar-o‘smirlar futbolini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli loyihalar muhokama etildi.
Shundan keyin O‘FA mutasaddi va mutaxassislari viloyat futbol assotsiatsiyasi ish faoliyati, futbol infratuzilmasi hamda mavjud shart-sharoitlar bilan tanishib chiqdilar. Viloyat miqyosida bolalar futbolining infrastrukturasi yuzasidan fikr almashildi. Surxondaryodan ko‘plab iste’dodli futbolchilar etishib chiqayotganini inobatga olib viloyatda yana bir akademiyani ishga tushirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Tashrif davomida Ravshan Ermatov viloyatdagi markaziy stadion, akademiya hamda bazaning qurilish-rekonstruktsiya ishlarining loyihasi bilan yaqindan tanishib, bo‘lajak qurilish joylarini ko‘zdan kechirdi.
Mas’ullar bilan bo‘lgan suhbatda akademiyaning qurilish ishlarini jadallashtirish, sifatli futbol maydonlarini barpo etish, inshootning yotoqxona va oshxonalarini zamon talablariga mos ravishda jihozlash, shuningdek, Evropa akademiyalari kabi barcha talablarga javob beradigan sharoitlarni tashkillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘FA matbuot xizmati.
Fikrlar