
Rasman! Rossiya klubi chempion futbolchimizni oldi!
Vitaliy Denisov “Paxtakor” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblansa-da, professional futbolchi sifatida yurtimiz jamoalarida bir kun ham to‘p tepmagan. Toshkentdan ketganidan keyin futbol sir-asrorlarini Moskvaning “Sportakademklub” jamoasida o‘rgangan Denisov professional faoliyatini Rossiya va Ukrainaning turli darajadagi klublarida o‘tkazdi.
O‘tgan mavsumda “Tom” klubi Milliy futbol ligasidagi joyini saqlab qolish maqsadida bir necha tajribali futbolchilar xizmatidan foydalangan edi. Xususan, mavsum boshlangan paytda erkin agent sifatida jamoasiz yurgan Vitaliy Denisov jamoaga taklif etildi.
Tajribali himoyachimiz darrov tomskliklarning etakchisiga aylandi. Bu jamoa tarkibida jami 23 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita golli pas uzatdi. Shunga qaramay, “Tom” klubini xavfli hududdan olib chiqib bo‘lmadi. Bu jamoaga ligada qolish uchun bir ochko etmadi xolos.
Tabiiyki, “Tom” bilan chempionat oxirigacha shartnoma imzolagan Vitaliy Denisov kelishuv muddati yakunlanishi bilan yana jamoasiz qoldi. Yaxshi futbolchi ishsiz qolmaydi, deganlaridek, yangi mavsumda hamyurtimizning xizmatiga qiziqayotgan jamoalar paydo bo‘lmoqda.
Rossiya matbuotining yozishicha, Vitaliy Denisovga Milliy futbol ligasining eng kuchli jamoalaridan hisoblangan “Baltika” qiziqish bildirayotgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishgan. Denisov ushbu jamoa bilan "1+1" ko‘rinishidagi shartnomani imzoladi.
“Baltika” yakunlangan mavsumda yuqori ligaga chiqish uchun kurashdi, biroq musobaqani beshinchi o‘rinda tugatib, maqsadiga erisha olmay qoldi. Klub rahbariyati yangi chempionatda futbolchilarga premer-liga yo‘llanmasi uchun kurashish vazifasini yuklaydi.
“Baltika” o‘zbekistonlik futbolchilar uchun begona emas. O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng zo‘r to‘purari hisoblangan Maksim Shatskix 1998-1999 yillarda Kaliningrad jamoasi sharafini himoya qilib, 19 ta uchrashuvda beshta gol urganidan keyin Kievning “Dinamo”siga o‘tib ketgan edi.
Shuningdek, Rossiya chempioni bo‘lgan Andrey Fyodorov ham 1999 yilda kaliningradliklar safida 14 ta o‘yinda ishtirok etgan va aynan shu jamoadan o‘zining yulduzli onlari o‘tgan “Rubin”ga yo‘l olgan.
Vitaliy Denisov faoliyatiga nazar tashlasak, bu futbolchimiz qiyin sinovlarni engib o‘tganini ko‘ramiz.2003 yili katta umidlar bilan Moskvaning TsSKA jamoasiga taklif etilgan hamyurtimiz bu erda og‘ir jarohat oldi. Yarim yil maydondan tashqarida yurgan Vitaliy Rossiyaning kuchli jamoasida o‘z o‘rnini topish uchun ancha ter to‘kdi. Denisov keyinchalik “Spartak Nijniy-Novgorod”, “Dnepr”, “Lokomotiv Moskva”, “Krilya Sovetov”, “Rubin”, “Rotor” va “Tom” kabi jamoalarda to‘p tepdi.
Tajribali yarim himoyachimiz Rossiyada o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchilar orasida eng ko‘p sovrindor bo‘lgan o‘yinchi hisoblanadi.
Denisov TsSKA safida ikki marta Rossiya kubogi va bir bor UEFA kubogi sohibi bo‘ldi. “Lokomotiv”da bir martadan mamlakat chempionati g‘olibi va sovrindori bo‘lishdan tashqari, ikki marotaba Rossiya kubogini qo‘lga kiritdi.
Uch bor Rossiya chempionatining eng kuchli 33 nafar futbolchisi ro‘yxatiga kiritdi va 2013 yilda O‘zbekistonning eng zo‘r futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Vitaliy Denisov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2006-2018 yillar davomida jami 72 ta uchrashuv o‘tkazgan va bir marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
Yangi mavsumda Rossiya Milliy futbol ligasida kamida uch nafar futbolchimiz to‘p tepadi. Vitaliy Denisov “Baltika”ga yordam berishi kutilayotgan bo‘lsa, Vagiz Galiulin kaliningradliklar singari premer-ligaga da’vogarlik qilayotgan “Nefteximik” sardori hisoblanadi. Shuningdek, Oston O‘runov agar unga boshqa klublardan xaridor chiqmasa, katta ehtimol bilan yangi mavsumni “Spartak-2” jamoasida o‘tkazadi.
Shomurodov yana 12 ta gol urishi kerak!
O‘runovga Chempionlar ligasi ishtirokchisi xaridor!
Fikrlar