Rasman! Pro-liga yangi mavsumida 11 klub g‘oliblik uchun kurash olib boradi

  • 25 yanvar, 2023, 15:57
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining 2022 yil 16 dekabr sanasidagi yig‘ilishi kun tartibidan Pro-liga masalasi ham o‘rin olgandi. Liga Ijroqo‘m a’zolariga mavjud holat haqida batafsil ma’lumot taqdim etgach, Pro-liga qatnashchilari safidan chiqarilishi mumkin bo‘lgan 3 ta futbol klubga 21 yanvar sanasiga qadar muhlat berish yuzasidan qaror qabul qilingandi.

Tecno

Liganing 2020 yildan buyon ishlab kelayotgan besh mavsumlik rejasiga ko‘ra, 2024 yildan e’tiboran Pro ligada faqatgina professional futbol klublari ishtirok etishi, aynan shu yildan boshlab AFC litsenziyasini qo‘lga kirita olmagan klubning Superligada ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Yarim professional futbol jamoalari esa professional klub talabini bajarish shartidagina Pro-liga qatnashchilari safiga qo‘shilishi mumkin.

“Zomin” klubi Liga Ijroqo‘mi imkoniyat taqdim etgan 21-yanvar sanasiga qadar talabni bajara olmadi. Bugunga kelib “Zomin” futbol klubi aniq moliyalashtirish manbasiga ega emas. O‘tgan mavsum davomida klub futbolchilar, murabbiy va faqatgina bitta shtat-hodimi bilan faoliyat olib bordi. Qolgan barcha masala faqatgina qog‘ozda bo‘lib, amalda hech qanday ish qilinmadi. Zominda yaxshi infrastruktura shakllanganiga qaramay, bugungi kunda jamoani OFK litsenziyalash talablari asosida ushlab turish uchun moliyaviy imkoniyat mavjud emas. Shundan kelib chiqib, klub sifatida shakllanmagan va faqatgina bir qator futbolchilar jamlanmasidan iborat bo‘lgan mazkur jamoa 2023-yilgi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazishi mumkin. Yil davomida litsenziyalash talablari asosida “Zomin” futbol klubi qayta shakllantirilsa, unda Pro ligaga qaytish imkoniyati bo‘ladi.

“Yangier” futbol klubida vaziyat yanada og‘ir. Jamoaning futbolchilar, ishchi-xodimlar, stadionlar va boshqa korxonalar oldida etarlicha qarzdorligi mavjud. 2022-yil davomida futbol jamoasi qayta-qayta kafolatlar bilangina cheklandi, biroq amalda ularni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. “Yangier” futbol klubi na Yangierdagi va na Gulistondagi stadion bo‘yicha bildirilgan fikrlar bo‘yicha amalda bir ish qildi. Shuningdek, viloyat futbol mahorati maktabi bilan tuzilgan kelishuv shartnomasi shartlariga ham rioya qilmagani oqibatida, maktab tarbiyalanuvchilarining ota-onalaridan qator shikoyatlar kelib tushdi. Shundan kelib chiqib, Liga “Yangier” futbol jamoasining 2023-yilgi mavsum davomida Pro liga o‘yinlarini bir tekisda o‘tkazishi masalasiga to‘la ishonch hosil qilmadi va unga yangi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazish tavsiya etildi. “Yangier” futbol jamoasi mavjud talablarni yil davomida bajarish shartida Pro ligaga qaytishi mumkin.

Shu tariqa, yangi mavsum Pro-ligada “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Dinamo”, “Xorazm”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “G‘ijduvon”, “Yunired”, “Aral”, “Andijon SGS” jamoalari ishtirok etadi. “Navbahor-farm” jamoasi Birinchi ligani g‘olib sifatida yakunlab, Pro-ligada qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan.

Bunda klublar sonining juft bo‘lishi yoki boshqa mezonlar emas, aynan litsenziyalash talablari birlamchi sifatida belgilab olindi. Liga “Superliga va Pro liga reglamenti”ni o‘tgan yildayoq to‘liq shakllantirib, Superliga va Pro ligada ishtirok etishi mumkin bo‘lgan klublarga taqdim etgan, faqatgina Pro liga formati masalasi unda ochiq qoldirilgandi. 28 yanvar sanasiga qadar mazkur band to‘liq to‘ldiriladi va reglament jamoatchilik hukmiga havola etiladi.

 

Manba: O‘zPFL matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!