
Rasman! "Barselona" futbolchisi "Xetafe"ga o‘tdi
"Xetafe" klubi "Barselona" bilan ispaniyalik yarim himoyachi Karles Alenyaning transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi.
"Ko‘k-anor ranglilar" o‘zining rasmiy saytida 23 yoshli futbolchining transferini tasdiqladi. Ammo hozircha ushbu kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmayapti. Faqatgina “Barsa” Alenyani qayta sotib olish huquqini saqlab qolgani ma’lum xolos.
Bundan tashqari, kataloniyaliklar futbolchining kelajakdagi transferidan tushadigan mablag‘ning 50 foiziga egalik qiladi.
Alenya o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini aynan "Xetafe" safida ijarada o‘tkazgan edi. U ushbu jamoada 22 ta o‘yinda maydonga tushdi va o‘z hisobiga 2 ta gol hamda 2 ta assist yozdirib qo‘ydi. Uning ayni damdagi transferi 15 million evroga baholanmoqda.
Fikrlar