
"Raqiblar "Barselona" yoki "Manchester Yunayted" emas"! yoxud Buxoroda o‘yin qahramoniga aylangan darvozabon oxirgi soniyada penaltini qanday qaytardi? Bu erda sir bormidi?
“Andijon” klubi safardan 100 foizli natija bilan qaytdi. Ayniqsa, “Buxoro” maydonidagi uchrashuv qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. G‘olib chiqqan jamoaning har bir futbolchisi o‘yin qaxramoniga munosib.
Ammo darvozabon Eldor Adhamov endi alohida mavzuga aylandi. U jamoadoshlarining mehnatini munosib qadrladi va oxirgi soniyada belgilangan penaltini qaytarib “Andijon”ning g‘alabasini saqlab qoldi.
O‘yin mobaynida ham Adhamovdan yaxshi seyvlarni ko‘rdik. Bellashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylangan Eldorga bir qator savollarni o‘rtaga tashladik.
- “Buxoro”ga qarshi uchrashuv juda hissiyotlarga boy bo‘ldi. Bunday o‘yindan keyin nimalarni ayta olasiz?
- Raqib kuchliligini bilardik. Biz bir haftada uchinchi o‘yinimizni o‘tkazayotgandik. Yigitlar katta kuch yo‘qotishgandi. Shuning uchun chiroyli o‘yindan ko‘ra natija muhim edi. “Buxoro” boshida hujumlar qildi. O‘z maydonida muxlislari qarshisida o‘ynayotgandi. Ular yutqazib qo‘ysa, biz ancha ilgarilab ketishimizni hamma bilardi. Birinchi bo‘lim yarmida o‘zimizga kelib, o‘yin tizginini qo‘limizga oldik va burilish qildik. Muhimi, uch ochkoni qo‘lga kiritdik.
- “Andijon” 3, 7 va mana 10 sentyabrda og‘ir o‘yinlarni o‘tkazdi. Ayting-chi, “Buxoro” bilan bahsga jamoa qaerdan kuch topdi?
- Hammamiz birdamlik bilan mehnat qildik. Mashg‘ulotlarda ham to‘g‘ri rejimda ishladik. Alloh kuch-vuvvat berdi. Oxirgi qolgan kuchimiz bilan harakat qildik. Qo‘llagan taktikamiz ish berdi. To‘g‘ri himoyalandik hamda vaziyatlarimizdan foydalandik. Taktikamiz orqali yutib ketdik.
- “Andijon” darvozasiga bir emas, ikkita penalti qo‘yildi. Birinchisida to‘p ustunga tegdi. Ikkinchisida jamoani qutqardingiz. Agar “Buxoro” gol ursa mag‘lubiyatdan qutulib qolardi, ammo bunga yo‘l qo‘ymadingiz. O‘sha vaziyatdagi holatni gapirib bersangiz.
- Penalti belgilangan paytda birinchi navbatda darvozabon o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik kerak. Chunki penalti bu hali gol degani emas. Shuning uchun jarima zarbasi tepilishidan avval butun e’tibor va muvozanatimni bir joyga yig‘ib vaziyatni kuzatdim. Humoyunmirzo qanday yo‘l tutyapti, zarbaga qanday yaqinlashyapti...Xudoga shukr, bu uchrashuvda Alloh peshonamizga g‘alabani yozgan ekan. Omad ham biz tarafda bo‘ldi. “Buxoro” ham yaxshi o‘ynadi. Biz bunga qarshi ikki hissa kuch bilan to‘p surdik.
- Zarba yo‘nalishini qanday topdingiz yoki tavakkal tashlandingizmi?
- Humoyunmirzo Iminovni harakatlaridan kuzatishni boshladim. O‘ziga yarasha darvozabonlarga xos sirlar bor. Kim qaysi payt qanaqa tepadi, kuzatamiz. Iminov zarbaga yaqinlashayotganida doim o‘zi tepadigan tarafga tepdi. Men taxmin qildim va o‘zim kutgan joyga ishonch bilan tashlandim. Xudoga shukr, taxminim to‘g‘ri chiqdi.
- Penalti belgilanganida darvozabon o‘yinchining ko‘ziga qarab qaysi tomonga tepishini bilib olishi mumkin, deyishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
- Bilasizmi, futbolchi ham sizni qarab turganingizni biladi. Ko‘zi bilan aldashga ham harakat qiladi. Shuning uchun ko‘ziga qarashdan foyda yo‘q deb o‘ylayman. Misol uchun birinchi penalti bo‘lgan vaziyatda men raqib o‘yinchisining ko‘ziga qarab turgandim. Ammo u boshqa tarafga tepdi, men esa boshqa tomonga tashlandim. Penalti tepayotgan futbolchi ham darvozabon qaerga qarayotganini biladi. Shu bois barchasi ichki hissiyot va topilma bilan bog‘liq va albatta omad.
- Penaltini qaytargan vaziyatingiz ijtimoiy tarmoqlarda ham rosa “aylandi”. Siz ham takroriy vaziyatni ko‘rdingiz va qayta kuzatganingizda nimalarni o‘ylayapsiz?
- Takror ko‘rganingiz baribir o‘sha vaziyatdagi hissiyotni bermaydi. Lekin ko‘rish zavqli va yoqimli. Rostini aytganda, raqiblar “Barselona” yoki “Manchester Yunayted” emas. Nimadandir qo‘rqish yoki ortiqcha xursand bo‘lganimiz yo‘q. Yutishimiz kerak edi, yutdik. Tepaga intilayotgan jamoa raqib ajratmasligi kerak. Kuchli bo‘lsa buni maydonda isbotlab qo‘yishi kerak, shu xolos.
- Muhimi, “Andijon” g‘alabaga erishdi. Eng yaqin ta’qibchisidan 5 ochkoga ilgarilab ketdi. Jamoani necha foizga Superliga masalasini hal qildi deb o‘ylaysiz?
- Ortiqcha eyforiyaga berilmasdan bu o‘yindan xulosa chiqaramiz. Yaxshi emas, balki yomon epizodlarni tahlil qilamiz. Chempionatni endi boshlanyapti desa ham bo‘ladi. Hech nima hal bo‘lmagan. Agar bir bor bo‘shashib qolsak, zararimizga ishlab qolishi mumkin. Barchasi oldinda. Jamoalar ikkiga ajraldi va barcha klub bor kuchini tashlaydi. 8 ta o‘yin qolgan bo‘lsa, qachonki o‘sha uchrashuvdagi yakuniy hushtak chalinganidan so‘ng Superligaga chiqqanimizdan xotirjam bo‘lish mumkin. Ungacha bo‘shashishga haqqimiz yo‘q.
- “Buxoro”ga qarshi eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldingiz. Buni o‘yladingizmi?
- Barcha futbolchilarimiz yaxshi o‘ynashdi. Masalan, himoyachilarimiz ko‘p vaziyatlarni qaytarib raqibga imkon berishmadi. Hamma loyiq edi. Penaltini qaytarganim uchun shunday e’tirof topishgandir.
- Darvozabon yarim jamoa degan gap ham bor-da...
- Albatta, darvozabon yarim jamoa. U ishonchli o‘ynasa, jamoasi ham ishonchli o‘ynaydi. Darvozabon jismoniy emas, ruhiy tarafdan asqotadi. Masalan, “Buxoro” bosim qilgan paytlarda ruhiy jihatdan tayyor turish kerak edi va biz diqqat-e’tiborimizni yo‘qotmadik.
- Ko‘pchilik sizni de Xeaga qiyoslashadi. Balki bunday o‘xshatishlik ham sizga qo‘shimcha motivatsiya berayotgandir...
- David de Xea 18-19 yoshida chiqqandi. Debyut o‘yini 2009-2010 yillari bo‘lgan. Ilk o‘yinini ko‘riboq yoqtirib qolgandim. Yosh bo‘lishiga qaramay, o‘yini ajoyib edi. Tabiiyki, unga o‘xshatishlari yoqimli. Lekin men hech kimga taqlid qilmayman. Chunki taqlid me’yorida bo‘lishi kerak. Ha, de Xea yoqadi, ammo aynan unga o‘xshashga harakat qilmayman. O‘zimni o‘yinim va uslubim bor. O‘z o‘yinimni ustirish va rivojlantirishga harakat qilaman.
- “Buxoro”ga qarshi uchrashuvdan keyin sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?
- Ota-onam. Futbolni 11 yoshimdan boshlagan bo‘lsam, Toshkentdagi har bir o‘yinimga kelishardi va hatto mashg‘ulotlarimgacha kuzatishardi. Dadam doim menga maslahatini va kamchiliklarimni aytib turadi. Hamma vaqt qo‘llab-quvvatlaydi. Ota-onamdan so‘ng opam, akam va qarindoshlarim tabriklashadi.
Fikrlar