"Raqibimiz taktik tomonlama zo‘r o‘ynadi, chempionatda yaxshigina imkoniyatlari bor" - gruziyalik murabbiyga Superligamiz ishtirokchisi yoqib qoldi

  • 13 fevral, 2023, 02:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Turkiyaning Antaliya shahrida ko‘plab xorij klublari o‘zlarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqdalar. Yaxshi bilasiz, Superligamizning deyarli barcha klublari o‘sha erda yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Shuningdek, ko‘plab nazorat uchrashuvlari ham tashkil qilinyapti.

Tecno

Masalan, “Andijon” ham rejasiga ko‘ra nazorat bahslarida ishtirok etyapti. Gruziyaning “Samtredia” klubiga qarshi uchrashuvda hisob ochilmadi. Undan avval esa andijonliklar Rossiyaning “Veles” jamoasini 5:1 hisobida dog‘da qoldirgandi.

Gruziyaliklar jiddiy qarshilik ko‘rsatishga urindilar. Uchrashuvdan keyin “Samtredia” bosh murabbiyi Giorgi Shashiashviliga ayrim savollar bilan murojaat qildik.

- O‘yin xususida nimalarni ayta olasiz?

- Og‘ir o‘yin bo‘ldi. Biz avvaliga ikkinchi ligadan birinchi ligaga yo‘llanma oldik, mana endi, hozir oliy ligada harakat qilyapmiz. Jamoada ko‘plab yangi o‘yinchilar bor. “Andijon”ga qarshi yaxshi o‘yin bo‘ldi. Har ikkala jamoa kurashdi. Raqibda ham, bizda ham yuz foizli imkoniyatlar bo‘ldi. Durang natija o‘yinga mos tushdi. Endigina ikkinchi o‘yinimizni o‘tkazdik. Yana to‘rtta o‘yin bor. Rasmiy uchrashuvlarga shu tariqa tayyor bo‘lamiz.

shashiashvili

- Negadir uchrashuv biroz asabiy ruhda kechdi. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz?

- Bilasizmi, xalqaro o‘yinlar doim jangovar kurashlarga boy bo‘ladi. Ha, qo‘pol o‘yin bo‘ldi. Bu hol futbolda uchrab turadi. Shunday kurashlarga boy o‘yinlar muxlislarga yoqadi. Ikkala jamoa maydonning har bir qarich erida kurash olib bordi.

- Bu jamoangizning Antaliyadagi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ldi. Dastlab Toshkentning “Lokomotiv”iga qarshi qarshi o‘yinda ishtirok etib, mag‘lub bo‘lgandinglar. Siz uchun ikkala o‘yin o‘rtasida qanday farq kuzatildi?

- Birinchi bahsda boshqacharoq o‘yin namoyish etgandik. O‘zimiz xohlagandek, asosan pressingda o‘ynadik. Qaerdadir o‘xshadi, qaerdadir yo‘q. “Lokomotiv” bizgacha ko‘p o‘yin o‘tkazgandi. Biz esa ilk uchrashuvimizda maydonga tushdik. O‘shanda 2:0 hisobida yutqazib qo‘ygandik. Bugun ko‘rinib turdiki, raqibimiz taktik tomonlama zo‘r o‘ynadi, himoyasi ham yaxshi ekan. “Lokomotiv”ga yutqazgan bo‘lsak-da, ko‘p vaziyatlar bo‘lgandi. Bugun esa vaziyatlar sanoqli bo‘ldi.

shashiashvili1

- “Andijon”ning kuchini nimada deb o‘ylaysiz?

- Ha, yaxshi jamoa ekan. Hozir aytganimdek, markaziy himoyasi kuchli ekan. Yarim himoyachilari ham chakki emas. O‘rtada tezkor o‘yinchisi bor ekan. Ko‘rinib turibdi, jamoangiz chempionatda yaxshi o‘rinlarga da’vogarlik qiladi. Bu borada yaxshigina imkoniyatga ega.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!