"Raqibda 4 ta zarba va 4 ta gol, yangi darvozabon olamiz, ayrim o‘yinchilar ketadi, ular Superligaga mos emas" - Yorqin Nazarov mag‘lubiyatni qanday qabul qildi?

  • 11 may, 2021, 23:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi bu turda ham mag‘lubiyatga uchradi. Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda “Burgutlar” 4:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Tecno

Xabaringiz bor, yaqinda jamoada bosh murabbiy o‘zgartirildi. Otabek G‘ulomxo‘jaev iste’foga chiqarildi va o‘rnini Yorqin Nazarov egallagandi. Biroq uning debyuti omadli chiqmadi.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan turda Andijonda “Qo‘qon-1912”ga mag‘lub bo‘lgandi. Hozircha murabbiy o‘zgargani bilan natija o‘zgarmadi. Chunki Nazarov boshchiligidagi ikkinchi uchrashuvda ham imkoniyat boy berildi.

Jizzaxdagi o‘yin yakunlangach, “Andijon” bosh murabbiyi Yorqin Nazarov sports.uz muxbiriga mag‘lubiyat sabablari va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.

- Bu uchrashuvda “So‘g‘diyona” yutdi. Ammo o‘yinni ko‘rmagan inson mezbonlar katta ustunlik bilan g‘alaba qozonibdi, deb o‘ylashlari mumkin, - deya gap boshladi Nazarov. - Biroq bellashuv bunday kechmadi. “So‘g‘diyona” darvozamizga to‘rtta zarba berdi va to‘rtta gol! Hattoki, beshta zarba ham bergani yo‘q. Bizdagi og‘riqli muammo – bu darvozabonlar bilan bog‘liq. Jamoadagi posbonlarimizni kelajagi boru, biroq ular bugungi kundagi Superligada turadigan darvozabonlar emas. Birinchi davradan keyin, albatta, yangi darvozabonlar olamiz. Hozirdan qidirishni boshlaganmiz. Klubda kim murabbiy bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, darvozabon olish shart.

yorqin

O‘yinga kelsak, albatta qoniqmadim. Futbolchilar yaxshi o‘yin namoyish qila olmadi. Hozir buning sababini bilmayapman. Yo‘l charchatib qo‘ydimi desam, bir kun oldin kelib, dam olganmiz. Mehmonxonada yaxshi sharoitlar yaratilgan. Nimaga bunday bo‘lganiga tushuna olmayapman. Lekin yomon o‘ynagan taqdirimizda ham ikkita zarbamiz darvoza ustuniga tegdi. Doniyor Ismoilov bilan Jasur Jaloliddinovning zarbalari xavfli chiqdi. Bundan tashqari, yosh o‘yinchimiz Izzatillo Abdulhaqovda ikkita 100 foizli imkoniyat bo‘lgandi. Tajribasi bo‘lmagani uchun gol urolmadi. Aytmoqchimanki, ming yaxshi o‘ynay olmagan taqdirimizda ham bizda gol urish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga keldi.

Jamoadagi 3-4 nafar futbolchi bilan xayrlashamiz. Ular Superliga darajasida emas. Bunday saviyada to‘p surishga hali bor. Pro-ligada to‘p surib, tajriba orttirishgach, keyin Superligaga chiqishlari kerak. Ikkinchi yoki birinchi ligadan birdaniga Superligaga tushib qolishgani uchun hayajonlanyapti va tajribalari etishmayotgani ham bilinyapti. “So‘g‘diyona” bizning xatolarimizdan keyin ikkita gol urdi. Tan olish kerak, Norxonov chiroyli gol urdi. To‘rtinchi gol qarshi hujumdan keyin kiritildi.  

yorqin2

Mashg‘ulotlarda yanada jiddiy ishlash talab qilinadi. Har bir o‘yinga puxta tayyorlanish shart. Bu haqida ularga yaxshilab tushuntiryapman. Futbolchilarga Superligada o‘ynash uchun imkoniyat berildi. Endi ular o‘z kuchidan ikki barobar ko‘proq mehnat qilib o‘ynamasa qiyin bo‘ladi. Ruhiy qiyinchilikdan qutilish uchun o‘tgan o‘yinlarni unutib, mashg‘ulotlarda jiddiy ishlash kerak.

Oldimizda turgan “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinga butun e’tiborimizni qaratamiz. Bu uchrashuvda faqat g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Bizda boshqa yo‘limiz ham qolmayapti. Shu o‘rinda, “Andijon” ishqibozlariga minnatdorlik bildiraman. Bunday darajada yigitlarni qo‘llab-quvvatlashgani uchun katta rahmat. Jonkuyar ishqibozlarga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Andijon fanatlari O‘zbekistonda birinchi raqamli! Ularning ishonchini qozonish uchun ham “Lokomotiv”ni mag‘lub etishimiz shart. Endi keyingi bahsda tarkibda albatta rotatsiya bo‘ladi, bu 100 foiz. Jamoa o‘yinida o‘zgarish ham bo‘ladi, - deydi "Andijon" bosh murabbiyi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
O‘ktam Tolibov
11/05/2021 23:30
Oldingi magʻlubiyatlarda ham darvozabon aybdor deb klubdan haydalgan edi.yana darvozabon mi