
Raneri o‘yini o‘zgargan Shomurodov haqida nimalar dedi?
Klaudio Raneri o‘zbek hujumchisi Eldor Shomurodovni ketma-ket ikki o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
Raqiblar ham Italiyaning eng kuchli jamoalari – “Napoli” va “Milan” edi. A Seriya doirasida “Napoli”ga qarshi juda ishonchli o‘ynagan o‘zbek futbolchisi jamoasining durang qayd etishiga munosib hissa qo‘shgandi.
Italiya kubogida “Milan”ga qarshi birinchi bo‘limda to‘liq o‘ynagan Eldor Shomurodov raqib himoyasini yorib o‘tolmadi. Shunga qaramay, hamyurtimiz ancha faol o‘ynadi.
Klaudio Raneri shogirdlari mezbonlarga 1:3 hisobida yutqazib, musobaqadagi yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
“Roma” rasmiy sayti Klaudio Ranerining uchrashuv haqidagi fikr-mulohazalarini e’lon qildi.
- Eng avvalo, biz “Milan”ning juda zo‘r o‘ynaganini va har tomonlama ustunlik qilganini e’tirof etishimiz va maqtashimiz kerak. Buyuk klub bilan o‘ynadik. Uchrashuvda ijobiy hisob qayd etish uchun qo‘limizdan kelganini qildik, bellashuv davomida gol urish uchun bir necha marta imkoniyatimiz bo‘ldi, himoyada ham yaxshi o‘ynay olgan vaziyatlarimiz ham bor edi.
Biz gol urishimiz kerak bo‘lgan pallalarda o‘zimiz to‘p o‘tkazib yubordik. Kuchli bosim o‘tkazilgan paytda o‘yin tizgini qo‘ldan chiqishi tabiiy hol va shu tufayli ham burilish yasay olmadik.
Meni qarshi hujumlarga tayanmaslikda ayblashadi, biroq bunaqa yuqori darajadagi jamoaga qarshi o‘ynaganda, bu ishni amalda uddalash og‘izda gapirishdan ancha qiyin.
Bizdan musobaqa jadvalida ko‘tarilishni, Italiya kubogini yutushni, Evropa ligasiga chiqishni talab qilishayotgani meni xursand qiladi. Lekin jamoani qay ahvolda qabul qilib olganimni ham unutmang.
Menga qizig‘i, shogirdlarim bu mag‘lubiyatga qanday munosabatda bo‘lishidir. Biz bu mavsum hech bo‘lmaganda, evrokuboklarga chiqishni uddalashimiz kerak. Buning uchun qo‘limizdan kelayotganini qilayotganimizni tushunishingizni istardim.
Futbolchilarga ham oson emas. Ular bir mavsumning o‘zida uchinchi murabbiy bilan ishlayapti. Har bir murabbiyning o‘z qarashi, o‘z ishlash uslubi bor. Bu oson emas. Men shogirdlarim qo‘lidan kelganini qilayotgani uchun ulardan minnatdor bo‘lishim kerak.
Bu uchrashuvdan keyin “Milan” bosh murabbiyi Serjiu Konseysauga jamoada tartib o‘rnata olganini aytdim. Jamoasi yaxshi o‘ynayotganini maqtash kerak. Men samimiyatni qadrlayman va nimani his qilsam shuni aytaman. Raqiblar bilan o‘zaro hurmat borasida muammo yo‘q.
Shu o‘rinda aytishim kerakki, bellashuvdan oldin Eldor Shomurodovdan “Napoli”ga qarshi uchrashuvda qanday o‘ynagan bo‘lsa, bu gal ham shunday harakat qilishini so‘radim. Eldor Paulo Dibala bilan uch nafar yarim himoyachimiz oldida o‘ynab, o‘yin jarayonini boshqarib borishi talab etilgan edi. Ular jamoani oyoqqa turg‘azishi kerak edi.
Lekin Shomurodov aynan “Napoli”ga qarshi kechgan uchrashuvda juda ko‘p kuch sarflab yuborgan edi. Shu bois, bu gal xuddi “Napoli” bilan bo‘lgan o‘yindagidek harakatlarini to‘liq amalga oshira olmadi. Shunday bo‘lsa-da, juda yaxshi o‘yin o‘tkazganini e’tirof etish lozim.
Men uni ayblasam, adolatdan bo‘lmaydi, chunki Eldor zarba yo‘lladi, jarima maydonchasi atrofida sheriklariga juda yaxshi uzatmalarni amalga oshirdi. Biz kurashdik.
“Milan” tezkor hujumlar uyushtirishini bilardik. Tezkor hujumga tayanadigan “Ayntraxt” va “Napoli”ga qarshi tartibli o‘yin namoyish qilgandik. Lekin “Milan”ga qarshi turishni uddalay olmadik, ayrim vaziyatlarda ishonchli o‘ynay oldik, - dedi Klaudio Raneri.
Fikrlar