Raketamodelchilarimiz xalqaro musobaqada g‘alaba qozonishdi

  • 26 sentabr, 2022, 21:12
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
BEPUL PROPAN

Joriy yil 16-23 sentyabr kunlari Qozog‘istonning Baykonur shahrida raketamodel sporti bo‘yicha “Baykonur Kubogi – 2022” xalqaro sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, ushbu turnirda ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari 2 tadan oltin, kumush va bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston terma jamoalaridan 200 nafarga yaqin sportchi qatnashgan musobaqada O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti jamoasi mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qildi.

Ancha shiddatli va murosasiz kechgan ushbu bahslarda sportchilar o‘zlari tomonidan yaratilgan raketa modellari va ularning ochiq osmonda parvoz qilish imkoniyatlarini namoyon etishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida O‘zbekiston vakillari 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, nafaqat hamyurtlarimizning, balki tadbirni qiziqish bilan kuzatib borgan butun dunyo raketamodel sporti ixlosmandlarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Yakkalik bahslarida “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari quyidagi natijalarni qayd etishdi:

1. Najmiddin Zaylidinov – oltin medal (Namangan);

2. Farhod Bakiev – oltin medal (Samarqand);

3. Hayotbek Qurbonaliev – kumush medal (Namangan);

4. Firdavs Gulmurodov – kumush medal (Buxoro);

5. Samandar Soqiev – bronza medal (Namangan);

6. Najmiddin Zaylidinov – bronza medal (Namangan).

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!