Qozoq matbuoti legionerimizni qaytarish tarafdori. Futbolchimiz nima deydi?

  • 9 yanvar, 2023, 11:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2022 yili “Ordabasi”da to‘p surgan Odilbek Abdumajidov Qozog‘istondagi o‘yinlari orqali o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. U maydondagi vazifalarini sidqidildan bajarishdan tashqari hujum chizig‘idagi sheriklariga imkon tug‘ilgan zahoti ko‘maklashish payida bo‘ldi.

Tecno

Bir so‘z bilan aytganda, Abdumajidov maydonda juda foydali o‘yin ko‘rsatdi. Uning Sports.kz talqiniga ko‘ra QPL ramziy terma jamoasiga 4 marta kiritilgani ham buni to‘la tasdiqlaydi. Ammo bugungi kunda ushbu ijrochi Bekobodning “Metallurg” jamoasi ixtiyorida bo‘lib turibdi. Uni bundan keyin ham Qozog‘iston chempionatida ko‘rish mumkinmi? Qozog‘istonlik hamkasblarimiz shu kabi savollarga javob topish maqsadida bevosita Odilbek Abdumajidovning o‘ziga murojaat qildilar.

- Odilbek, o‘tgan mavsumni o‘zingiz uchun qanday baholaganlar bo‘lardingiz, - deya Sports.kz internet portali muxbiri hamyurtimizdan so‘radi.

- Birinchi navbatda hammaga rahmat aytmoqchiman – murabbiylarga, o‘yinchilarga, fanatlarga va boshqalarga. Bir so‘z bilan aytganda, bu men uchun juda yaxshi yil bo‘ldi.

- Siz himoya chizig‘ida juda muhim rolni ijro etdingiz va imkon tug‘ilgan zahoti hujumchilarga faol yordam berdingiz. Nima sababdan “Ordabasi” klubini tark etdingiz?

- Men u erda ijara asosida to‘p surdim va kelishilgan muddat nihoyasiga etganidan so‘ng ortda qaytdim.

- “Ordabasi” sizni yangi mavsum uchun ham safda olib qolishga harakat qilmadimi?

- Albatta, ular keyinchalik ham klubda qolishimni istashdi.

abdumajidov1_1

- Chimkentda moliyaviy masala borasida muammolar borligi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Ayting-chi, sizga kelishilgan haqni to‘lashdimi?

- Bilasizmi, klubda moliyaviy muammolar borligi menga sezilmadi ham. Xizmat haqimni doim vaqtida oldim.

- Qozog‘istonning boshqa klublaridan ham sizga takliflar bo‘ldimi? Axir siz o‘z o‘yiningiz bilan barchaning e’tiborini qozona oldingiz.

- Bu boradagi ma’lumotlardan bexabarman. Agar xizmatimga boshqa klublar ko‘z tikishayotgan bo‘lsa, bundan agentlarim yaxshi xabardorlar.

- Moliyaviy masalalar haqida gaplashadigan bo‘lsak, “Metallurg”ning holati “Ordabasi”nikidan ko‘ra yaxshiroqmi?

- Men Qozog‘istonga faqat bir maqsad – o‘zimni ko‘rsatish niyatida borganman. Nazarimda, u klubda ham, bu klubda ham moliyaviy holat deyarli bir xil.

- “Metallurg” rahbariyatining bu safar ham sizni “Ordabasi”ga ijara berishi mumkinligi haqidagi variant ehtimoli bormi?

- Bir narsa deyishim qiyin. Buning uchun avvalo klub rahbariyati bilan gaplashib olishim kerak bo‘ladi. Ammo hammasi yuz berishi ehtimoli yuqoriroq. Hozirda biz terma jamoa bilan BAAga yig‘in o‘tkazish uchun yo‘l olmoqdamiz. U erda 23 yanvargacha bo‘lamiz. Safardan qaytganimizdan keyin qaysi jamoa uchun o‘ynashim oydinlashsa kerak.

- Chimkent sizga nimasi bilan yoqdi?

- Menga Chimkent shahri juda yoqdi. Odamlari mehribon va samimiy. Asosiysi, u erga juda tez moslashib oldim. Hammasi uchun rahmat.

abdumajidov2_1

- Qozog‘iston chempionati va uning o‘ziga yarasha plyus va minuslar haqida nima deya olasiz?

- Qozog‘istonda minuslardan ko‘ra plyuslar ko‘proq. Buni aytmasam hamma yaxshi bilsa kerak. Asosiy minus shundaki, u erdagi aksariyat maydonlar unchalik yaxshi emas.

- Ayting-chi, “Ostona” oltin medallarni haqli ravishda qo‘lga kiritdimi?

- Albatta. Men “Ostona”ning chempionatda g‘alaba qozonishi haqli ravishda amalga oshdi, deb hisoblayman. U chindan ham QPLdagi eng kuchli klub sanaladi.

- “QPL – 2022”dagi qaysi o‘yinchilarni alohida ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

- Juda qiyin savol. Chunki falonchi-falonchi o‘yinchilar eng yaxshilari deya ajratib ko‘rsatishim mushkul. Faqat shuni aytishim mumkinki, har bir jamoada yaxshi ijrochilar va etakchilar bor.

- Himoyachi sifatida kimga qarshi o‘ynash siz uchun ko‘proq qiyinchilik tug‘dirdi?

- Bunday futbolchilar “Ostona”, “Qayrat” va “Kaspiy”da uchradi. Ular texnik tomondan ham juda yaxshi ijrochi bo‘lganlari bois menga og‘ir bo‘ldi.

- Bizda azaldan Qozog‘iston va O‘zbekiston futbolini bir-biriga taqqoslab kelishadi. Sizningcha, qaysi chempionat kuchliroq va nimaning evaziga shunday deb hisoblaysiz?

- O‘zbekistonda o‘yinchilar texnik tomonidan kuchli bo‘lsa, Qozog‘istonda jismoniy tarafdan kuchli ijrochilar ko‘proq.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!