
Qozog‘istonda medallarimiz ko‘p bo‘ldi
Qozog‘istonning Almati shahrida taekvondoning VT yo‘nalishi bo‘yicha “Almaty open - 2023” chempionati o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada dunyoning turli mamlakatilaridan kelgan sportchilar bolalar va kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Nufuzli turnirda yurtimiz sharafini “Tornado” klubida taekvondo sirlarini o‘rganayotgan jami 11 nafar sportchi himoya qildi. Ularni xalqaro musobaqaga O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan murabbiy Faxriddin Umarov, yosh bo‘lishiga qaramay, murabbiylik ishida katta tajriba to‘plagan Ahror Asrorov va qizlar murabbiyi Iroda Usarova tayyorladi.
Qozog‘istondagi musobaqa taekvondochilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Keskin va murosasiz bellashuvlarida quyidagi sportchilarimiz o‘z yosh toifasida barcha raqiblarini ortda qoldirib oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar g‘oliblari:
Mirzajonov Ali
Xalilxo‘jaev Imronbek
Xalilxo‘jaeva Zarnigor
Ibrohimov Sarvar
Doniyorjonov Sobirjon
Baxtiyorov Shahriyor
Kadetlar o‘rtasidagi bahslar chempionlari:
Isroilov Amirbek
Nuralbekov Umarbek
O‘smirlar o‘rtasidagi musobaqa g‘olibi:
Alixo‘jaev Asrorxo‘ja
Kattalar o‘rtasidagi bellashuvlar chempionlari:
Pak Roman
Erkabaeva Ozoda
Shuningdek, “Almaty open - 2023” turniri doirasida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasida pumse – jismoniy mashqlar bajarish bo‘yicha juftlik bellashuvlarida Pak Roman va Erkabaeva Ozoda eng yuqori ko‘rsatkich bilan musobaqada zafar quchdi.
- Musobaqa jamoamiz sportchilari uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Shogirdlarimiz, iqtidor, salohiyat, mahorat bobida hech bir raqibdan qolishmasligini amalda isbotladi. Turnirga puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Mehnatlarimiz o‘z samarasini berdi.
Ta’kidlash joizki, xorijiy turnirlar sportchilarimiz uchun mahorat maktabi vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari, chet elga chiqqan yosh sportchilarimizda vatan tuyg‘usi kuchayadi, ular o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtni yanada qattiqroq qadrlaydilar, ota-onalariga nisbatan sog‘inch tuyg‘usini his qiladilar. Bu kabi omillar ularning tarbiyasi va dunyoqarashiga ijobiy ta’sir qiladi. Maqsadimiz ham yoshlarni har tomonlama barkamol, xalqimiz koriga yaraydigan avlod qilib tarbiyalashdir, - dedi tajribali murabbiylardan Ahror Asrorov.
Fikrlar