"Qo‘qon-1912"ning tadbirkor futbolchisi haqida eshitganmisiz? Yoxud Andijonda yana bir "Bobur arena" ochildi

  • 6 yanvar, 2021, 18:29
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Maydonda to‘p surayotgan o‘yinchilarning futboldagi faoliyati qisqa bo‘ladi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Shu bois hamma futbolchilar faoliyati davomida moddiy tomondan mablag‘ ishlab qolish harakatida bo‘ladi, bu yashirinadigan ish emas, hamma biladi.

Tecno

Shunday sobiq futbolchilarni ko‘ramizki, ular o‘z paytida taniqli, tajribali o‘yinchi bo‘lgan, ammo futboldan keyin bir muncha qiynalib qolishgan bo‘ladi. Shu sababli hozirda aksariyat o‘yinchilar faoliyati davomida bir nimalik bo‘lib qolish harakatida yurishadi. Faoliyati bilan birga moddiy ta’minotining ham g‘amida bo‘lishadi. Bu normal holat. O‘yinchilarning biror-bir klubga o‘tishidan avval shubhasiz moliyaviy taklif ham asosiy mezonlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Futbolchilar orasida o‘zining turli qiziqishlaridan kelib chiqib boshqa ishga qo‘l urganlari ham yo‘q emas. Ya’ni, daromad manbai sifatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlari ham futbolchilar orasida topiladi. Lekin ko‘pincha ular bu haqida sir saqlashga, oshkor qilmaslikka urinishadi. Shunday bo‘lsa ham futboldan tashqari tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan o‘yinchi haqida ma’lumotga ega bo‘ldik.

Maqolamiz qahramoni “Qo‘qon-1912” safida to‘p surib kelayotgan 1989 yilnng 14 fevralida tavallud topgan Bobur Akbarov. U Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida voyaga etgan. Bolaligidan futbolga qattiq mehr qo‘ygani sababli bugungi kunda professional o‘yinchi sifatida shakllanib ulgurdi.

akbarov1

O‘tgan yildan beri qo‘qonliklar tarkibida to‘p surib kelayotgan himoyachi faqatgina futbol bilan cheklanib qolmasdan qo‘shimcha daromad manbai sifatida asta-sekin tadbirkorlikka ham qo‘l urmoqda. Bu borada u yaqinlari bilan maslahatlashgan holda shunday yo‘l tutmoqda. Futboldan topayotgan daromadini ko‘kka sovurmasdan bir so‘mni ikki so‘m qilish harakatiga tushib qolgan Akbarov o‘zi tug‘ilib o‘sgan Jalaquduq tumanida yangi futbol arenasini barpo qildi.

Qizig‘i, unga “Bobur arena” deb nom berildi. Kuni kecha “Andijon” klubi stadioni nomi ham o‘zgarib, “Sog‘lom avlod”ning o‘rniga endi “Bobur arena” deb yuritilishi rasman e’lon qilingandi. Shu masalada adashtirib yubormanglar, endi Andijonda ikkita “Bobur arena” nomli stadion bo‘ladi, biri katta, biri kichik.

akbarov

Bobur Akbarov o‘z tumanida barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ixchamgina o‘yingohni qurib bitkazdi. Ushbu arenaga esa o‘z nomini berishi ham tabiiy edi. Uning ochilish marosimi esa tumanda o‘ziga yarasha bayramona ruhda tashkillashtirilgani ham e’tiborga molik. Tuman hokimi “Bobur arena”ning ochilishida ishtirok etib, futbolchining bunday sa’y-harakatlarini olqishladi. O‘z navbatida futbolchi sports.uz saytiga bunday g‘oya qanday tug‘ilgani va tadbirkorlikni boshlagani haqida quyidagilarni aytdi:

akbarov4

-  2019 yili “Andijon” sharafini himoya qilib yurgan vaqtimda viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan tumanimiz hokimi tomonidan qurilish uchun tashlandiq er berilgandi. U joy chiqindi to‘kiladigan bir chuqurlik edi. Natijada o‘sha erga ancha ishlov berdik, obod qilib, futbol arenasini barpo qilish uchun ishga kirishdim. Mana, bir yarim yil deganda o‘sha chuqurlikni to‘ldirib, arena qurish uchun hozirladim va qisqa fursatda bu maydonni qurib bitkazdim.

Shu bois kuni kecha Jalaquduq tumani hokimi – Hikmatillo Latipov bilan birgalikda ushbu arenaning ochilish marosimini o‘tkazdik hamda o‘ziga xos turnir tashkil qildik. Turnirda 20 dan ziyod jamoalar kurash olib borishdi. 1-2-3-o‘rinni olgan jamoalar turli esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bundan ko‘zlangan maqsad chekka-chekka qishloqlarda ham yoshlarni sportning futbol turiga jalb qilishdan iborat, - deydi "Qo‘qon-1912" futbolchisi.

akbarov6

Bobur Akbarov o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskanda ham futbolni yanada rivojlantirish, yoshlarning ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqishini oshirishi uchun xizmat boshladi. Bu albatta ijobiy holat. Lekin “Qo‘qon-1912” himoyachisi bu bilan aslo cheklanib qolmoqchi emasga o‘xshaydi. Aftidan, uning qurib foydalanishga topshirgan “Bobur arena”sidan ilhomlanib yana yangidan-yangi g‘oyalarini amalga tatbiq etishni rejalashtirib qo‘ygan. Keling, yaxshisi qolganini o‘zidan eshitsak:

-   Futbol arenasiga qo‘shimcha trenajyor zali, voleybol va basketbol maydonlari yana stol tennisi maydonlarini qurishni ham rejalashtirib qo‘yganman. Jalaquduq tumanidagi yoshlar bo‘sh vaqtlarini sport bilan o‘tkazish maqsadida ham shunday ishga qo‘l urdim.

Tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha endi dastlabki qadamni tashladim. Buning uchun Xudoga shukr qilaman. Endi esa bundan buyog‘iga ham bu ishimni yanada kengaytirish maqsadidaman, - deya fikr bildirdi, Bobur Akbarov.

akbarov3

Shu o‘rinda ushbu futbolchi haqida ikki og‘iz ma’lumot berib o‘tsak, zarar qilmasdi. Yuqorida tanishtirganimizdek, u 1989 yili Jalaquduq tumanida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyati davomida “Guliston”, “Bunyodkor”, “Navbahor”, “Andijon” kabi klublarda to‘p surdi, hozirda esa “Qo‘qon-1912”da etakchilardan biri. U o‘tgan mavsumda 24 ta uchrashuvda maydonga tushib 2 ta gol urdi.

Darvoqe, 2017 va 2018 yilgi mavsumlarda Malayziyaning “Kuala-Lumpur” jamoasida ham legioner sifatida to‘p surganini ta’kidlash joiz. Uning faoliyatida yana bir qiziq holat shundan iboratki, Akbarov ko‘pincha Baxtiyor Ashurmatov qo‘li ostida to‘p suradi. Masalan, “Guliston”, “Navbahor”, “Andijon” jamoalarida ushbu mutaxassis bilan birga ishlagan. Hozirda esa ularning yo‘llari Qo‘qonda ham kesishdi. Demak, Ashurmatov bilan Akbarovning bir-biriga ishonchi katta. Bundan keyin ham Boburga futboldan tashqari tadbirkorlik faoliyatida ham yangidan-yangi marralarni zabt etishini tilab qolamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!