
"Qo‘qon-1912" markaziy o‘yinda yutqazib qo‘ydi. Bosh murabbiy mag‘lubiyatni qanday izohladi?
Bugun pro liganing 2-turi boshlandi. Markaziy uchrashuv “Qo‘qon-1912” va “Buxoro” klublari o‘rtasidagi qarama-qarshilik edi.
Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazilgan mazkur bellashuvda mehmonlar yagona gol evaziga juda muhim bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.
“Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida mag‘lubiyat sabablari haqida fikr bildirdi.
- Raqibimizni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Ko‘rdinglar, futbolda hamma narsa bo‘ladi. “Buxoro”ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Bugun bizning kunimiz emas ekan. Bitta vaziyatda yigitlarda sarosima bo‘ldi va to‘p o‘tkazib yubordik. 90 daqiqa hujum qildik, vaziyatlar yaratdik. Darvozaga to‘p kirmadi.
- Keyingi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, ochkolar olish kerak...
- Xudo xohlasa. Keyingi o‘yinimiz “Aral” bilan. Hozir futbolchilar bilan gaplashib oldim. Bu o‘yinimizni yana ko‘rib chiqamiz. Qaerda xatolarimiz bor, qaerda to‘g‘ri qildik, ustimizda ishlaymiz. Chempionat boshlandi, ikkita o‘yin o‘tkazdik. To‘g‘ri, ikkala uchrashuvda yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Bugun shu holatga tushdik. Bu yog‘iga yana o‘yinchilar bilan va murabbiylar shtabi bilan ko‘rib, xatolarimiz ustida ishlaymiz. Keyingi o‘yinlarda faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
- Bu yil yangi o‘yinchilar qo‘shildi. Hali ular bir-birini tushunib, kirishib ketishgani yo‘q, bizningcha. Masalan, hujumchi Petrovda xavfli vaziyatlar bo‘lmadi.
- To‘g‘ri savol. Bu yil jamoamiz 90 foizga o‘zgardi. Bu bahona emas. Futbolchilar bilan etarlicha vaqtimiz bor edi, ishladik, ko‘rdik. Aytganingizdek, tarkib yangi. 60-70 foizini yoshartirdik. Kelajagi bor, yigitlar. Futbolchilarni yomon deb bo‘lmaydi. Endi ikkita tur o‘tdi. Hammasi bir-biriga moslashadi, hali g‘alabalarimiz oldinda. Barchasini moslashtirib, jipslashtirib olamiz. Hammasi yaxshi bo‘ladi va yakunda niyatimizga erishamiz.
Fikrlar