
"Qizilqum"ning "Navbahor"ga qarshi qanday rejasi bor yoxud bosh murabbiy Jamshid Saidov jamoasining tayyorgarligi va tarkibdagi o‘zgarishlar xususida
Navoiyning “Qizilqum” klubi ham yozgi yig‘inini yakunlab, endi bor e’tiborini ikkinchi davraning 14-turida bo‘ladigan “Navbahor”ga qarshi uchrashuvga qaratgan. Ushbu uchrashuv “Qizilqum” maydonida o‘tkaziladi.
Jamoa ustozi Jamshid Saidov oldindan kutilganidek yozgi tayyorgarlik paytida tarkibga bir qator yangi futbolchilarni qo‘shib oldi.
Sports.uz jurnalisti “Qizilqum” bosh murabbiyi bilan ikkinchi davra oldidan suhbatlashdi.
- “Qizilqum”ning yozgi yig‘inidan ko‘nglingiz to‘ldimi? Barchasi reja bo‘yicha kechdimi?
- Biz yozgi yig‘inimizni 7 iyuldan Dukentda boshladik. Bu erda sharoitlar yaxshi, tayyorgarligimiz ham ko‘ngildagidek bo‘ldi. Safimizga bir qator yangi o‘yinchilar qo‘shilishdi. Makedoniyalik hujumchi Simonovskiyni oldik. Oldin jamoamizda o‘ynab ketgan gruziyalik Kuxianidzeni qaytardik va yana bir gruzin futbolchisi Akaki Shulaya bilan ham kelishuvga erishdik. Turkmanistonlik Baxtiyor Gurgenov ham keldi. “Nasaf”dan Jo‘rabek Mannonovni taklif qildik. “Olimpik”dan asli buxorolik bo‘lgan Muhammadali G‘iyosovni oldik. Funktsional tayyorgarligimiz yaxshi o‘tdi. Futbolchilar bir-birini yanada yaxshi tushunib olishsa bo‘lgani. Hammasi asta-sekin yaxshi bo‘ladi. Nazorat uchrashuvlarida barcha futbolchilarga imkoniyat taqdim etdik. Optimal tarkibni Xudo xohlasa 30 iyul kuni ko‘rasizlar. Birinchi o‘yinni “Navbahor”ga qarshi o‘tkazamiz va bu albatta qiyin bo‘ladi. Ikkita farqli jamoalar kurashadi. “Navbahor” chempionlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, “Qizilqum” Superligada jon saqlab qolish uchun harakat qilmoqda. O‘ylaymanki, ikkinchi davra juda qiziq bo‘ladi. Negaki, 4-5 ta jamoa chempionlik uchun intilmoqda. Turnir jadvalidagi kurash ham juda qizg‘in kechadi.
- Selektsiya bo‘yicha barcha reja qilingan futbolchilarni oldingizmi yoki kimdir qolib ketdimi?
- PFL Reglamenti bo‘yicha biz 5 nafar futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza olamiz. Qolgani yoshlar bilan tarkib to‘ldirilaveradi. O‘ylaymanki, yaxshi selektsiya olib bordik. Bu ishlardan qoniqdim. Barchasi rejamiz bo‘yicha ketyapti. Birinchi davraga nisbatan ba’zi pozitsiyalarimizni kuchaytirdik. Ikkinchi davrada nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Klubdan ketgan futbolchilar haqida ham so‘ramoqchiman. Ko‘proq qaysi o‘yinchining tark etganini “Qizilqum” uchun jiddiy yo‘qotish deb ayta olasiz?
- Bungacha Tachmurod Agamurodov ishlayotgandi. Men kelgunga qadar Tachmurod Shamakovich deyarli 7 nafar futbolchi bilan xayrlashgandi. To‘g‘risi, ularni eshitgandim, ammo yaxshi bilmasdim. O‘yinini o‘zim ko‘rganim yo‘q, shuning uchun hech nima deya olmayman. Agamurodov ularni ko‘rgan, biladi. Murabbiyga ishonaman. Men ishlagandan keyin faqatgina Jasur Xolto‘raevga javob berdik. Ularning o‘rniga yangi futbolchilar bilan tarkibni kuchaytirdik.
- “Navbahor”ga qarshi uchrashuv jamoangiz uchun juda muhim. Birinchi davrada Namangandagi bahsda mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Har qanday klubga ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlash muhim. Bo‘lajak uchrashuv oldidan qanday rejangiz bor?
- Bu – futbol, oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmaydi. Agar hammasini bilganimda edi (kuladi). Albatta, o‘z maydonimizda o‘ynaymiz, shunga yarasha futbolchilar maksimal darajada harakat qiladilar. Ular bor kuchlarini beradilar. Yigitlar jismoniy tomondan, funktsional va taktik jihatdan ham tayyorlar. Futbolchilarni ruhiy tarafdan tayyorlay olsak bo‘ldi. Bu – futbol bo‘lgani uchun oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmaydi. Bunday raqiblarga qarshi uchrashuvlarda muvozanatni saqlash nihoyatda muhim. Uchrashuv boshidan to oxiriga qadar muvozanatni saqlash kerak bo‘ladi. Ana shunda yaxshi natijaga erishish mumkin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar