Qaysi klublarimiz ustidan eng ko‘p arizalar tushmoqda? Kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish uchun qanday tizim yaratildi? O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari barchasiga oydinlik kiritdi

  • 11 noyabr, 2020, 22:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sobiq futbolchi Kamoliddin Murzoev barchamizga yaxshi tanish. U bir qator klublarimizdagi faoliyati orqali tajriba orttirgan. Biroq jarohatlar tufayli Murzoev faoliyatini boshqalarga nisbatan ertaroq yakunlashga majbur bo‘ldi.

Tecno

Bunday paytda aksariyati o‘zini murabbiylikka yoki futbol ichidagi boshqa ishlarga bag‘ishlaydi. Lekin Kamoliddin boshqacha yo‘l tutdi. Ilgari futbol o‘ynab yurgan paytlarida o‘zi ham turli qiyinchilik va muammolarga duch kelgan bo‘lsa kerak yoki boshqa hamkasblarining o‘z huquqlarini yaxshi bilmasligi oqibatida murakkab ahvolga tushib qolganini ko‘rib, o‘ziga tegishli xulosalar chiqargandir. Negaki, oldin xabar berganimizdek, O‘zbekiston futbolchilar uyushmasiga asos soldi va ushbu tashkilotning rahbari hisoblanadi.

Bu orqali ular o‘yinchilarning o‘z huquqlarini yaxshi anglashi, ulardagi mavjud muammoli vaziyatlarni hal qilish, qarzdorlik masalalari bo‘yicha ham yordam qo‘lini cho‘zish kabi masalalarda bosh-qosh bo‘lib kelmoqdalar.

Biz esa, O‘FU (O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi)ning bugungi paytda olib borayotgan ishi va o‘tgan vaqt davomida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini bilish maqsadida tashkilot rahbari Kamoliddin Murzoev bilan aloqaga chiqdik. O‘z navbatida u sports.uz uchun vaqt ajratishga rozi bo‘ldi.  

O‘zbekiston futbolchilar uyushmasida oldinga siljish bormi?

Xo‘sh, ayni paytda ushbu tashkilotning harakatlarida oldingi siljish bormi? Chunki O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi baribir futbolimiz uchun yangilik. Ish jarayonida qanday kamchilik yoki yutuqlar ko‘zga tashlanyapti? Kamoliddin Murozoev dastlab shu haqida fikr bildirdi.

-  Savolingiz juda o‘rinli. To‘g‘ri, biz yangi tashkilotmiz. Shu bilan birgalikda bu yurtimiz futboli uchun ham yangilik edi. Boshlagan ishlarimiz asta-sekinlik bilan o‘z yo‘liga tushib bormoqda. Bir-ikkita ijobiy hal qilgan ishlarimizdan keyin bizga bo‘lgan ishonch futbolchilarimiz orasida ham ortib boryapti. Biz bundan-da yuqori natijalarni ko‘zlaganmiz. Baribir yuzaga kelgan qiyinchiliklar bilan mehnat qilishimizga to‘g‘ri keldi, ayniqsa, pandemiya sharoitida. Futbolchilarimizning ushbu tashkilot haqida to‘liq tushuncha va tasavvurga ega bo‘lishlari uchun ko‘plab seminarlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz. O‘ziga yarasha yutuqlarimiz ham bor, milliy chempionatimizda ham, xorijda to‘p surayotgan legionerlarimiz bo‘yicha ham. Natijada futbolchilar bizga ishongan holda murojaat qilayotgani quvonarli hol.

FIFAning klublarimiz bo‘yicha chiqarayotgan qarorlariga

O‘FUning pozitsiyasi qanday?

Afsuski, futbolchilar va klublar o‘rtasida doimiy ravishda nizolar kuzatilmoqda va buning oqibatida ish FIFA darajasigacha oshirilyapti. Buning oqibatida klublarimizga mazkur yuqori tashkilotdan ogohlantirish xatlari va jazo qo‘llanilgan qonunlar chiqarilyapti. Mana shunday muammoli vaziyatlarning ijobiy echimini topish uchun Murzoev boshchilik qilayotgan O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi qanday sa’y-harakatlarni olib bormoqda?

-  To‘g‘risi, FIFA tomonidan xatlar kelishi yurtimiz futboli uchun achinarli holat. Osiyoda shartnomaga amal qilinmagan va uning bandlari buzilganlik holati bo‘yicha beshta mamlakat qatoriga kiramiz. Bizda asosan legionerlar bilan bog‘liq vaziyatlar ko‘proq kuzatildi. “Surxon” futbolchisiga kelgan xat bo‘yicha klubga murojaat qildik. Eng yaxshisi, to‘g‘ri yo‘lni topib, ikki tomonni kelishtirgan holda masalani ijobiy hal qilishdan iborat. O‘zingiz bilasiz, jamoalarda futbolchiga e’tibor va munosabat o‘zgarib qolgan paytlarda ularning shartnomalaridagi bandlarida ko‘p buzilishlar sodir etiladi. Bunday vaziyatlar bo‘lmasligi uchun PFL bilan memorandum imzolaganmiz. Yaqin orada nizolarni hal qilish palatasini FIFA talablari asosida O‘zbekistonda ham tashkil etmoqchimiz. Bu bilan Superligamizni ishonchli va mustahkam chempionatlar qatoriga kiritish niyatimiz bor.

kamol3

Futbolchilarga haq-huquqlarini

tushuntirish uchun qanday ishlar qilinyapti?

Yuqoridagi kabi muammolar bo‘lmasligi uchun ham baribir futbolchilar o‘z haq-huquqlarini hamda yuridik jihatlarini yaxshi tushunib olishlari muhim ekanligi ko‘rinib qolyapti. Buning uchun ularni o‘qitish va ma’lumotlarni etkazish kerak. Bu borada O‘FUning qandaydir taklif va g‘oyalari bormi?

-   To‘g‘ri, avvalo futbolchilarimizning huquqiy va yuridik tomondan salohiyatlarini oshirib borishimiz kerak. Biz yuqori tashkilotimiz – FIFProni a’zosimiz. Uning talabi va asoslariga ko‘ra, o‘quv seminarlarini tashkillashtirish, bundan tashqari har to‘rt yilda futbolchilar assambleyasini yig‘ib, tashkilot to‘g‘risida ma’lumot, uning moliyaviy jihatlari, umuman har taraflama tushunchalar etkazishimiz lozim. Bu yil esa pandemiya sharoitiga tushib qolganimiz sababli reja va maqsadlarimizga ta’sir ko‘rsatdi. Bunday holatlarning 100 foiz oldini olib bo‘lmaydi. Chunki bu butun dunyoda ro‘y berayotgan vaziyat. Endi bunday mojaroli holatlarni imkon qadar FIFAgacha etkazmasdan turib, ichki muhitda to‘g‘ri hal qilishimiz kerak. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Klub va futbolchilar shartnoma bandlariga shunday qarashlari kerakki, ertaga FIFA tomonidan jazo qo‘llanilishini yodda tutishlari darkor. Hattoki, ba’zi paytlarda FIFA kim bo‘libdi, degan vajlarni ham eshitganmiz, bu juda noto‘g‘ri. Har bir klub shartnoma tuzilayotganida klub va futbolchi har tomonlama o‘rganib chiqishi kerak, - dedi Murzoev.

Qiziq, ko‘proq qaysi klublarimiz ustidan arizalar tushyapti?

Futbolchilar tomonidan mazkur tashkilotga ko‘proq qaysi klublarimiz ustidan arizalar kelib tushmoqda? Negaki, bunday holatlar bo‘yicha ham o‘quvchilar ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Shu sababli Kamoliddin Murzoev quyidagilarni ma’lum qildi:

-  Deyarli barcha klublarimizda o‘ziga yarasha katta va kichik muammolar mavjud. Bu vaziyatda qaysidir jamoani alohida tilga olish noo‘rin bo‘lardi. Bugungi kungacha “Navbahor”, “Andijon”, “Dinamo”, “Mash’al” kabi jamoalar bilan futbolchilar o‘rtasida muzokaralar olib bordik. Rahbariyat to‘g‘ri tushungan holda o‘yinchilarning mablag‘larini to‘lab berdi. Bundan tashqari, yaqinda PFLga murojaat qilganmiz va unda bir qator o‘yinchilar bor. “Bunyodkor” jamoasidan ham da’vo arizalari bor, ular ko‘rib chiqilishi darkor. Albatta, birdaniga hamma klublarning arizalarini hal qilish qiyin. Barchasini bosqichma-bosqich bartaraf etib boramiz.

kamol2

Superligamizning bugungi mavqei xususida

Murzoevning fikri boshqacharoq...

O‘zbekiston chempionatida o‘zgarishlar bormi? Qolaversa, futbolchilarning saviyasi va dunyoqarashi qay holatda? O‘z vaqtida Murzoev ham futbolchi bo‘lgan va u ko‘p masalalar bo‘yicha axborotga ega.

-  Yurtboshimizning futbolga qarayotgan e’tibori nuqtai nazaridan futbolimiz harakatda davom etmoqda. Lekin biz hali katta-katta yutuqlarga erishganimiz yo‘q. Oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi. Har bir futboldaman degan shaxs o‘zining sadoqatini, muhabbatini mehnatlari orqali namoyon qilishi shart. Ko‘ryapsiz, ko‘plab davlatlarda futbol rivojlanib boryapti. Futbolga e’tibor o‘zgaryapti. Lekin bizda oxirgi yillarda futbolimiz bir joyda turib qoldi, degan fikr xayolimdan o‘tadi. Futboldagi insonlar esa turtki berib, rivojlanish yo‘lida harakat qilishimiz shart, - deydi Kamoliddin.

Qaysi futbolchilarimizning huquqlarini himoya qilish

jiddiy qiyinchiliklar tug‘dirgan?

O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi o‘yinchilarning huquqini himoya qilish asnosida turli qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Murzoev boshchiligidagi tashkilot shu paytga qadar aynan qaysi futbolchilarning ishi bo‘yicha jiddiy muammolarga duch kelgan?

-  Bugungi kungacha 20 dan ziyod futbolchilarga yordamlarimizni ko‘rsatdik, - deya mavzuni davom ettirdi Murzoev. - Hozirgi kunda ham kelib tushgan arizalar bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Ba’zida klublarga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni hal qilish bo‘yicha murojaat qilganimizda ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. O‘z o‘rnida qiyinchiliklar ham bo‘ladi. Biz uchun eng qiyini Bahodir Pardaev ishi bo‘lgan. Birinchi murojaatning qiyinchiligi shunda bo‘lganki, u Janubiy Koreyaning birinchi divizionida to‘p surayotganida bizga murojaat qilgan. Xudoga shukr, FIFPro yordamida uning masalasini ijobiy hal qila olganmiz. Koreya ligasidagi futbolchilar uyushmasiga Pardaev masalasi bo‘yicha murojaat qilganmiz. Shuningdek, o‘zimizdagi klublarda ham ayrim qiyinchiliklar bo‘lib turadi. Hammasini oxirgi kunga qadashni boshlashadi. Natijada muddat berishimizni so‘raydi. Biz futbolchining talabi va taklifidan kelib chiqqan holda ish olib boramiz. Biz unga beradigan birinchi savolimiz, sening xohishing qanday, nima va qanday yo‘l bilan istaysan, deymiz. Yaqinda “Dinamo” klubi futbolchilar bilan shartnomani bekor qilganligi aytildi. Keyin jamoa rahbarlariga murojaat qilganimizda, bizni to‘g‘ri tushungan holda o‘yinchilarni chaqirib, o‘zaro kelishib bitimni bekor qildilar. Ba’zida klublarimizda shunday tushunchalar bo‘ladiki, futbolchini ketkazib yuborganimiz bilan oylik maoshini to‘lab beramiz-ku, degan vajlarni ham aytadilar. Bu aslida noto‘g‘ri. Shartnoma bandida futbolchiga har qanday holatda ham murabbiy bilan mashg‘ulot ta’minlanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu bandning buzilishini o‘ziyoq shartnomaning buzilishiga olib keladi. Afsus, bizda mana shu jihatlariga e’tibor berilmay qo‘yilgan. Chunki o‘yinchining qanday sport formasida ekanligi uning keyingi faoliyatiga ta’sir qiladi. FIFA tomonidan bunday vaziyatga qattiq e’tibor beriladi. FIFA qarorlariga qarasangiz, kompensatsiya miqdorlari katta. Futbolchi ish o‘rnini yo‘qotmasligi kerak. Bunga chuqur e’tibor berilsa, ana shunda klublarimizda professionalizm oshadi. Bizda esa mana shunday jihatlar yuzasidan tushunmovchilik hamda qiyinchiliklar bo‘ladi. Pulini to‘lab bergani bilan futbolchining keyingi faoliyati haqida ham chuqqurroq o‘ylash kerak.

kamol

FIFProning yo‘nalishi va asosiy maqsadlari haqida

Yuqorida aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi xalqaro FIFPro tashkilotiga qarashli hisoblanadi. Shu o‘rinda Kamoliddin uning jahon futbolidagi mavqei, asosiy maqsad hamda vazifalari haqida ham to‘xtaldi.

-  FIFPro butun dunyoda 65 ta a’zo davlati va 65 mingga yaqin futbolchisiga ega bo‘lgan halqaro tashkilot hisoblanadi. Doim FIFA bilan hamjihatlikda ish olib boriladi. Har qanday yuzaga keladigan vaziyatlarda ikki tashkilot birga ish olib boradi. Chunki FIFProning FIFAdagi o‘rni va nufuzi katta. Biz esa ushbu tashkilotning O‘zbekistondagi namoyondasimiz. Bizning oldimizga turli yo‘nalishlarni beradi. Masalan, Ignatiy Nesterovda Osiyo Kubogidagi doping testi natijasi ijobiy chiqqanidan so‘ng, o‘zimiz unga yordam qo‘lini cho‘zganmiz. Rossiyadagi hamkorimiz bilan birgalikda uni diskvalifakatsiya muddatini 3 yildan 8 oyga qisqartirishga erishgandik. Bu yil esa karantindan oldin futbolchilarning sog‘ligi-salomatligi hamda antidoping masalalari yuzasidan katta seminar o‘tkazish rejamiz bor edi. FIFProning loyihalaridan birini o‘zbekistonlik futbolchilarga qo‘llashga harakat qildik. Shu bois salomatligi, klubdagi vitaminizatsiya, turli dori vositalari, antidoping yuzasidan ularning tushunchalarini o‘rganish maqsadida 200 dan ortiq o‘yinchilarimiz o‘rtasida test savollarini o‘tkazdik. Javob loyihalarini gollandiyalik mutaxassisga yuborishimiz va keyin u O‘zbekistonga tashrif buyurishi kerak edi. Toshkent, Samarqand hamda vodiyda katta seminar o‘tkazish rejamiz bor edi. Lekin bu loyiha keyinchalik amalga oshadi. Shuningdek, o‘yinchilarning futboldan keyingi faoliyatiga ham befarq bo‘lmasligimiz kerak. FIFPro platformasida futbolchini onlayn o‘qitish tizimi tashkil etilgan. Bu borada alohida dastur bor. Nafaqat futbol, balki boshqa sohalar bo‘yicha malakasini oshirib borishi, menejment, futbol boshqaruvi bo‘yicha ham loyihalarimiz bor. Bulardan tashqari, biz doim kelishilgan o‘yinlar va totalizatorga qarshimiz. Buni futbolchilarga to‘g‘ri yo‘nalishda etkazib borishimiz lozim. Hozirgi kunda butun ommaga tadbiq etgan “qizil tugmacha” loyihasi bor. Bunda har bir futbolchi anonim ravishda o‘sha o‘yindan qandaydir kelishilganlik xabarini bilsa va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizga yuborsa, kerakli organlarga ushbu ma’lumotni etkazib beruvchi yagona tizimni O‘zbekistonga olib kelmoqchimiz. Har bir futbolchi mana shunday o‘yindan xabar topsa, telefon orqali qizil nuqtani bosgan holda o‘yin ma’lumotini etkazib berishi mumkin, - deya so‘zini yakunladi  Kamoliddin Murzoev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!