
Qanaqasiga?! "Chelsi" 100 millionga sotib olgan futbolchini yana Ukraina klubiga qaytarishmoqchi
"Shaxtyor" futbol klubi direktori Dario Srna “konchilar” qishki transfer oynasida jami 100 million evro evaziga "Chelsi"ga o‘tgan ukrainalik yarim himoyachi Mixail Mudrikni ortga qaytarishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
"Mudrikning narxini "Shaxtyor" prezidenti emas, bozor belgilagan. Mixail o‘z pozitsiyasida Mbappe va Vinisiusdan keyin Evropaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri. Agar kimdir "Shaxtyor" futbolchisini sotib olmoqchi bo‘lsa, bizni hurmat qilishi kerak. Biz o‘yinchilarni sotib olish va qanday sotishni bilamiz. Afsuski, Mixail hozirda "Chelsi"da o‘zini yaxshi ko‘rsata olmayapti, lekin u Premer-liganing eng zo‘r futbolchilaridan biriga aylanish uchun salohiyatga ega. U hozir tushkun kayfiyatda bo‘lishi mumkin, chunki jamoasi anchadan beri g‘alaba qozona olmayapti. U o‘tishi mumkin bo‘lgan boshqa klub - "Arsenal" turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Balki Mudrik "kanonirlar" safiga o‘tishni xohlar. Ammo urushdan keyin "Shaxtyor" uni qaytarib sotib olishi mumkin", - dedi Srna The Football Ramble nashriga bergan intervyusida.
22 yoshli Mudrik joriy mavsum “Chelsi” safida jami 6 ta o‘yinda maydonga tushdi va birorta ham gol urmadi hamda golli uzatmani amalga oshirmadi. Uning klub bilan shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Fikrlar