
PSJ yangi darvozabon bilan kelishib oldi. Donnarumma jamoadan ketadimi?
PSJ "Lill" darvozaboni Lyuka Shevale bilan shartnoma imzolash bo‘yicha kelishuvga keldi. Avvalroq, 23 yoshli golkiper va Parij klubi besh yillik shartnoma yuzasidan muzokara boshlagani xabar qilingandi.
Jurnalist Sasha Tavolerining ma’lum qilishicha, parijliklarning yangi taklifi bonuslar bilan qo‘shib hisoblanganda 40 million evrodan oshib ketgan.
Hozirda PSJ futbolchi bilan shartnoma bo‘yicha so‘nggi tafsilotlarni kelishmoqda. Rejaga ko‘ra, u shu haftaning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Bundan tashqari, klub ushbu yozda Donnarumma bilan ham xayrlashishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralar kelasi hafta boshlanadi va italiyalik posbonning kelajagi hal bo‘ladi. Hozirda futbolchiga "Manchester Yunayted", "Chelsi" va "Galatasaray" klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
O‘tgan mavsumda Shevale Liga 1 doirasida 34 o‘yinda maydonga tushdi, 36 ta gol o‘tkazib yubordi va 11 uchrashuvni "quruq" o‘tkazdi.
Fikrlar