Profi bokschimiz og‘ir jangda chempionlik kamarini himoya qildi!

  • 27 oktabr, 2021, 08:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Janubiy Koreyaning Ansan shahridagi “Wadong Gymnasium” sport majmuasida tashkil etilgan professional boks kechasida uch nafar hamyurtimiz ringga chiqib, navbatdagi g‘alabalarini nishonladi.

Tecno

Boks kechasining markaziy uchrashuvi o‘zbekistonlik Olimjon Nazarov va filippinlik Maykl Mendoza o‘rtasida World Boxing Organisation Oriental chempionlik kamari uchun bo‘ldi.

Ushbu kamar professional bokschilar o‘rtasida 2008 yildan buyon o‘ynaladi. Olimjon Nazarov uni 2019 yili 25 avgustda filippinlik Ivan Sorianoga qarshi o‘tkazilgan to‘qnashuvda qo‘lda kiritgan.

O‘zbek bokschisi birinchi himoya jangini 2020 yili Kambojada tashkil etilgan professional boks turnirida filippinlik Orlie Silvestrdan muvaffaqiyatli himoya qilib, ochkolar hisobida zafar quchgandi.

Screenshot_20210720_171638

Bu gal mazkur chempionlik kamarini Filippinga qaytarishga urinib ko‘rgan Maykl Mendoza yosh bo‘lishiga qaramay, 11 ta g‘alaba, ikkita durang va bitta mag‘lubiyat qayd etgani bilan e’tiborni tortdi.

Yana bir qoyil qoladigan jihati, 36 yoshli o‘zbek bokschisi 12 raund davom etgan bellashuvda 23 yoshli raqibini barcha jihatdan ortda qoldirdi. Bu gal tajriba yoshlik shijoatidan ustun keldi.  Olimjon Nazarov uchala hakam qaroriga ko‘ra, ochkolar hisobida zafar quchdi va kamarini o‘zida saqlab qoldi.

Olimjon Nazarov professional bokschilik faoliyatini 2008 yili 31 oktyabrda boshlagan. Shu kungacha 31 marta ringga ko‘tarilib, 26 ta g‘alaba va beshta mag‘lubiyat qayd etgan. Kuchli texnikaga ega bokschimiz 14 ta uchrashuvda raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan.

Janubiy Koreyadagi professional boks kechasida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Abdulaziz Najmiddinov sakkiz raundlik reyting jangida sakkizinchi g‘alabasiga sazovor bo‘ldi. Iste’dodli bokschimiz mezbonlar vakili Sun Xun Kimga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvni birinchi bo‘lim tugamasidan yakunlab qo‘ya qoldi. Raqib sportchisi hamyurtimizning kuchli zarbalarini o‘tkazib yubordi va tanaffusgacha ham etib bormadi.

Ta’kidlash joizki, uch yildan beri professional janglarda qatnashib kelayotgan Najmiddinov  g‘alabali seriyasini sakkiztaga etkazgan bo‘lsa, shulardan ettitasini nokaut bilan o‘z foydasiga hal qilgan.

187809_original

Uchinchi vakilimiz – Abdurasul Ismoilov o‘ziga munosib raqib – janubiy koreyalik Mo Xyun Eim bilan to‘qnash keldi. Bu jangga qadar har ikki bokschi to‘qqiztadan jang o‘tkazib, sakkiztadan g‘alaba va bittadan mag‘lubiyat qayd etgandi. Qizig‘i, nokautlar soni ham bir xil – to‘rttani tashkil qildi.

O‘n raundga mo‘ljallangan reyting jangi keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Ettinchi raundning 46-soniyasida mezbonlar vakili o‘zbek bokschisining zarbalariga dosh berolmay mag‘lubiyatini tan oldi.

Abdurasul Ismoilov faoliyatidagi yagona mag‘lubiyatini World Boxing Association yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionlik kamari uchun koreyalik Xvang Kil Kimga qarshi o‘tkazilgan jangda qabul qilib olgan.

Biroq, xorazmlik charm qo‘lqop ustasi faoliyati davomida profringda 100dan ziyod jang o‘tkazgan filippinlik Jeym Barselona, mag‘lubiyatsiz odimlayotgan xitoylik Nuo Min, 33 ta jangda g‘olib chiqqan filippinlik Adones Agueloning boshini egib qo‘ygan.

108224_original

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!