Pro liga shunchaki "daxshat"!

  • 8 oktabr, 2022, 07:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada 21-tur yakunlanishi bilanoq ertasidan pro ligaga ulanib ketadi. U erda ham intriga hozir o‘zining eng yuqori notasiga chiqqan. 10 va 11 oktyabr kunlariga ikkita o‘yin belgilangan. Pro liga peshqadami “Andijon” o‘z maydonida “Buxoro”ni qabul qilsa, ertasi kuni “Mash’al” “Xorazm” bilan kuch sinashadi.

Tecno

Turnir jadvalida “Andijon” 44 ochko bilan 1-o‘rinda. 2-o‘rindagi “Turon”da 39, 3-pog‘onada borayotgan “Buxoro” hisobida 37 ochko bor. “Xorazm” hamda “Mash’al”da bo‘lsa 31 va 29 ochko mavjud. O‘zingiz ham vaziyat qandayligini xulosa qilib olayotgandirsiz. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga yo‘l olish imkoniyatini yo‘qotgan “Mash’al”ga to‘xtaladigan bo‘lsak, oxirgi marta 14-tur doirasida 6 avgust kuni o‘z uyida “Aral Samali”ni 7:0 hisobida tor-mor keltirgan. Ushbu g‘alaba hozircha muborakliklar uchun so‘nggisi bo‘lib qolmoqda. O‘sha g‘alabadan so‘ng “Mash’al” 6 ta o‘yin o‘tkazdi. Shundan 2 tasida durang va 4 tasida yutqazdi. Tabiiyki, bunday salbiy natijalardan keyin Dilyaver Vaniev jamoasi Superligadan umid qilmasa ham bo‘laveradi-da! Elitaga qaytish istagidagi klub aslo g‘alabasiz seriyasini davom ettirmasligi lozim. O‘tgan turda “Buxoro”ga hech bir qarshiliksiz javobsiz 3 ta gol o‘tkazgan “Mash’al” batamom Superliga eshiklarini o‘zi uchun yopib qo‘ydi. Lekin oxirgi turgacha muxlislar uchun bo‘lsa ham kurashib qo‘ysa kerak.

mash’al3_1

“Mash’al”dan ko‘ra “Xorazm”ning intrigaga qo‘shilgani ancha qiziqarli ko‘rinyapti. Urganchliklar oxirgi 4 ta o‘yindan beri raqiblarini faqat mag‘lubiyatga uchratib kelmoqda. Yanada ahamiyatlisi shundaki, so‘nggi ikkita uchrashuvni “Turon”ga qarshi o‘tkazgan bo‘lib, uyda ham, safarda ham “Xorazm”ning qo‘li baland keldi. Kuchli beshtalikka kirgani ham bejiz emas. Ruslan Ahmedov jamoasi pley-off uchun kurashayotgani e’tiborga molik. “Xorazm”ning raqiblarga jiddiy kurashni taklif qilayotgani uchun intriga yanada qiziyapti.

xorazm_2

O‘tgan yili “Dinamo”ni Superligaga olib chiqqan tojikistonlik Hakim Fuzaylov bu ishni endi “Buxoro” bilan amalga oshirish harakatida. Yozgi selektsiyadan keyin bu klub tubdan o‘zgardi. Tarkib tozalandi, yangi kuchlar qo‘shildi. Ungacha “dimlanib” qolgan “Buxoro” endilikda eng xavfli raqibga aylandi. Eshitishimizga qaraganda, bosh murabbiy Hakim Fuzaylov yozgi selektsiyadan so‘ng rahbariyatga klubni Superligaga qaytarishga va’da bergan. “Turon”dan ochkolar bo‘yicha ancha ortda qolayotgan jamoa bugungi kunga kelib o‘sha ochkolar farqini yanada qisqartirishga erishdi va endi 2 ochkolik tafovut bor xolos. Ko‘rib turibsizki, Fuzaylov jamoasi tezlikni oshirdi. Ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan buxoroliklarning o‘yini alohida e’tirof etilyapti. Bu turda esa “Buxoro” “Andijon” maydonida o‘ynaydi. Endi ortiqcha anonsga hojat yo‘q.

buxoro1_2

Mavsumni yaxshi boshlagan “Turon” ancha vaqt 1-o‘rinni hech kimga bermadi. Endi vaziyat o‘zgardi. “Andijon” uloqni “Turon”dan ilib ketdi. Anvar Berdiev jamoasi oxirgi 3 ta turdan beri yutolmayapti. Ikki marta “Xorazm”ga yutqazdi. “Buxoro” bilan Yaypanda 2:2 o‘ynadi. Agar voqealar rivoji shu zayl davom etadigan bo‘lsa, “Turon” hatto 2-o‘rnidan ham ayrilib qolishi hech gap emas. Chempionat boshidan beri asosan raqobatchisi sifatida “Andijon” bilan jiddiy kurashib kelgan “Turon” taqdir taqozosi bilan endi aynan andijonliklarga muxlislik qilishiga to‘g‘ri keladi. Boisi, 10 oktyabr kuni “Andijon” “Buxoro”ni qabul qiladi va agar bu uchrashuvda mehmonlar yutib ketsa bormi, “Turon” o‘z-o‘zidan 3-o‘ringa tushib ketadi. Shu sababli bu turda dam oladigan yaypanliklarga “Andijon”ning g‘alaba qozongani har tomonlama qulay. Shunda “Turon” uchun “Buxoro” bilan o‘rtadagi ikki ochkolik farq saqlanib qoladi va o‘z joyida turaveradi.   

turon1_3

“Buxoro” va “Turon”dan farqli o‘laroq “Andijon” jamoasi uchun barchasi o‘z qo‘lida. 44 ochkosi bor, 2-pog‘onadagi raqibidan 5 ochkoga ilgarilab ketgan. Hisob-kitoblarga qarasak, “Burgutlar” oktyabr oyining o‘zidayoq muddatidan ilgari Superliga yo‘llanmasini rasmiylashtirib qo‘yishi mumkin. Bu oydagi raqiblari kimlar? “Buxoro”, “Xorazm”, “Turon” va “Mash’al”. Viktor Kumikov jamoasiga uyda yoki safarda o‘ynashning qizig‘i qolmagan. Ular qaerda bo‘lmasin raqiblarini “tazirini” berib kelmoqda.

andijon yangi_4

“Buxoro”ga qarshi bo‘ladigan bellashuv mezbonlar uchun ham juda jiddiy. Buni andijonliklar yaxshi his qilib turishibdi. Faqat bu o‘yin muxlislarsiz o‘tadi. “Andijon” o‘z maydonidagi bitta o‘yin uchun diskvalifikatsiya qilingan bo‘lib, bu “Buxoro” bilan uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Ammo baribir maydon egalarida ustunlik bo‘ladi. “Andijon”ning “Buxoro”dagi dramatik o‘yindagi g‘alabasini hali hech kim unutgani yo‘q. Pro liga klublari orasida Superliga darvozasiga eng yaqin kelib qolgani ham aynan andijonliklar. Jamoa 5 ochkolik tafovutni saqlab qoladigan bo‘lsa ham ularni elita bilan tabriklasak bo‘laveradi. Lekin hali mavsum davom etyapti. Pro liga peshqadami esa kuchli ekanligini “Buxoro”ga qarshi bahsda yana bir karra ko‘rsatib qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Rosti, bu juftlikni barcha futbol shinavandalari va keng jamoatchilik ham o‘tkazib yubormasa kerak. Pro ligada daxshatli intriganing paydo bo‘lgani futbolimiz uchun faqat plyus.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
салахидин
08/10/2022 15:22
Биз хам Бухорони кутяпмиз
араббаевич давлат
08/10/2022 10:57
Андижон ва Туронни Суперлигада кутаяпмиз.