
Prevyu. "Qizilqum" - "Navbahor"
O‘zbekiston Superligasining 8-turidan o‘rin olgan bahsda “Navbahor” safarda “Qizilqum” (Navoiy) mehmoni bo‘ladi.
Mazkur jamoalarning Superliga (oliy liga)dagi o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur klublar 50 marta o‘zaro ro‘baro‘ bo‘lishgan. Ushbu bahslarda “Navbahor” 22 marta, “Qizilqum” esa 14 marta g‘alaba qozongan, 14 ta uchrashuvda esa durang qayd etilgan. To‘plar nisbati bo‘yicha ustunlik namanganliklar tomonida - 69-49.
O‘zaro o‘yinlarda “Navbahor” 80, “Qizilqum” esa 56 ochkoni qo‘lga kiritgan. Namanganliklarning navoiyliklar ustidan qozongan eng yirik hisobdagi g‘alabalarida 4:0 va 5:1 hisoblari qayd etilgan bo‘lsa, “Qizilqum”ning bu boradagi natijasi 3:0 ga teng.
“Oltin qazuvchilar” shu kungacha o‘z maydonida (o‘tgan yilgi o‘yin Qarshida bo‘lib o‘tgandi) bo‘lib o‘tgan 25 ta uchrashuvning 9 tasida g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, 7 ta o‘yinda durang qayd etilgan, 9 ta bahsda esa “lochinlar” zafar quchishgan. To‘plar nisbati – 31-30, “Navbahor” foydasiga.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, “Navbahor” so‘nggi 6 mavsumdan buyon “oltin izlovchilar” maydonidan ochko bilan qaytmoqda, ushbu o‘yinlarda 5 ta g‘alaba va 1 ta durangni qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, “Qizilqum” – “Navbahor” uchrashuvi 4 may kuni Navoiydagi “Yoshlar” sport majmuasida soat 19:00 da start oladi.
Fikrlar