
Premer-liga antirekordchisi Husanovga qanday baho berdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tishi bilan “shaharliklar”ning asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi.
Hozir manchesterliklar himoya chizig‘ini bir necha uchrashuvdan beri jamoasining eng faol o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan o‘zbek legionerisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Tabiiyki, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Angliya futboli mutaxassislari, murabbiylari, tahlilchilari ham 21 yoshli hamyurtimizning faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda.
Angliya Premer-ligasida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan islandiyalik himoyachi Richard Dann o‘zining sobiq jamoasi “Manchester Siti” transferlariga munosabat bildirar ekan, yanvarda olingan yangi o‘yinchilar, xususan, Abduqodir Husanovning imkoniyatlariga baho berib o‘tdi.
- Abduqodir Husanovning yaqinda “Manchester Siti”ga o‘tgani va jamoa o‘yiniga ta’sir o‘tkaza boshlaganini ijobiy baholayman.
Odatda, “Siti” o‘z safiga yangi ijrochilarni qo‘shib olsa, ularning jamoaga moslashib olishi, murabbiylarning talablarini va o‘zini nimalar kutayotganini to‘liq tushunib etishi uchun muayyan vaqt talab etilar edi.
Abduqodir Husanov esa, jamoaga yorqin tarzda kirishib ketdi, deb hisoblayman. Albatta, “Chelsi”ga qarshi debyut uchrashuvning boshi u haqida juda qo‘pol taassurotlarni uyg‘otgani bor gap, lekin bularning bari avvalo futbolchining o‘zi uchun kutilmagan holat edi. Ana o‘shandan keyin Husanov kuchli o‘yinchiga aylandi.
Abduqodir “Manchester Siti” uchun ajoyib transfer bo‘lib chiqdi. Huddi shu fikrni Umar Marmushga nisbatan ham aytishim mumkin.
Misrlik hujumchi ortga qaytib o‘ynashdan qochmaydi, jamoadagi sheriklariga qulay vaziyat yaratib berish maqsadida maydon ichkarisidan ham hujum uyushtiradi, o‘zi gol urishga ancha usta.
Ayni paytda Abduqodir Husanov ham, Umar Marmush ham juda yaxshi o‘ynayapti. Jamoada mana shu futbolchilar darajasiga chiqa oladigan ko‘proq ijrochilar bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Yanvarda jamoaga kelganlardan Niko Gonsales ham bor. Lekin men bu futbolchini super iqtidor egasi emas, balki barqarorlikka e’tibor qaratadigan yarim himoyachi, deb bilaman.
Shunga qaramay, hali jamoada kuchaytirilishi lozim bo‘lgan nuqtalar bor. Aslida bu ishlar yaqinlashib kelayotgan yozga mo‘ljallangan edi. Lekin yuzaga kelgan vaziyat tufayli klub yangi tarkibni shakllantirishni yanvar oyidan boshlab yubordi va bir necha muhim transferlarga qo‘l urdi. Endi “Manchester Siti” jamoani kuchaytirishni joriy mavsum yakunlanganidan keyin ham davom ettiradi, - dedi Richard Dann.
Ta’kidlash joizki, asli irlandiyalik bo‘lgan Richard Dann qariyb yigirma yil davomi etgan professional faoliyatini Angliya Premer-ligasida o‘tkazgan. U dastlab, “Everton”da to‘rt yil o‘ynagach, 2000 yili “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tadi va “shaharliklar” safida to‘qqiz yil to‘p tepib, jamoaga sardorlik ham qiladi.
Keyinchalik “Aston Villa” va “Kuinz Park Reynjers” jamoalari sharafini himoya qilib, butsalarini 2015 yili mixga iladi.
Richard Dann Angliya Premer-ligasi tarixiga ikkita ko‘rsatkich bilan kirgan. Irlandiyalik himoyachi 2009 yili “Uigan Atletik” bilan bahsda faoliyatidagi sakkizinchi qizil kartochkani oladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchilar – Patrik Vieyra va Dankan Fergyuson natijasini takrorlaydi.
Eng qizig‘i esa, Richard Dankan Premer-liga tarixida o‘z darvozasiga eng ko‘p – o‘nta avtogol urgan yagona futbolchi sifatida antirekord ham o‘rnatib qo‘ygan.
Fikrlar