Poytaxtimiz mezbonlik qiladigan sambo bo‘yicha jahon chempionati oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

CHERY AUTO

Ushbu matbuot anjumanida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev, mintaqaviy federatsiyalar rahbarlari, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov va boshqalar ishtirok etishdi.

Tecno

"Iyul oyida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi tomonidan tan olinganimizdan so‘ng ilk marotaba jahon chempionati tashkil etmoqda. Shuning uchun ham bu musobaqa biz uchun o‘zgacha ahamiyatli.

Tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman. Koronavirus sabab mezbon JChni qabul qila olmadi. Alisher Alimov boshchiligidagi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi esa bunday vaziyatda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Buning uchun O‘zbekistonga rahmat aytaman", - dedi Shestakov.

Alisher Alimov: "Xalqaro sambo federatsiyasi qo‘llab-quvvatlovi bilan jahon chempionatini o‘z yurtimizda, Toshkentda o‘tkazishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz. Biz jahon chempionatini o‘tkazishga tayyormiz. Bizda yirik musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha tajriba bor. Bungacha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qilgandik. Albatta kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati darajasi yuqori hisoblanadi. Ammo Xalqaro sambo federatsiyasi, Osiyo sambo uyushmasi, Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasining qo‘llab-quvvatlovi bilan o‘zimizga bildirilgan ishonchni oqlaymiz", - dedi Alisher Alimov.

- Sambo 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturida bo‘ladimi? Bu borada qanday qadamlar tashlandi?

- Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinganimizdan so‘ng biz bunga ishonmoqdamiz. Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqishni amalga oshirmoqchimiz. Samboni rivojlantirish yo‘lida AQSh tomon bilan ham hamkorlik qilmoqdamiz. Bizning mashhur sambo elchilarimiz bor. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bilan til topishgan holda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishga harakat qilamiz.

- Ushbu jahon chempionatining kelajakdagi ahamiyati qanday?

- XOQ musobaqani qanday o‘tkazishimizni kuzatib turadi. FIAS nafaqat musobaqalar o‘tkazadi, balki boshqa sport tadbirlarini ham tashkil etadi. Biz shuningdek sohil sambosi yo‘nalishiga ham asos soldik. Bu tobora ommaviylashib bormoqda.

Alamjon Mullaev: "Toshkentda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda sambo Osiyoda etakchilardan hisoblanadi. Turizm va sport vazirligi, shuningdek Milliy olimpiya qo‘mitasi ham O‘zbekistonda samboni qo‘llab-quvvatlamoqda", - dedi Alamjon Mullaev.

- Amerika qit’asining qaysi mamlakatlari ushbu JChda qatnashadi?

- Masofa uzoqligiga qaramay, Dominikan Respublikasi, Trinidad va Tobago, Venesuela, Kosta-Rika, AQSh terma jamoalari O‘zbekistonda bo‘layotgan jahon chempionatida qatnashishmoqda. Koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar turli mamlakatlarda boshqacha. Ba’zi davlatlarda zallar ham ishlamayapti. Lekin sambo sporti Panamerikada ham rivojlanib borayotganini e’tirof etishimiz lozim.

- Afrikada ham sambo rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda Kamerun va Marokash sambochilari yaxshi natijalar ko‘rsatishmoqda. Ular turli toifalarda JCh sovrindorlari bo‘lishmoqda. Bu yil ham mana shunday yoqimli syurprizlar kutyapsizmi?

Dalil Skalli, Afrika sambo konfederatsiyasi prezidenti:

- Eng avvalo mezbon O‘zbekistonga, mamlakat sambo assotsiatsiyasiga iliq qabul uchun rahmat aytmoqchiman. Mana shunday mehmondo‘st mamlakatda ekanligimdan xursandman.

Yana shuni aytishni istardimki, hozirgi asosiy maqsadimiz - samboni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish. Bu borada katta ishlar olib borilmoqda. FIAS rahbariyati, Qit’a sambo konfederatsiyalari bilan birga o‘z maqsadimizga erishamiz. Sport Olimpiya tomonidan tan olinishi - bu mas’uliyatni yanada oshiradi. Bunday yangi maqomda milliy federatsiyalar ham mamlakatning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘ladi. Ayni paytda 35 ga yaqin mamlakat Afrika sambo konfederatsiyasi a’zosi hisoblanadi. Qit’ada sambo rivojlanmoqda.

Avvallari Afrika jamoalari musobaqalarga nomiga kelishgan bo‘lsa, hozirda medallar uchun kurashishmoqda. Ular yaxshi natijalar qayd etishmoqda. Ular haqiqatdan ham medallar uchun da’vogar hisoblanishadi. Yaqin yillarda ular asosiy da’vogar sifatida musobaqalarda qatnashishadi deb o‘ylayman. Afrikaliklar Olimpiadada ko‘plab medallar qo‘lga kiritishmoqda, demak umid qilamanki ular samboda ham Olimpiadada yaxshi natijalar ko‘rsata olishadi. Qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun Afrika nomidan rahmat aytaman.

- O‘zbekiston sambochilarining JCh uchun rejasi qanday? Qancha medal qo‘lga kiritilishi kutilmoqda?

Alisher Alimov, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi: "Har bir assotsiatsiya (federatsiya) ning, sportchining maqsadi bo‘ladi. Shu qatorda O‘zbekiston sambo terma jamoasi ham ushbu jahon chempionatiga jiddiy hozirlik ko‘rdi. Buning uchun o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazildi. Biz maksimal darajada yuqori pog‘onalarni qo‘lga kiritmoqchimiz. Sambo bo‘yicha O‘zbekiston kattalar terma jamoasi jahon reytingida uchinchi o‘rinni, yoshlarimiz esa ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Yaqin kelajakda biz natijalarni yaxshilamoqchimiz. Davlatimiz, turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan kerakli sharoitlar, mubolag‘a bo‘lmasa keragidan ortiq ham sharoitlar yaratib berildi.

Maqsadimiz - maksimal darajada ko‘p medal olishdir.

O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!