Pogbadan Iskogacha! Qishda amalga oshishi mumkin bo‘lgan transferlar

  • 2 yanvar, 2021, 21:46
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Odatda, qishki transfer oynasi chog‘ida katta kelishuvlarga ko‘zimiz tushmaydi. Shunday bo‘lsa-da, bu safar hammasi o‘zgacha ko‘rinish olishi mumkin. Ko‘plab yulduzlar jamoasini almashtirish niyatida. Ularga esa, birato‘la bir necha jamoalardan taklif kelib tushgan. Bugun grand klublar nishonidagi taniqli futbolchilar bilan qisqacha tanishtirib o‘tamiz.

Pol Pogba - «Yuventus» , «Real», PSJ

zxc2

Pogba Manchesterga ko‘chib o‘tganidan beri har yili uning ketishi borasida mish-mishlar paydo bo‘ladi. Qiziquvchan ingliz nashrlari uni PSJ va «Real» jamoasi nishonida ekanligi haqida yozmoqda. Vaholanki, ayni damda yarim himoyachi uchun asosiy favorit «Yuventus» bo‘lib turibdi. Shu kunga qadar «Manchester Yunayted» Pogbani «ulg‘ayishini» kutdi. Afsuski, bu jarayon amalga oshmadi. Endi uni katta maosh evaziga tarkibda ushlab turishdan naf yo‘q. U qilishi kerak bo‘lgan ishni Brunu Fernandesh ortiqcha muammosiz uddalamoqda. Shunday ekan, qishda «Yuventus» Pogbaning transferini 50-70 million evro atrofida sarflab, hal etishi mumkin.

Mesut O‘zil - «Fenerbahche», «Di Si Yunayted», «Inter Mayami» 

zxc1

32 yoshli O‘zil «Arsenal»ning so‘nggi yillardagi etakchisi bo‘lishi taxmin qilingan edi, biroq u faqat boshog‘riqqa aylandi, xolos. U har hafta olayotgan maoshi APLdagi barcha futbolchilari uchun orzudek bir gap. «Tumanli Albion»dagi eng badavlat 5 ta futbolchidan biri bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz deyarli o‘yinlarda ishtirok etmayapti. Undan Artetaning to‘liq «ko‘ngli sovigan». O‘yin qaydnomalaridan tushib qolishi odatiy tusga kirgan JCh g‘olibining kelajagi katta so‘roq ostida qolmoqda. London klubi foydasiz ijrochidan qutilish niyatida. Mesut esa, kattagina maosh olayotgan bir paytda jamoasini almashtirmoqchi emas. Hammasini shu oydagi muzokaralar hal etadi.

Dele Alli - PSJ, «Vest Xem», «Atletiko» Madrid

zxc4

Endigina 24 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, Allini tajribali futbolchilardan biri, deyishimiz mumkin. Pochettino davrida «shporlar»ning «yuragiga» aylangan yigit hozir asosiy tarkib uchun kurashda mag‘lub bo‘lmoqda. Boz ustiga, «Tottenxem» ustozi bilan ham aloqalari yaxshi emas. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, Pochettino uning Parijga ko‘chib o‘tishini istamoqda. Parij klubi rahbarlari argentinalik murabbiyning talabini qondirish uchun 40-50 million evrodan voz kechishi mumkin. Yoki Allini ijaraga olish varianti ham mavjud.

Olive Jiru - «Vest Xem», «Atletiko» Madrid, «Inter»

zxc6

«Chelsi» safida EChL bahsida 4 ta gol kiritadigan amaldagi JCh g‘olibi ham o‘ziga yangi jamoa izlab yurganlardan biri. London klubi frantsuzni qo‘yib yubormoqchi emas, ammo Jiru Abraxam bilan asosiy tarkibdagi o‘rnini bo‘lishish niyatida emas. U nisbatan kuchsizroq bo‘lsa-da, doimiy o‘yin amaliyoti taqdim etishga qodir klubni izlamoqda. Yaqinda ispan nashrlari «matraschilar»ning Jiruni tarkibga qo‘shib olmoqchi ekanligi haqida ma’lumot tarqatgan edi. Olivening boshqa chempionatda o‘zini qanday ko‘rsatishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Divok Origi - «Liverpul», «Nyukasl», «Lids», «Milan», «Vulverxempton»

zxc7

Origi o‘zi shundoq ham «Liverpul»ning asosiy futbolchisi emas edi. Diego Jota kelgach, uni Klopp shunchaki «unutib» qo‘ydi, desak adashmagan bo‘lamiz. Endigina 25 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, Divok o‘zining yuqori formasini ko‘rsatib bo‘ldi. Katta ehtimol bilan «Liverpul» uni qishda qo‘yib yuboradi. Gap shundaki, Divok o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotganidan norozi. Shaxsan o‘zi, bir necha bor qo‘yib yuborishlarini iltimos qilishga ulgurdi. Ayni damda, uni tarkibga qo‘shib olish ehtimoli yuqori klublar ko‘p. Misol uchun «Vulverxempton» Raul Ximenessiz juda qiynalmoqda. «Bo‘rilar» EChL finalida gol kiritgan belgiyalik hujumchi uchun 15-35 million evro atrofida pul sarf etishga qarshi emas.

Oleksandr Zinchenko - «Vest Xem», «Sautgempton», «Lester»

zxc101

Zinchenkoning turmush o‘rtog‘i Pep Gvardiola haqida turli gaplarni aytgach, futbolchining klubda qolishi katta savol ostida qolgan edi. Yangi mavsumda kutilganidek, u asosiy tarkibda umuman ko‘ringani yo‘q. Butun mavsum davomida APL bahslarida atigi 12 daqiqa harakat qilganini inobatga olmasa, Oleksandrning tarkibda ekanligini muxlislar unutib ham qo‘yishgani rost. Futbolchi ayni o‘ynaydigan payti «Siti»ning zaxira o‘rindig‘ida qolmoqchi emas. Boz ustiga, u singari universallarni qadrlaydigan bir nechta ingliz klublaridan takliflar mavjud. Katta ehtimol bilan, Zinchenko shu qishda o‘z faoliyatidagi eng katta qadamlardan birini tashlaydi.

Leandro Paredes - «Zenit», «Inter»

zxc9292

Parij super klubi yarim himoyachisi ham Tuxelning ortidan ketishga yaqin turibdi. Yozda uni PSJ «Inter» futbolchisi bilan rokirovka qilmoqchi edi. Milanliklar Marselo Brozovichga Paredesni ayirboshlashni istamagach, endi Parij klubi Eriksen uchun uni taklif etmoqda. Argentinalik futbolchi o‘tgan yillar davomida hech narsaga erisha olmadi. Shu bois, uning ketishi katta yo‘qotish bo‘lmasligi aniq. Leandro esa, Italiyada o‘zini nimalarga qodir ekanligini isbotlashga urinib ko‘radi.

Isko - «Sevilya», «Arsenal», «Yuventus», «Everton»

zxc2020

Zidan Iskoning xizmatlaridan to‘liq voz kechgan shekilli. Ustiga-ustak, Iskoning shartnomasi 2022 yilda o‘z yakuniga etadi. Madrid klubi uni sotmoqchi bo‘lsa, hozir ayni payti. Yarim himoyachining o‘yin sifati ancha pasayib bormoqda. Bir yildan so‘ng, uning transferi uchun 40 million evro to‘lashga tayyor jamoa topilmasligi turgan gap. Hozirda, pleymeyker uchun asosiy da’vogar «Everton» va «Arsenal» bo‘lib turibdi. Ha demay, uning keyingi klubi haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘lsa, ajab emas.

Arkadiush Milik - «Roma», «Yuventus», «Tottenxem», «Everton»

zxc29239

Polyak o‘zining imkoniyatlarini to‘liq namoyish eta olmayapti. U va Gattuzo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sababli, hujumchi qishdayoq jamoasini o‘zgartirmoqchi. Italiya chempionatida 48 ta gol kiritgan hujumchiga talab katta. Shu bois, katta ehtimol bilan Milik yanvar oyida yangi klub libosida ko‘rinish beradi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!