
"Persepolis"da raqobatdan qochganim yo‘q, Eron chempionatida to‘purar bo‘lmoqchiman" - Legionerimiz klubini nega o‘zgartirganining sabablarini aytdi
Yil boshida iqtidorli hujumchi Sherzod Temirov “Paxtakor”ni tark etib, Eron chempionatiga yo‘l oldi. Taniqli klublaridan biri – “Persepolis” a’zosiga aylandi.
Oradan 6 oy o‘tgach, Temirov u erda jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Endi hamyurtimi Eron chempionatida boshqa bir jamoa – “Peykan” sharafini himoya qiladi. Legionerimiz yangi klubiga o‘tdi va debyut o‘yinini ham o‘tkazishga ulgurdi. Shundan so‘ng Sports.uz uchun vaqt ajratdi.
“Endigina Eron chempionatiga moslashdim”
- Avvalo, O‘zbekiston xalqini Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Umuman olganda, mening “Peykan” jamoasiga o‘tish yoki o‘tmasligim noma’lum bo‘lib turgandi. Sababi, oldimda anchagina takliflar bor edi. Men endigina Eron chempionatiga moslashdim. Bu erda 6 oydan beri o‘ynayapman. Shu vaqt mobaynida Eron chempionatida o‘zim uchun ancha narsalarni oldim va ko‘nikib qoldim.
“Peykan” yoshlarga ko‘proq e’tibor beradi”
- “Peykan” klubi prezidenti va bosh murabbiyi to‘g‘ridan-to‘g‘ri men bilan muloqotda bo‘lib turgandilar. Ular meni o‘z jamoasiga taklif qilishlarini aytdilar. “Peykan”da asosiy vazifa – kuchli uchtalikka kirish. Klubning nomi bejizga “Peykan” emas. Bu erda har bir o‘yin jang, har bir o‘yin kurash va finaldek o‘tadi. Klub rahbarlari va murabbiylarining eng katta maqsadi ham shu. Har bir uchrashuvdagi uch ochko “Peykan” uchun nihoyatda juda muhim. To‘g‘ri, bu nomdor jamoa bo‘lmasligi mumkin. Lekin “Persepolis”ga ham, “Istiqlol”ga ham etarlicha qarshilik ko‘rsatishga qodir. Klubning taklifiga binoan u erga bordim, meni yaxshi kutib olishdi. Jamoadagilar bilan yaqindan tanishdim. “Peykan” ajoyib futbolchilardan tashkil topgan. U erda ko‘proq yosh jamoa yig‘ilgan. Aynan yosh, iqtidorli o‘yinchilarga e’tibor beriladi.
“Persepolis” bilan “Peykan” o‘rtasida katta tafovut yo‘q”
- “Persepolis”da qolsam ham bo‘lardi. Bu masalada menda hech qanaqa bosim bo‘lgani yo‘q. Jamoa bosh murabbiyi bilan gaplashgandim. E’tibor bersangiz, “Persepolis” faqat bitta hujumchi bilan o‘ynaydi. Klub yaqinda yangi hujumchini xarid qildi. Angliyada o‘ynagan tajribali futbolchi. Ammo bu meni raqobatdan qochdi degani emas. “Persepolis” rahbariyati hamda bosh murabbiyi bilan muloqot qilgan chog‘imda senga javob berish niyatimiz yo‘q, deb aytishdi. Ixtiyor o‘zingda, qolishni istasang qol, deyishdi. Ammo etarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasangiz jamoaning nomi yoki boshqa narsasi yuqori bo‘lsa ham buni o‘zingiz uchun xazm qilishingiz qiyin bo‘ladi. To‘g‘ri, klub bilan chempionlikka erishish yoki Kubok yutish mumkin. Ammo u erda shunchaki zaxirada o‘tirib, yordam bera olmaysiz. Har bir o‘yinda o‘ynash va yuqoriga intilish uchun ko‘proq mehnat va shug‘ullanish kerak. “Persepolis”ga evropalik futbolchi kelgani uchun taktika o‘zgarmasdan qoldi. Biz ikkita hujumchi bilan juda kam o‘ynaymiz. Ya’ni, 4-4-2 sxemasini kam qo‘llaymiz. Asosan 5-4-1 taktikasida to‘p suradi. Qolsang qol, qolmasang qolma, degan joyida men hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rdim. Foydam tegadigan jamoaga borishni xohladim. “Peykan” bilan muzokaralar davomida ham menga yaxshi takliflar bor edi. Boshqa davlatda ham to‘p surishni istagandim. Ammo Eron chempionatiga endigina moslashdim. Legioner bo‘lib o‘ynayotganimga 6 oy bo‘ldi. Boshqa chempionatga borsam, yana moslashib o‘ynagunimcha 6 oy vaqt yo‘qotishimga to‘g‘ri keladi. “Peykan” bilan muzokaralarimiz ijobiy hal bo‘ldi. Bunday olib qaraganda, “Persepolis” bilan “Peykan” o‘rtasida katta farq yo‘q. Moliyaviy yoki boshqa tomonlama ham bir xil. To‘g‘ri, nom jihatidan kichikroq bo‘lishi mumkin. Ammo “Peykan” ham o‘zining tarixiga ega jamoalardan biri.
“Persepolis”dan xafagarchilik yo‘q”
- “Persepolis” bilan yaxshi xayrlashdim. U erdagilarga rahmat aytaman. Bu jamoaga yana qachondir qaytib kelish ehtimolim juda katta. Buning uchun mehnatdan, sabrdan hech qachon qochmayman. Faqat shuni aytishim kerakki, “Persepolis”da o‘z o‘rnimga ega edim. Ushbu jamoada top-futbolchilar yig‘ilgan. Aksariyati Eron terma jamoasida to‘p surishadi. Ular bilan birga to‘p surganimdan xursandman. “Persepolis”dan xafagarchilik tufayli ketganim yo‘q. Bosh murabbiy Yahyo Gulmuhammadi, rahbariyat, menejerlarga katta rahmat. Jamoa a’zolariga ham menga yaqindan yordam berganlari uchun minnatdorman.
“Oliy maqsadim Evropaning top-klublarida to‘p surish"
- Hozirgi hayotimdan juda mamnunman. Yangi jamoam ham katta oila. Mashg‘ulot va o‘yinlar yaxshi ketyapti. Menda ortiqcha qiyinchilik yo‘q. Yaxshi sharoitlar yaratib berishgan. Buning uchun rahbariyatga rahmat. “Peykan”ga yaqindan yordam berib, Xudo xohlasa Eron chempionatida to‘purar bo‘lish niyatim bor. Eng oliy maqsadim Evropaning tor-klublarida to‘p surish.
“Ilk o‘yindagi taassurot men kutgandan ham o‘zgacha darajada”
- Yangi jamoamdagi ilk o‘yinimni o‘tkazdim. Taassurotlarim men kutgandan ham o‘zgacha darajada. Bu jamoa bilan yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Debyut uchrashuvimda 0:0 hisobi qayd etildi. U erda menga 70-raqamni berishdi. Lekin raqamni u qadar ahamiyati yo‘q, maydonda siz o‘ynaysiz, raqam emas.
Fikrlar