
"Paxtakor"da Masharipovning o‘rnini kim to‘ldirishi mumkin? Legionerlardan kimlarni nishonga olsa bo‘ladi?
"Sherlar" kelasi mavsumda Osiyo chempionlar ligasida mamlakatimiz sharafini himoya qilishini inobatga olsak, tarkibni kuchaytirish shart. O‘tgan mavsumda Eren Derdiyokni tarkibiga qo‘shib olgan toshkentliklar, bu mavsumda ham legionerlar xizmatiga murojaat etishi mumkin. Sababi, klubni bir nechta etakchi tark etdi. Agar "Paxtakor" OChLda muvaffaqiyatli ishtirok etishni, ichki birinchilikda chempionlikni himoya qilishni istasa, transfer qilishi lozim. Biz amalga oshish imkoni baland bo‘lishi uchun ayni damda klubsiz yurgan erkin agentlarga e’tibor qaratdik. Xo‘sh, ularning qay biri O‘zbekistonning amaldagi chempioni bilan shartnoma imzolashi mumkin.
Shinji Kagava
Yaponiya terma jamoasi sobiq a’zosi o‘z vaqtida "Borussiya" Dortmund va "Manchester Yunayted" singari grandlar sharafini himoya qilgan. Afsuski, so‘nggi mavsumlarda unga omad kulib boqmayapti. Yarim himoyachining so‘nggi klubi Ispaniyaning "Saragosa" jamoasi bo‘ldi. Kagava maydonni yaxshi ko‘ra oladi. Boz ustiga, u maydon markazida turib o‘yinni boshqarish va hujum tempini belgilab berishi mumkin. Undagi tezkorlik esa, qarshi hujumlarga o‘tishda qo‘l kelishi turgan gap. "Paxtakor" klubi uchun bu transfer bir nechta imkoniyatlarni yaratadi. Shinji chinakam universal futbolchi. U qanot hujumida va hatto, tayanch zonasida ham to‘p surishi mumkin. Uning tarkibda bo‘lishi "Paxtakor" murabbiyiga o‘yinning o‘zida tanlangan sxemani almashtirish uchun zamin yaratadi. Umuman olganda, 31 yoshli futbolchi "Paxtakor"ni yaxshigina kuchaytirishga qodir.
Mario Manjukich
Qatar chempionatida bir muddat to‘p surgan xorvat hozirda o‘ziga klub izlab yuribdi. Bunga qadar Qatarning "Al-Duxail" jamoasi sharafini himoya qilgan hujumchi ham universallardan biri. U kerakli pallada hujumchi ortida va qanotlardan hujum uyushtirishi mumkin. Ikkinchi qavatda harakat qilish bobida benazir bo‘lgan Mario bilan kelishuvga erishish "Paxtakor" uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. To‘g‘ri, Eren Deriyokning transferi deyarli o‘zini oqlagani yo‘q, biroq Mario shveytsariyalik forvarddan keskin farq qiladi. U 34 yoshda, lekin bu OChLning muhim bahslarida yordam berishga to‘sqinlik qilmaydi. Toshkentliklarning ikkinchi qavatdagi uzatmalarini golga aylantirish uchun "super Mario" ayni muddao bo‘lishi mumkin. Xorvatiyalik futbolchi MLSdan kelib tushgan takliflarni rad etdi. Evropadan bo‘layotgan takliflarga ham ijobiy javob bermayapti. Balki, Toshkent klubi xorvat bilan kelishuvga erishar! Agar bu transfer amalga oshsa, "Paxtakor"ning xalqaro maydondagi imkoniyatlari keskin ko‘tarilishi aniq.
Jefferson Farfan
Peru terma jamoasi a’zosi sanalgan Farfan o‘zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish. O‘z vaqtida "Shalke" va PSV libosida to‘p surgan futbolchi ham toshkentliklarning tarkibini kuchaytirishga qodir. To‘g‘ri, hozir u 36 yoshda biroq undagi tezlik va mahorat kamida bir mavsum yuqori darajada futbol namoyish etish imkonini yaratadi. Boz ustiga, uning uchun o‘zbek futboliga ko‘chib o‘tish katta voqea emas. Vingerning so‘nggi klubi hozircha Rossiyaning "Lokomotiv" jamoasi bo‘lgan. Bundan avvalroq esa, (2016/17) Farfan BAAning "Al-Jazira" klubi sharafini himoya qilishga ulgurdi. Umuman olganda, O‘zbekiston chempioni safiga o‘tish uchun Farfanga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. U chaqqon va qanotlarga suyangan futbol namoyish etuvchi "Paxtakor"ning imkoniyatlarini oshirishi mumkin. Farfan ham boshqa janubiy amerikaliklar singari jismonan ancha baquvvat futbolchi. U 36 yoshida ham 90 daqiqa sifatli futbol namoyish etishga qodir. Eng muhimi esa, u talab etadigan maosh fantastik bo‘lmasligi aniq. Umuman olganda, Jaloliddin Masharipovning o‘rnini hech bo‘lmaganda bir mavsum Farfan bilan to‘ldirish mumkin. Agar "sherlar" Osiyo chempionlar ligasida uzoqroqqa borishni istasa, Jefferson va unga o‘xshash qanot futbolchilaridan birini tarkibga olib kelishi lozim.
Seydu Dumbiya
Dumbiyaning transferi "Paxtakor" uchun yaxshigina kuchayib olish imkoniyatini yaratishi turgan gap. O‘z faoliyati davomida Italiya, Angliya, Germaniya va Rossiya klublarida to‘p surgan hujumchi hozir ishsiz qolib ketgan. Rus nashrlarining ma’lum qilishicha, 34 yoshli futbolchi ajoyib sport formasida. U yana kamida 3 mavsum yuqori darajada futbol o‘ynay oladi. Dumbiya deyarli 6 oydan beri erkin agent. Uning so‘nggi klubi Shveytsariyaning "Sion" jamoasi bo‘lgan edi.
Kot-d'ivuarlik futbolchi ham hujum chizig‘ida katta foyda keltirishi mumkin. Qanotda, markazda va hujumchi ortida to‘p surish bobida u ancha tajribali. Boz ustiga, qahramonimiz Evropa futboliga kirib kelishdan avvalroq, Yaponiya chempionatida 4 mavsum to‘p surgan. Shu bois, Seydu uchun Osiyoga qaytish muammo tug‘dirmasligi aniq. "Transfermarkt" tomonidan 800 ming evroga baholangan hujumchi "Paxtakor"ga katta naf keltirishi turgan gap.
Sardor Rashidov
O‘zbekiston terma jamoasidan chaqiruv olmay qo‘ygan Rashidov ham o‘ziga klub izlab yurgan futbolchilar qatorida. Uni "Transfermarkt" sayti 850 ming evroga baholamoqda. Umuman olganda, Rashidov varianti ham chakki emas. Sardor ayni damda, bir nechta arab klublari bilan muzokaralar olib bormoqda. Balki, "Paxtakor" jamoasi uni O‘zbekistonda olib qolar!
Umuman olganda, Masharipov va Rashidovning o‘yin uslubi bir-birida keskin farq qiladi. Shunga qaramay, ularni umumiy narsa bog‘lab turadi. Gap shundaki, qanot futbolchilari birdek chaqqon va tezkor. Aynan shu omil sababli, Rashidov Masharipovni qanotda yo‘qligini bildirmasligi mumkin. Sardor kreativ futbolchi. Kuchli zarbalari ham bor. Xalqaro arenada to‘p surish bobida ham Rashidov Masharipovdan ortda emas. Balki, xorijlik taniqli futbolchilardan ko‘ra, Sardor Rashidov bilan tarkibni kuchaytirgan ma’quldir?!
P.S
Bu, albatta, bizning fantaziyamiz, xolos. Shunday bo‘lsa-da, bugun nomi tilgan olingan futbolchilar Toshkent klubini kuchaytirishga qodir. Ular bilan shartnoma imzolash uchun fantastik mablag‘ shart emas. Bugun ro‘yxatimizdan o‘rin egallagan barcha futbolchi hech bo‘lmaganda Eren Derdiyokka taqdim etilgan shartnoma asosida "Paxtakor"da to‘p surishi mumkin. Shunday ekan, bu variantlar ustida ham, albatta, bosh qotirib ko‘rish lozim. "Sherlar" Osiyo chempionlar ligasida o‘zbek futboli sharafini himoya qiluvchi klub. Shu bois, uning xalqaro maydondagi g‘alabalari chempionatimizdagi boshqa klublarga ham ta’sir ko‘rsatishini unutmaslik lozim. OChL kvotalarimizning ko‘payishi uchun "Paxtakor" Osiyo chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi shart. Agar klub oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan bo‘lsa, albatta, sifatli xorijlik legionerlardan biri jamoaga jalb etishi lozim. Sababi, Masharipov, Hamdamovlarning o‘rnini mahalliy futbolchilar bilan berkitishning hozircha, deyarli imkoni yo‘q.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar