
"Paxtakor" Kubok finalida qolib ketgan qarzni albatta uzadi, o‘zbek futboliga qaytishga tayyorman" - sobiq legioner "Paxtakor"ga nega moslasha olmaganini aytdi
O‘tgan yili yarim mavsum “Paxtakor” sharafini himoya qilgan serbiyalik hujumchi Boyan Matich chempionat yakunida klubni tark etgandi.
Katta umidlar bilan olib kelingan legionerning bu erda o‘yini kutilgan darajada chiqmadi. Ammo u Serbiyada o‘ziga klub topdi. Aniqrog‘i sobiq jamoasiga qaytdi.
Futbolchi Sports.uz muxbiri bilan suhbatda “Paxtakor”dagi faoliyatini esladi.
- Boyan, “Paxtakor”da o‘tkazgan yarim mavsum faoliyatingizda qanday xotiralar qoldi?
- Juda yaxshi taassurotlar qolgan. Biz chempionlik unvonini qo‘lga kiritgandik. Men u erda juda ko‘plab yaxshi insonlarni uchratdim. Ularning hammasi uchun ham xursandman. Mana shunday buyuk klubning bir qismi bo‘lganim meni quvontiradi.
- “Paxtakor” da qisqa vaqt to‘p surganingiz – bu jamoa o‘yiniga moslashib keta olmaganingiz bilan bog‘liqmidi yoki bundan tashqari yana boshqa sababini ham ayta olasizmi?
- Bunday ligaga to‘la moslashish uchun 5 oy etarli bo‘lmaydi, deb hisoblayman. Chunki jamoaga mavsumning qoq yarmida kelganman. “Paxtakor”ga moslashib olishim uchun esa ancha vaqt kerak bo‘lardi. Yangi klub, o‘yinchilari va o‘yin uslublariga shu davr ichida moslashish mutlaqo oson emas. Menimcha, to‘liq va to‘la moslasha olmaganimning asosiy sabablaridan biri ham mana shunda bo‘lsa kerak.
- 27 fevral kuni “Paxtakor” Superkubokda “Nasaf”ga qarshi o‘ynaydi. Ushbu bahs oldidan nimalar degan bo‘lardingiz?
- O‘ylaymanki, “Paxtakor” Kubok finalidagi qolib ketgan qarz uchun uni albatta qaytaradi. Shuning uchun ham men “Paxtakor”ga Superkubokni qo‘lga kiritishida omad tilayman va shuning evaziga mamlakat Kubogi finalidagi mag‘lubiyat o‘chini olishini xohlayman. Superkubok bellashuvida g‘alaba golini Dragan Cheran kiritsa juda zo‘r ish bo‘lardi-da!
- Boyan, ortga qaytganingizdan beri sizga o‘zbek klublaridan takliflar bo‘ldimi?
- Menda o‘zbek Superligasidan boshqa takliflar ham yo‘q emasdi, ammo bu erda qolishni o‘zim istamadim.
- Endi Serbiyada “Voyvodina” uchun to‘p surasiz. Nega aynan “Voyvodina”?
- Chunki bu klubda bir yil to‘p surganman. “Voyvodina”da o‘tgan o‘sha qisqa davr faoliyatimdagi eng yaxshilaridan biri bo‘lgani uchun yana shu jamoani tanladim. Bu erga qaytishimning asosiy sabablaridan yana biri shuki, “Voyvodina” bilan Evrokuboklar saralash bahslarida ishtirok etishni va asosiy bosqichga yo‘l olishni juda xohlardim.
- Sizga o‘zbek futbolida nima yoqqani va nima yoqmaganini ayta olasizmi?
- O‘zbekistonda menga hamma narsa yoqdi. Odamlar juda mehribon va mehmondo‘st. O‘zimni xuddi uydagidek his qildim. Futbol yurtingizda ancha rivojlanib bormoqda va bundan xursand bo‘ldim.
- “Paxtakor”dagi o‘zgarishlardan xabaringiz bormi? Masalan, yangi ish boshlagan bosh murabbiyni taniysizmi?
- Yangi bosh murabbiy va qo‘shimchasiga ikki nafar yangi futbolchi olib kelinganidan xabarim bor. Murabbiyni tanimayman, lekin unga “Paxtakor” bilan oltin dublga erishgan holda chempionat va Kubokni yutishida omad tilayman. Superligaga moslashib olish uchun yangi murabbiyga aynan mana shunday katta klub kerak edi.
- Umuman olganda, u erda baxtlimidingiz?
- “Paxtakor”da juda baxtiyor edim va boya aytganmimdek, u erda o‘zimni bamisoli uydagidek his qildim. Menda hammasi silliq kechishi uchun Dragan Cheranning hissasi beqiyos bo‘lganini aytib o‘tishim zarur. U dastlabki kundanoq “Paxtakor”da menga yaqindan yordam berishga kirishgandi.
- Vaqti kelib, yana chempionatimizga qaytgan bo‘larmidingiz?
- Agar munosib taklif bo‘lsa, o‘zbek futboliga qaytishga tayyorman!
Fikrlar