Parij-2024 olimpiadasiga bokschilar qanday saralab olinadi?

  • 10 sentabr, 2022, 09:45
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Parij-2024 olimpiadasining boks musobaqalari uchun saralash bosqichining yangi ko‘rinishini ishlab chiqdi.

Tecno

Xabaringiz bor, joriy yilning iyun oyida XOQ Parij-2024ning boks bahslari uchun saralash musobaqalari IBA (Xalqaro boks federatsiyasi) vakolati ostida o‘tkazilmasligini e’lon qilgan edi. Kecha, 8 sentyabr kuni Lozannadagi yig‘ilishda Parijdagi yozgi Olimpiada o‘yinlari saralash tizimining yangi modeli qabul qilinganligi e’lon qilindi.

XOQ hamda boks mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan ushbu tizimga ko‘ra Olimpiya saralash turnirlarining asosini XOQ tasarrufidagi mintaqaviy kompleks musobaqalar tashkil etadi hamda o‘sha turnirlarning boks bahslari uchun javobgarlik IBA zimmasiga yuklanmaydi.

2023 yilda bo‘lib o‘tadigan Pan Amerika o‘yinlari (Santyago, Chili), Evropa o‘yinlari (Krakov, Polsha), Tinch okeani o‘yinlari (Solomon orollari) hamda XIX yozgi Osiyo o‘yinlari (Xanchjou, Xitoy) kabi turnirlar shular jumlasidan.

Shuningdek, XOQ rasmiylari Afrika Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi bilan 2023 yilgi Afrika o‘yinlarining boks musobaqalarini ham mazkur dastur doirasiga qo‘shish borasida muzokaralar olib boryapti.

Lozannadagi yig‘ilishda yuqorida sanab o‘tilgan kontinental musobaqalardan tashqari 2024-yilda ikkita jahon saralash turnirini o‘tkazish bo‘yicha ham dastur ishlab chiqilayotganligi ma’lum qilingan.

Parij-2024 boks musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish, saralash musobaqalarni tashkil etish hamda olimpiadadagi boks bahslarini nazorat qilish komissiyasiga XOQ a’zosi, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Maurinari Vatanabe rahbarlik qiladi.

Ma’lumot uchun: 2028 yili Los-Anjeles (AQSh) shahrida o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari dasturlaridan boks chiqarib tashlandi. Shu bois Parij-2024 boks musobaqasi o‘tkaziladigan so‘nggi Olimpiya o‘yinlari bo‘lishi ham mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!