
"Parij-2024": Bugun o‘z ishtirokini o‘tkazgan barcha sportchilarimizning natijalari bilan tanishing
"Parij-2024" Olimpiadasi davom etadi. Bugun (31 iyul) kuni o‘z ishtirokini o‘tkazadigan sportchilarimizning natijalaridan matnli translyatsiyani saytimiz orqali kuzatib borishingiz mumkin:
Boks bo‘yicha jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev ham Olimpiya o‘yinlaridagi debyut jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Misrlik Omar Elavadiga qarshi ringga ko‘tarilgan yurtdoshimiz o‘zining kuchli va aniq zarbalari qarshisida raqibini ojiz qoldirdi. Endi u 3-avgust kuni Makan Traore (Frantsiya) va Nikolai Terteryan (Norvegiya) juftligi g‘olibi bilan yarim final yo‘llanmasi uchun jang qiladi.
Kamondan o‘q otish bo‘yicha vakilamiz Ziyodaxon Abdusattorova chexiyalik sportchiga qarshi bahsga qirishdi va unda 4:2 hisobiga ko‘ra mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, Ziyodaxon turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Amirxon Sodiqov Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi.
Hamyurtimiz 2-davrada "London-2012" yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni italiyalik Mauro Nespoliga 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Amirxon Sodiqov ishtirokidagi kamondan otish musobaqasining bugungi bahsida hamyurtimiz argentinalik Mariyo Damian ustidan sof g‘alabaga erishdi va 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Davlat Bobonov BAA vakiliga qarshi tatamiga chiqdi
Mahoratli dzyudochimiz, Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori Davlat Bobonov Olimpiadadagi ishtirokini boshladi. Hamyurtimiz ilk davrada BAA terma jamoasi a’zosi Aram Grigoryan bilan to‘qnash keldi. Afsuski jang Grigoryan foydasiga hal bo‘ldi va Bobonov Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi.
Gulnoza Matniyazova yaponiyalik raqibiga mag‘lub bo‘ldi
Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Gulnoza Matniyazova "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. Ikkinchi bosqichda yaponiyalik Saki Nizoe bilan bellashgan yurtdoshimiz imkoniyatni boy berdi.
Abdumalik Xalakov ham g‘alabali estafetani davom ettirdi
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov (-57 kg) ham ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Ikkinchi davradan bahslarga kirishgan hamyurtimiz shvetsiyalik Nabil Ibrohimga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va chorak finalga yo‘l oldi. Endi u yarim final yo‘llanmasi uchun Mahmud Sabirxan (Qozog‘iston) / Xose Kuiles (Ispaniya) juftligining g‘olibi bilan bellashadi.
Gulnoza Matniyazova g‘alaba bilan boshladi
Xabaringiz bor, XXXIII Yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan dzyudo bahslari davom etmoqda. Bugungi kun doirasida -70 kg vazn toifasida hamyurtimiz Gulnoza Matniyazova KXDR vakili Son Xi Munga qarshi tatamiga chiqdi. Murosasiz kechgan bahsda Gulnoza g‘alabani ilib ketdi. Shu tariqa, hamyurtimiz keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Nurmatov va Safaraliev juftligi ishtirokini yakunladi
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliev uchun Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘z poyoniga etdi. Engil vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan hamyurtlarimiz C finalida ishtirok etib, 6:31.33 daqiqa ko‘rsatishdi va 3-bo‘lib marraga etib kelishdi. Ushbu natija bilan hamyurtlarimiz Olimpiadani 15-pog‘onada yakunlaydigan bo‘lishdi.
Fikrlar