
Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati Parij-2024 o‘yinlari obektlari bilan tanishdi va Frantsiyaning nufuzli sport tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdi
Xabaringiz bor, Parij 2024 yil XXXIII yozgi Olimpiya va XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Ayni damda Frantsiya poytaxtida sayyoramizning eng nufuzli sport anjumaniga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti - O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev hamda qo‘mita Bosh kotibi Farrux Axmedov Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi taklifiga asosan barpo etilayotgan Paralimpiya shaharchasi va sport ob’ektlarini o‘rganib chiqdi hamda uning taqdimotida ishtirok etdi.
Tashrif doirasida shuningdek, Parij-2024 tashkiliy qo‘mitasi rahbariyati hamda Frantsiyaning bir qator nufuzli sport tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Tashrifning ikkinchi kunida Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev hamda mamlakatimizning Frantsiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboev Frantsiya Sport, ekspertiza va qobiliyatlarni aniqlash milliy instituti (INSEP) bosh direktori Fabien Kanu hamda Frantsiya Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Marie-Ameli Le Fur bilan uchrashdi.
Samimiy ruhda kechgan muzokaralar davomida Fabien Kanu O‘zbekistonda sportni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zbek sportchilarining nufuzli halqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtiroki, davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan tizimli ishlarning natijasi ekanini alohida ta’kidladi. Marie-Ameli Le Fur esa o‘zbekistonlik hamkasblari bilan o‘zaro tajriba almashishga va hamkorlikda sport tayyorgarlik dasturlarini tashkil etishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, tomonlar Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, Muxtorxon Tashxodjaev yuqori darajali sportchilarni tayyorlaydigan institutning (INSEP) sport infratuzilmasi bilan ham yaqindan tanishdi. Frantsuz tomoni esa o‘zbekistonlik Paralimpiya sportchilarini Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlariga yanada puxta tayyorgarlik ko‘rishda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazish uchun ushbu sport bazalarini taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida, tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olishdi.
Fikrlar