
Para dzyudo. Terma jamoamiz Xeydelberg Gran-prisida kuchli to‘rtlikdan joy oldi!
Germaniyaning Xeydelberg shahri mezbonlik qilgan para dzyudo bo‘yicha IBSA xalqaro Gran-pri turniri o‘z nihoyasiga etdi.
Musobaqaning dastlabki kunida erkaklar o‘rtasida J2 klassida -73 kg vazn toifasida Feruz Sayidov kumush, J2 klassida -60 kg Sherzod Namozov, J2 klassida -73 kg vazn toifasida Uchqun Quranboev hamda ayollar o‘rtasida J2 klassida -57 kg vazn toifasida Kumush Xo‘jaeva bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Gran-prining ikkinchi kuni ham vakillarimiz uchun omadli kechdi. Jumladan, bundan avvalroq ayollar o‘rtasida J1 klassida -57 kg vazn toifasida hamyurtimiz Uljon Amrieva oltin medalga sazovor bo‘gani haqida ma’lum qilgan edik. Shundan so‘ng erkaklar o‘rtasida J2 klassida -90 kg vazn toifasida yana bir hamyurtimiz Dovurxon Karomatov ham barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, ayollar o‘rtasida J2 klassida +70 kg vazn toifasida bahs olib borgan sportchimiz Mohinur Parmonova bronza medalini delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Xeydelberg Gran-prisini 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza, jami 7 ta medal bilan yakunladi. E’tiborlisi, terma jamoamiz dunyoning 50 ga yaqin mamlakatidan 200 dan ortiq eng sara para dzyudochilar ishtirok etgan ushbu musobaqada umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi!
Fikrlar