O‘zPFL "Navbahor" klubidagi vaziyatni o‘rganishni so‘rab Assotsiatsiyaga murojaat yo‘lladi

  • 26 sentabr, 14:56
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga 22-turidan o‘rin olgan "Buxoro" klubiga qarshi o‘yinda "Navbahor" 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. 20 sentyabr sanasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida "Navbahor" bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi. 

Tecno

Rossiyalik mutaxassisning matbuot anjumanida bildirgan fikrlari Liga e’tiborini tortdi. Unda Lushchan ayrim futbolchilar raqib jamoa foydasi uchun harakat qilganligini va bu kabi holatlar tegishli organlar tomonidan o‘rganib chiqilishi lozimligini qayd etgan. Bunga qadar ham murabbiy matbuot anjumanlarida bir qator keskin fikrlar bildirgan bo‘lib, ularda nomma-nom sanamagan bo‘lsa-da, o‘zining ayrim shogirdlariga nisbatan konkret ayblovlari borligini bildirgandi. 

"Navbahor" klubidagi muhit Liga nazdida sog‘lom emasdek taassurot uyg‘otadi. Garchi, klub mavsumning birinchi davrasini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan bo‘lsa-da, moliyaviy tomondan qiyinchiliklar mavjud ekanligi ko‘rinib turdi. Xususan, na klub va na viloyat hokimligi tomonidan Assotsiatsiya hamda Ligaga taqdim etilgan kafolatlarga amal qilindi. Ayni vaqtda ham klub eski qarzdorlikni bartaraf eta olmagan. Shunga qaramay, klub mavsum boshida xorijiy yig‘inda ishtirok etdi va ayrim tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shishda davom etdi. Lushchan tomonidan bildirilayotgan fikrlarning haqiqatga qanchalik yaqin ekani, klubdagi vaziyatga moliyaviy holat qanchalik ta’sir qilayotgani, futbolchilar oldida ehtimoliy qarzdorlikning mavjud ekanligi ularning sport formasi hamda kayfiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani va oxir-oqibat bu holatlar klub natijalarida qanday rol o‘ynayotganligi Liga uchun muhim hisoblanadi.  

Boisi, Sergey Lushchan tomonidan yuqorida bildirilgan fikrlar ichki chempionatning sport yaxlitligi, undagi sog‘lom raqobat va haqqoniy o‘yinlar masalasiga nisbatan qator savollarni keltirib chiqaradi. Agar murabbiyning fikrlari va yoki unda mavjud shubhalarda asos mavjud bo‘lsa, endilikda bu faqatgina klubning ichki ishi bo‘lmaydi va u tabiiyki, Superligadagi sog‘lom raqobat masalasiga putur etkazadi. Aksincha holat bo‘lib, murabbiy o‘z bayonotlari uchun asos topib bera olmasa, demak u o‘z so‘zlariga qo‘shimcha izoh berishi shart.  

Shularni inobatga olgan holda, "Navbahor" klubidagi vaziyatni o‘rganish uchun Liga Assotsiatsiyaning Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha maxsus inspektsiyasiga murojaat qilishni lozim deb topdi. So‘nggi bor maxsus inspektsiya shu yilning iyun oyida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonidagi qalbaki hujjatlar masalasini o‘rganib, masalaga to‘la oydinlik kiritib bergandi. Umid qilamizki, yuqoridagi masala ham atroflicha o‘rganib chiqiladi va uning xulosasi Liga a’zosi bo‘lgan har qanday klub va uning rasmiylariga ogohlik bo‘lib xizmat qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!