
O‘zbekistonlik mutaxassis Vetnam boks terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi!
Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilovning murabbiyi "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi" Bahodir Erkaev endilikda xorijda o‘z faoliyatini olib boradi.
Mutaxassisning Sports.uz saytiga ma’lum qilishicha, tajribali murabbiyimiz Vetnam terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishga kirishdi. Albatta, ushbu mamlakatda yana bir yosh iste’dodli murabbiy Bobur Najmiddinov ham professional boks yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Shuningdek, bir qator professional bokschilarimiz ba’zasi Xoshimin shahrida bo‘lgan, "Cocky Buffalo" promouterlik kompaniyasi bilan shartnomaga ega va Vetnamda janglarga tayyorgarlik olib boradi.
Albatta, ularning ushbu yurtdagi ijobiy faoliyati hamda o‘zbek boksining jahondagi tutgan o‘rni vetnamliklarning o‘zbek mutaxassisi bilan hamkorlik qilishiga turtki bo‘ldi. Shu tariqa Erkaev Vetnam boks terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. U endilikda mahalliy mutaxassis bilan birgalikda ushbu yurt bokschilarini muhim turnirlarga tayyorlab boradi. Bu borada hamyurtimizga omad tilab qolamiz!
Fikrlar