
O‘zbekistonlik erkin kurashchining MMA olamidagi ajoyib natijalari haqida eshitganmisiz?
Bekzod Abdurahmonov yuqori sport natijalarini qayd etib kelayotgan sportchilarimizdan. U erkin kurash bo‘yicha ikki karra Osiyo va Osiyo o‘yinlari chempioni, ikki bor jahon chempionati sovrindori, yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, "Islom birdamlik o‘yinlari" bronza medali sohibi bo‘lgan. Bekzod erkin kurashdan tashqari, MMA janglarida ham muvaffaqiyatlarga erishgan. U bilan qisqa suhbatimiz aynan MMAdagi faoliyatiga doir bo‘ldi.
- Bekzod MMA janglarida ishtirok etganingiz haqida eshitgandik...?
-To‘g‘ri, bu borada avval, faoliyat olib borganman.
- Bunga nima sabab bo‘lgan edi? Sizni erkin kurashchi sifatida bilamiz va bu borada o‘z vazn toifangizni etakchisi sanalasiz?
- MMAga juda qiziqaman. Amerikadagi murabbiyim mazkur yo‘nalishdagi sport zaliga olib borgandi. O‘shanda yanada qiziqishim ortgan. Qolaversa, bu yo‘nalishda janglar o‘tkazishimning asl sababi, erkin kurashda o‘sha vaqtlar 70 kg vazn toifasi yo‘q edi. Mening vaznim esa, 70-72 kg edi. 65 kg hamda 74 kiloga to‘g‘ri kelmasdim. Shuning uchun, MMA janglarining engil vazn toifasida ishtirok etib yurdim. Keyinchalik 70 kg ham erkin kurashdan o‘rin olganidan so‘ng, aralash jang san’atidagi faoliyatimni to‘xtatib, asosiy e’tiborimni Olimpiada dasturidan o‘rin olgan sport turiga qaratgandim.
- Har ikkisini bir vaqtda olib borishni imkoni bormi? Hech qanday taqiqlar yo‘qmi?
- Albatta, salohiyatingiz etsa, har ikkisida ham faoliyat olib borsangiz bo‘ladi. Taqiqlovchi qonun-qoidalarni eshitmaganman. Aslida, mening ham maqsadim shunday edi. Olimpiadadan keyin bu borada o‘ylab ko‘raman.
- MMA faqat kurashdan iborat emas. Agar kelajakdagi maqsadingizni inobatga olsak, hozirda ham ushbu yo‘nalishda kerak bo‘ladigan jang san’atlari bilan shug‘ullanib turibsizmi?
- Ha, ba’zan bu boradagi jimoniy holatimni ushlab turish uchun mashg‘ulotlar olib boraman.
- Umuman olganda, MMAda nechta jang o‘tkazgansiz?
- Havaskorda 5 ta, professional yo‘nalishda 6 ta.
- Natijalar qanday?
- 11-0, barchasida g‘alaba qozonganman.
- Janglaringizni qaysi promoushenlarda o‘tkazgansiz?
- CES hamda CFFC da...
- Javoblar uchun minnatdorchilik bildiramiz. O‘z o‘rnida kelgusi faoliyatingizda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
- Katta rahmat!
Fikrlar