
O‘zbekistondan nokaut, Kuba to‘xtamayapti, Qozog‘istonda sensatsiya, Rossiya esa shokda!
Toshkentda dunyoning yuzdan ziyod mamlakatidan 600 dan ortiq bokschi ishtirokida boshlangan jahon chempionatida sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan kuchli charm qo‘lqop ustalar tobora saralanib bormoqda.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarni O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Kuba terma jamoalarining natijalari qiziqtirayotganini inobatga olib, sports.uz sayti jahon chempionatining ettinchi kunida ushbu mamlakatlar bokschilari qayd etgan natijalar bilan tanishtirib o‘tamiz.
Qozog‘iston terma jamoasi ettinchi kungi bahslarda kutilmagan yo‘qotishga duch keldi. Qo‘shni mamlakat terma jamoasining asosiy yulduzi – 51 kilogramm vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Saken Bibosinov musobaqadan chiqib ketdi. Keskin va murosasiz bahsda hindistonlik Dipak Kumar qozoq bokschisidan ustunlik qildi. Natijadan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklarning apellyatsiyasi qabul qilinmadi.
Qolgan uch bokschi muxlislarni xursand qildi. Serik Temirjanov vengriyalik Roland Vereshni qiyinchiliksiz engdi. Nurkanat Rayis dominikanlik Virgilio de los Santos Delgadoga qarshi bahsda nokdaunga tushib qolib, ishqibozlarni bir qo‘rqitdi. Biroq, jangning qolgan qismida ochkolar hisobida g‘alaba qozonishni uddaladi.
O‘ta og‘ir vazn toifasidagi janglarda Qamshibek Kunkabaev suriyalik raqibi Muhammad Mlayesani mag‘lubiyatga uchratdi.
Rossiya terma jamoasi ham bir qator yo‘qotishlarga uchradi. Eduard Savvin jahon chempionatini chiroyli nokaut bilan boshlagan bo‘lsa-da, keyingi jangda kutilmaganda hindistonlik Muhammad Hisomiddinga yutqazib qo‘ydi. Vasilik Egorov yaponiyalik Tomoe Tsuboiga qarshi bahsda raqibiga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmadi.
Rus bokschilaridan faqatgina Pavel Sosulin hindistonlik Sumitni ochkolar hisobida engib, musobaqadagi yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
Kuba terma jamoasi vakillaridan to‘rt nafari ringga chiqib, ularning barchasi g‘alabaga erishdi. Erislan Romero Bahrayn terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan asli qozoq bokschi Azat Maxmetovni mag‘lub etdi. Saydel Orta dominikanlik Xose de Los Santosni musobaqadan chiqarib yubordi.
Yoenlik Ernandes iordaniyadan kelgan Ahmad Al-Mxaratga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. O‘ta og‘ir vaznli bokschilar jangida Adexandro Arsola hindistonlik Narender ustidan muvaffaqiyat qozondi.
O‘zbekiston terma jamoasidan to‘rtta bokschi ringga chiqib, muxlislarni jumbushga keltirdi. Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov marokashlik Sadi Mortajini qiyinchiliksiz engdi.
Abdumalik Xalakov yangi vaznga moslashib olganini ko‘rsatdi. Yosh bokschi avstraliyalik Senor Charlidan ustun keldi.
A’loxon Abdullaev kuchli raqib – xitoylik Menyan Chjoa to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib, muxlisu mutaxassislar ishonchini oqladi.
Nihoyat, Bahodir Jalolov jahon chempionliga sari yana bir dadil qadamni tashladi. Jahon va Olimpiada chempioni bo‘lgan bokschimiz avstraliyalik Teremoan Juniorga qarshi jangda raqibini texnik nokautga uchratib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Boks: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Kuba plyus, Rossiya minus!
Yana Bahodir Jalolov haqida...
Bahodir Jalolov jahon chempionligi yo‘lida asosiy raqiblarini aytdi!
Fikrlar